TELEFONOGRAMMA.
Shoshilinch, zarur va, ayni paytda, rasmiy xabarni yetkazishning yana bir qulay usuli telefonogrammadir.
Xat matni tayyorlangach, odatda u mas’ul shaxs tomonidan imzolanadi va Shundan keyin rasmiy kuchga kiradi. Telefonogrammalar ko’pincha idoralar kotibalari tomonidan telefon orqali jo‘natiladi va qabul qilinadi.
Telefonogrammada u jo‘natilayotgan adres – tashkilot yoki muassasaning nomi va rahbari, qabul qilingan vaqti va raqami, asosiy matn va imzo chekkan jo‘natuvchining ismi va familiyasi aks etgan bo‘ladi. Masalan: Samarqand viloyat hokimligi. Yetkazuvchi – Sh.Hamidova. Telefon –35-60-50. Oliy o‘quv yurtlari rektorlariga. Qabo’l qiluvchi – D.Otaxo‘jayeva.
TILXAT.
Bir kishining boshqa bir kishidan yoki ishxonadan pul-buyum va biron rasmiy qog‘ozni olganlikni tasdiqlaydigan hujjat. Uning yozilishi quyidagicha: Tilxat degan so‘z, tilxatni beruvchining lavozimi, ismi-familiyasi, pul-buyum yoki boshqa biron narsaning aniq nomi va qanchaligi, agar u texnik vosita bo‘lsa, uning holati kabilar ko‘rsatilib, olganligi e’tirof etilgan matn, so‘ngida esa sana va imzo qo‘yiladi.
Tilxatga tuzatishlar kiritilmaydi. Agar guvohlar bo‘lsa, ular ham ko‘rsatiladi. Tilxat davlat notariusi, fuqarolar yig‘inlari tomonidan tasdiqlanishi ham mumkin.
TUSHUNTIRISH XATI.
Tushuntirish xati talaba yoki xodim, ishchi yoki xizmatchi tomonidan ta’lim-tarbiya yoki ishlab chiqarish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, tartib-qoidaga rioya qilinmaganlik sabablari ko‘rsatilib yozilgan xatdir.
Rahbar o‘z nomiga yozilgan tushuntirish xati asosida xodimga nisbatan qanday chora ko‘rish-ko‘rmaslik haqida ma’lum xulosaga keladi. Uning zaruriy belgilari quyidagicha: tushuntirish xati kimga va kimdan yo‘llanmoqda, tushuntirish xati yozuvi, asosiy matn, imzo, sana.
SHARTNOMA.
Shartnoma bir kishi bilan ikkinchi kishi, bir tashkilot bilan ikkinchi tashkilot yoki odamlar bilan tashkilotlar o‘rtasidagi muayyan bir vazifani amalga oshirish maqsadida tuzilgan huquqiy hujjat. Ular mehnat bitimi deb ham ataladi.
Tomonlar o‘rtasida bajariladigan vazifalarning xilma-xilligidan kelib chiqib, shartnomalarning turi ham ko‘p bo‘ladi. Masalan, yetkazib berish, ijara, moddiy javobgarlik, hadya etish hamda mehnat bitimi shartnomaning ana shu turlari sanaladi. Ammo ularning birortasi ham amaldagi qonunlar, hukumat qarorlariga zid bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ham shartnomalar imzolanishidan avval uning mazmunidan kelib chiqib, tegishli mutaxassislar va huquqshunosning roziligi olinadi.
Shartnoma degan yozuv, uning tuzilgan sanasi va joyi, tuzayotgan tomonlarning aniq nomi va ularning vakolatlari asosiy matn, tomonlarning huquqiy adreslari, imzolari va muharrirlaridan iborat tarkibiy qismlardan tashkil topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |