Islom huquqida jinoyat va jazo
Reja:
1. Islom huquqi manbalarining jinoyat va jazo bilan bog`liq bo`lgan asosiy qoidalari.
2. Qur`onnning jinoyat va jazo to`g`risidagi qoidalari.
3. Sunnaning musulmon jinoyat huquqi manbai sifatidagi o`rni.
4. Jazo tushunchasi va uning turlari.
Turli mazhablar uchun umumiy bo`lgan ta`limotlarga ko`ra, jiddiy hisoblangan har qanday gunoh – jinoyat islom taqiqlarini buzganlik uchun jazoga loyiq xatti – harakatlar sifatida qaralishi kerak bo`lgan. Bu taqiqlar islom asoslarini, xususan uning huquqiy tamoyillari va me`yorlarini, besh asosiy qadriyat - din, hayot, aql, naslni davom ettirish va mulkni himoya qilishga qaratilgan.
Burxonuddin Marg`inoniyning «Hidoya» asarida jinoyat deb, qonun tilida – shaxsga va mulkka qarshi qaratilgan qonun bilan taqiqlangan qilmish tushuniladi, deb ko`rsatilgan.
«Muxtasar» nomli asarda «jinoyat» so`zi lug`atda jinoyat va gunoh ma`nosini, shariat istilohida odamning joniga jazolariga zarar keltirish ma`nosini bildiradi.
Islom jinoyat huquqida keng tarqalgan tasnifga ko`ra barcha huquqbuzarliklar uch guruhga bo`linadi:
1) «Alloh huquqi»ga (ya`ni butun musulmon jamoasi manfaatlariga) tajovuz qiladigan va aniq belgilangan sanksiya - «hadd» bilan jazolanadigan jinoyatlar;
2) qayd etilgan jazoga («qisas, «qavad» yoki «diya») tortishga sabab bo`ladigan, lekin ayrim shaxslarning huquqlarini buzadigan jinoyatlar;
3) aniq jazo chorasi belgilab qo`yilmagan, «Alloh huquqlari»ga ham (diniy majburiyatlarni har qanday tarzda buzish), shaxsiy manfaatlarga ham daxl etishi mumkin bo`lgan boshqa hamma huquqbuzarliklar («a-hloq tuzatish jazolari»-«ta`zir»ga tortiladigan yengil huquqbuzarliklar).
Hadd (arab., ko`plikda - «hudud», ya`ni «chegara») bilan jazolanadigan jinoyatlar - bu Qur`onda tegishli jazo nazarda tutilgan qilmishlardir. «Hudud» yoki «chegara» atamasi musulmonlarning Muqaddas kitobidan olingan: «Bu Allohning qonun-chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilib o`tmangiz! Kim Alloh chegaralaridan tajovuz qilib o`tsa, ana o`shalar zolimlardir».
Islom huquqshunoslari tafsiriga ko`ra, bunday qilmishlar Allohga qarshi jinoyat bo`lib, ular uchun jazo berish «Allohning haqqi» hisoblanadi.
Ushbu toifaga kiritilgan jinoyatlar orasida qo`yidagilar bor:
- zino;
- tuhmat (kazf);
- mayxo`rlik (xamr);
- o`g`rilik (sirkat);
- dindan qaytish (ridda);
- isyon (mufsid).
Fiqhda ayrim shaxs emas, balki oila jinoyat huquqining subyekti hisoblanadi. Odam o`ldirishga jamiyatga qarshi emas, balki o`ldirilgan shaxsning oilasiga qarshi sodir etilgan jinoyat sifatida qaraladi.
Shu bilan bir qatorda, o`rganilgan nazariy manbalarda odam o`ldirish jinoyatining beshta turi: 1) qasddan o`ldirish; 2) qasdga o`xshash o`ldirish; 3) beqasd o`ldirish; 4) xato-yanglish o`ldirish; 5) biron sabab bilan o`ldirish turlari va tushunchalari ham aniq ko`rsatilgan.
Qiyos yangi paydo bo`lgan masalaning sababini Qur`oni Karimda, Sunnada va Ijmo`da o`z yechimini topgan masalalarining sabablariga solishtirish yo`li bilan unga hukm chiqarishga imkon beradi.
Islom huquqida jinoyat va jazo bo`yicha qabul qilingan qoidalar qo`yidagilardir:
1. Jazo qonunlarini o`tmishga qaratish (“atf” va “mosaboq”)
2. “Qasos” yoki qilingan ishga o`xshatib “muqobala” qilish qoidasi.
3. Islom huquqi jazo tizimida rioya qilinadigan qoidalardan biri “mas`uliyatning shaxsiy erkinligi” hisoblanadi.
Islom qonuni orqali ikki xil jazo mavjud:
1. Eng muhim va xatarli jinoyatlar uchun islom shariatida nazarda tutilgan jazolar. Bunday jazolar “hudud” deb ataladi.
2. Yengil va ahamiyati uncha katta bo`lmagan jinoyatlar uchun muayyan jazolar belgilanmagan. Ular uchun jazo tayinlash vakolati qozi zimmasiga yuklatilgan. Bunday jazolar islom huquqida “ta`zerat”(tazirlar) deyiladi. Ta`zir - jamoat tartibini buzganlik (hokimiyat vakillariga bo`ysunmaslik, bezorilik, kissavurlik, mayda firibgarlik va sh.k.) uchun tayinlanadigan jazo. U yo sud hukmiga binoan, yo hukmdor yoki mirshablar boshlig`i (muhtasib) qaroriga ko`ra tayinlanadi. Ta`zir - qamchi yoki kaltak bilan 5 tadan 39 tagacha darra urish yoki olti oygacha ozodlikdan mahrum qilish yoki jarima solish. Ta`zirda darra urish hadd jazosidagi kabi amalga oshiriladi. Qilmishning og`irligi va aybdorning shaxsiga qarab, ta`zir chorasi sifatida jamoatchilik izzasi, qozi yoki hukmdorning ogohlantirishi, tartibga chaqiruvchi suhbat va boshqa ta`sir choralari qo`llanilishi mumkin. Ta`zir muqarrar tarzda aybdorning tavba qilishi, uzr so`rashini nazarda tutadi, og`irroq hollarda esa, u qilgan gunohi uchun evaz to`lashi (kafforat) lozim.
Jinoiy qilmishlar ham, boshqa taqiqlangan, qoralanadigan va nomaqbul amallar ham islom huquqida «Alloh chegaralari»ni buzish deb baholanadi.
«Ey, Payg`ambar, qachonki, sizlar (mo`minlar) xotinlaringizni taloq qilsangizlar, ularning iddalarida (poklik paytlarida) taloq qilinglar va iddani sananglar! Rabbingiz - Allohdan qo`rqinglar! (Idda tugaguncha) ularni (yashab turgan) uylaridan (haydab) chiqarmangizlar va ular ham o`zlaricha chiqib ketmasinlar. Faqat ular ochiq fahsh (buzuqlik yoki idda o`tmay chiqib ketish kabi) ishni qilsalargina (uylaridan chiqarilurlar). Bu Allohning chegaralaridir. Kimki, Alloh chegaralaridan tajovuz qilib o`tsa, demak, u o`ziga zulm qilibdi. Siz bilmassiz, ehtimol, Alloh bu (taloq)dan keyin biror ishni paydo qilar».
(Qur`oni Karim, «Taloq» surasi, 1-oyat).
Musulmonlarning muqaddas kitobida Allohning buzib bo`lmaydigan qonun-chegaralari mavjudligi ta`kidlangan. Bu qonun-chegaralar deganda ijtimoiy-huquqiy va oila-ro`zg`or munosabatlarini buzishning turli-tuman shakllari taqiqlanishi nazarda tutiladi.
Islom jinoyat huquqi tadqiqotchilari yakdillik bilan o`g`rilikni Qur`onda og`ir jazo belgilangan jinoyatlar qatoriga kiritadilar:
«38. O`g`ri erkakni va o`g`ri ayolning - qilmishlariga yarasha jazo va Allohdan azob sifatida - qo`llarini kesinglar! Alloh qudrat va hikmat egasidir.
39. Kimki (bu) zulmidan keyin tavba qilsa va (o`zini) tuzatsa, albatta, Alloh uning tavbasini qabul etadi. Albatta, Alloh mag`firatli va marhamatlidir».
(Qur`oni karim, «Moida» surasi).
Islom huquqida belgilangan jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar uchun jazolarni to`rt asosiy guruhga ajratish mumkin:
1) o`xshash amal bilan o`ch (qasos) olish: odam o`ldirganlik uchun o`ldirish, haqorat qilganlik uchun - haqorat qilish, badanga shikast yetkazganlik uchun - badanga shikast yetkazish;
2) to`kilgan qon evaziga haq yoki jarima (diya) to`lash, u odam o`ldirish uchun ham, badanga shikast yetkazish uchun ham belgilanishi mumkin;
3) qiyos asosida qonunga binoan belgilanadigan jazo;
4) shariat sudyasi (qozi) ishni ko`rib chiqib tayinlaydigan jazo.
Diya - xun haqi, odam o`ldirganlik, badanga shikast yetkazganlik yoki jarohatlaganlik uchun to`lanadigan tovon puli. Diya masalalari fiqhning barcha bo`limlarida ko`rib chiqiladi, lekin asosan uqubot bo`limida sharhlanadi.
Islom huquqshunosligi qoidalaridan biri ikki norma to`qnashgan holda, qo`llanilishi kamroq kuch-g`ayrat talab qiladigan norma ustun qo`yilishini nazarda tutishi bejiz emas. Insonga tanlash erkinligini beruvchi mazkur yondashuv, agar Qur`on va Sunnada boshqa qoida nazarda tutilgan bo`lmasa, amallar, so`zlar va narsalarni baholash mezoni ijozat hisoblanadi, degan mashhur islom huquqiy aksiomasi bilan ham mustahkamlangan.
Shuni ta`kidlash zarurki, ayrim diniy majburiyatlarni bajarmaganlik va axloq qoidalariga rioya qilmaganlik uchun uqubot (jinoyat huquqi)da sof yuridik jazolar nazarda tutilgan. Boshqacha qilib aytganda, o`z mazmuniga ko`ra diniy urf yoki axloqiy qoida xususiyatiga ega bo`lgan, yuridik sanksiya bilan quvvatlangan va davlat tomonidan himoya qilinadigan normalar ba`zan huquqiy normalar sifatida amal qiladi. Masalan, islom huquqiga ko`ra, mazmunan axloqiy normalarni buzish bilan bog`liq har qanday «gunoh» islom sudi tomonidan jazolanishi mumkin.
Mavzuga doir huquqiy adabiyotlar va normativ - huquqiy hujjatlar:
Do'stlaringiz bilan baham: |