Tadrijiy hujum yoki javob hujumini uyushtirishda biron o‘yinchi juda ko‘p uzatishlar yordamida darvozani zabt etish uchun qulay pozitsiyaga chiqariladi. Bu tadrijiy hujumning tezkor hujumdan asosiy farqidir. Bu tur hujumdagi komanda harakatlarini bajarishda kombinatsiyalar qisqa va o‘rtacha uzatishlar yordamida amalga oshirilgani uchun, to‘pni uzoq vaqt nazorat qilib turish imkoniyati tug‘iladi.
To‘p uzoq vaqt boshqarib turilganiga qaramay, tadrijiy hujumning samaradorligi aytarlik ko‘p bo‘lmaydi. Hujum rivojlanishiga ko‘p vaqt sarflanishi mudofaadagilarga kuchlarni bemalol qayta guruhlab olishga va darvoza zabt etilishi uchun eng xavfli zonalarni to‘sib olishga imkon yaratib beradi.
Himoya taktikasi to‘pni boshqarmayotgan komandaning harakatlarini raqiblar hujumini bir yoqlik qiladigan – neytrallaydigan qilib uyushtirishni nazarda tutadi.
Himoyada o‘ynashning umumkomanda uslubi shaxsiy, zona va aralash bo‘lishi mumkin. Biroq qisman bo‘lsa ham boshqa uslub elementlaridan foydalanmasdan birgina uslubda o‘ynayverish xato. Chunki bu hol himoya taktikasini oddiylashtirib qo‘yadi.
Himoyadagi o‘yin ham hujumdagi singari individual, guruh va komanda harakatlaridan iborat.
Individual taktika
Mudofaadagi muvaffaqiyat bir guruh o‘yinchilarning to‘g‘ri straxovka qilishlariga, o‘zaro almashuvchanligi va ularning bir-biriga mos harakatlarigagina emas, balki himoyachilarning to‘pi bor va to‘p yo‘q o‘yinchiga qarshi individual harakat qilish mahoratiga, ya’ni himoyachining muayyan vaziyatda o‘z «homiy» ligidagi o‘yinchiga nisbatan qanchalik to‘g‘ri joy tanlashiga ham bog‘liq. Oqilona pozitsiya tanlash mudofaada muvaffaqiyatli harakat qilishning asosi hisoblanadi.
Guruh taktikasi
Butun futbol o‘yini boshdan-oyoq kombinatsiyalar asosiga qurilgan bo‘lib, o‘yinning mazmuni ham aslida Shu kombinatsiyalardan iborat. O‘yin vaqtida qayta takrorlanmaydigan holatlar ko‘p uchraydi. Har bir Shunday holatning o‘z asosi bor. Bunday asoslarni har qanday o‘yinchi, eng avvalo, himoyachilar bilishi va tushunishi lozim. Shunda taktik planda hujumchilarga qarshi harakat qilish va zarur usullarni qo‘llash oson bo‘ladi.