Video o’yinlar orqali ta’lim olish usuli
Uzoq davrlar mobaynida ta’lim jarayoniga video o’yinlarni jalb qilish masalasiga unchalik katta e’tibor berilmagan edi. Ko’pchilik pedagoglar video o’yinlarni bekorchi vaqt o’tkazish deb hisoblaganlar, boshqalari esa uni yosh avlodning “ma’naviy buzilish” yoki ularni to’g’ri yo’ldan ozdirish vositasi sifatida tushunadilar. Xozirgi davrda esa bunday ehtirosli yondoshuvlarni uzoqni ko’ra bilmaslik bo’lganligini qayd etish mumkin. Turli darajadagi va sohalardagi ta’limga oid mutaxassis-ekspertlarning holisona fikrlariga ko’ra, video o’yinlari, boshqa turdagi media vositalarga qaraganda real dunyodagi bilimlarni va tajrivalarni virtual dunyoga kirgan holda yaxshiroq o’zlashtirish imkonini yaratar ekanlar. Avstraliyadagi Foresigh Institute ning ilmiy izlanishlariga ko’ra, video o’yinlarining Civilisation III deb nomlangan strategiyasi modeli tarixiy jarayonlarning rivojlanish mantiqi haqida juda yaxshi taa’surot hosil qiladi va buning natijasida nega ba’zi bir tsivilizatsiyalar yer yuzidan izsiz yo’qolib ketishi va ba’zilarining esa tez sur’atlar bilan rivojlanib ketishi sabablarini tushuntirib beradi. Shunday qilib, agarda o’quvchi oddiy tarix kitoblaridan o’tmishning muhim voqea-hodisalari haqida qandaydir ma’lumotlar olsa, katta miqyosdagi va yaxshi o’ylab tashkil qilingan o’yin stimulyatorlari undan ko’ra ko’proq va muhimroq ma’lumotlarni bilish hamda o’zlashtirish imkoniyatini yaratadi. Ya’ni, insoniyat jamiyatining rivojlanishi aniq qonuniyatlarga bo’ysunishini va xuddi shu tufayli qandaydir yo’nalishlarda rivojlanishini anglashga imkon beradi. Masalan, Serious Games deb nomlangan jiddiy komp’yuter o’yinlari tarafdorlari bunday o’yinlarning tashqi ko’rinishiga kamroq ahamiyat berib, uning o’yin mexanikasiga asos solingan abstract printsiplarga ko’proq e’tibor berish
kerakligini uqtiradilar. Nimalargadir o’rgatuvchi va nimalardir bo’yicha malaka oshirishga imkon beruvchi komp’yuter o’yinlarining ko’zga yaqqol tashlanib turgan afzalliklariga qaramasdan, zamonaviy ta’lim tizimida video o’yinlar vositasida o’qitish usulidan juda kam miqyosda foydalaniladi. Buning sababi nafaqat jamiyatning komp’yuter o’yinlariga nisbatan salbiy munosabati, ko’pchilik katta mavqega ega va keksa yoshdagi pedagog-olimlarning kom’yuter o’yinlari kontseptsiyasini juda yuzaki tushunishi (yoki komp’yuter savodxonligi past darajada ekanligi tufayli umuman tushunmasligi), balki murakkab, mantiqli, chiroyli, qiziqarli va aynan kerakli bo’lgan komp’yuter o’yinlarini yaratish uchun juda katta mablag’lar kerakli bo’laganligidir. Bu to’siqni muvaffaqiyatli yengib o’tish uchun ishonch, bilim, intilish, moliyaviy va tashkiliy baza hamda siyosiy chora-tadbirlar kerak boladi. Misol sifatida, zamonaviy komp’yuter o’yinlarining asosiy nazariyotchilaridan biri bo’lgan Yan Bogost tomonidan ishlab chiqilgan tijoriy yo’nalishdagi Persuasive Games video o’yinini keltirishimiz mumkin. Bunday komp’yuter o’yinlari biznes, ommaviy axborot vositalari va nodavlat tashkilotlari buyurtmalari bo’yicha yaratilgan. Yan Bogost ning o’zi mahsus o’yinlar va hayotga mos bolgan o’yin qoidalari yordamida real dunyoning qonun-qoidalari, muammolarini o’rganish mumkinligiga va ularning mumkin bo’lgan yechimlari tushuntirila olinishiga astoydil ishonadi. U bunga misol sifatida aeroportlarda bagajlarni ko’rib chiqish qoidalarining tez-tez o’zgarib turishi anchagina salbiy holatlarga olib kelishi mumkinligini bojxona stimulyatori deb nomlangan vide o’yin yordamida tahlil qilib, tushuntirib berishga muvaffaq bo’lgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda va bizning fikri-ojizimizcha, mamlakatimizdagi ta’lim jarayoniga innovatsion usullarni tezkorlik bilan va keng miqyosda tadbiq qilishni amalga oshirish uchun zudlik bilan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim:
Ta’lim vazirliklari qoshida interaktiv electron kitoblar, electron o’quv qo’llanmalari va alohida fanlar bo’yicha masofaviy ta’lim kurslari tayyorlash bo’yicha respublika ishchi kengashini (tashkilotini yoki kompaniyasini) tashkil qilish va uning zimmasiga respublika miqyosida zamonaviy hamda sifatli interaktiv electron kitoblar, electron o’quv qo’llanmalari masofaviy ta’lim kurslari tayyorlash vazifasini yuklash;
Bu ishga majburiy tarzda mamlakatda information texnologiyalarning tadbiqi bilan shug’ullanadigan barcha tashkilotlarni, ta’lim muassasalari, kompaniyalarni va yetakchi universitetlarni jalb qilish;
Vazirlar mahkamasi va Prezident devoni qoshida eng malakali mutahassislarni jalb qilgan holda bu ishlarni koordinatsiya qiluvchi ishchi guruhlar tuzish;
Barcha ta’lim muassasalari uchun interaktiv elektron kitoblar va o’quv qo’llanmalar ishlab chiqish yoki ulardan foydalanish kerakligini ustuvor vazifa sifatida ko’rsatish hamda bu ishlarni bajarish bo’yicha reyting ko’rsatgichlarini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish;
Chet ellarda ishlab chiqilgan va aprobatsiyadan o’tgan biz uchin muhim bo’lgan interaktiv electron kitoblar, qo’llanmalar, ta’lim sohasiga oid komp’yuter o’yinlari, masofaviy ta’lim tizimlari,
dasturlar va saytlari o’zbek tiliga o’girib, ularni mahsus respublika fondiga jamlab, internetdagi ta’lim portaliga joylashtirish hamda barcha ta’lim muassasalariga foydalanish uchun tarqatish;
Har yili eng yaxshi interaktiv kitoblar, o’quv qo’llanmalar, ishga tushirilgan masofaviy ta’lim platformalari hamda ta’lim bilan bog’liq komp’yuter o’yinlari tanlovini o’tkazish va g’oliblarni munosib taqdirlash va erishilgan natijalarni respublika fondiga jamlab, internetdagi ta’lim portaliga joylashtirish hamda ularni barcha ta’lim muassasalariga foydalanish uchun tarqatish;
Har yili bir marta respublikada yaratilgan interaktiv kitoblar, o’quv qo’llanmalar, masofaviy ta’lim platformalari hamda ta’lim bilan bog’liq komp’yuter o’yinlari bo’yicha anjuman va seminarlarni respublika va viloyatlar miqyosida tashkil qilish;
O’zbekistondagi turli sohalarda o’rta va oliy ta’lim olishni istagan fuqarolarning ishlab chiqarish va boshqa kundalik yumushlardan ajralmagan holda to’laqonli ta’lim olishiga imkon beradigan masofaviy ta’lim (distance education) tizimini rivojlangan chet ellarning “distance education” platformalari andozalari asosida tashkil qilish va uni zudlik bilan ishga tushirish. Bu – birinchidan barcha ta’lim olishni istovchilar uchun teng imkoniyatlar yaratsa, ikkinchidan, ta’lim tizimi uchun sarflanayotgan mablag’larni ancha kamaytirishga imkon beradi va uchinchidan, davlat tomonidan sarf-harajat talab qilmaydigan juda ko’p miqdordagi yangi ish joylarini yaratadi;
Ta’lim muassasalaridagi professor-o’qituvchilarning ish faoliyati monitoringi ba baholovida ularning interaktiv kitoblar, interaktiv
o’quv qo’llanmalar hamda ta’lim bilan bog’liq komp’yuter o’yinlarini ishlab chiqishlari va ulardan foydalanishlarini ham hisobga olish;
Ta’lim dargohlari o’qituvchilarining ilmiy, uslubiy, tarbiyaviy, tashkiliy va ma’naviy ishlar bilan to’laqonli shug’llanishlarini ta’minlash uchun ta’lim muassasalaridagi asosiy shtatda to’liq stavkada ishlaydigan barcha professor-o’qituvchilar uchun kuniga
6 soat, haftasiga 6 kunlik ish kuni joriy qilish va buni qat’iy nazorat qilishni o’quv va monitoring bo’limlariga yuklash. Chunki ish vaqti aniq bo’lmagani tufayli ko’pchilik professor-o’qituvchilar ta’lim muassasasidagi o’z ishlarini ikkilamchi deb hisoblab, asosan boshqa joylarda ishlaydilar (firmalarda, kompaniyalarda, biznesda, dalada, ichki va tashqi bozorlarda va shunga o’xshash joylarda). Bu esa ularning ish sifatiga, bilimiga, ish unumdorligiga jiddiy salbiy ta’sir ko’rsatayapti. Xuddi shuning uchun ham innovatsion ta’lim usullarini joriy qilish va ularni qo’llash o’qituvchilar uchun ortiqcha tashvish bo’lib hisoblanadi, albatta;
Agar yuqoridagi tartib amalga oshirilsa, boshqa joylarda asosiy ish joyi sifatida faoliyat ko’rsatadigan barcha professor-o’qituvchilar yarim stavkaga ishga o’tishga yoki ishdan bo’shashga majbur bo’ladilar. Bular o’rniga esa keksa yoki yoshligidan qat’iy nazar malakali, bilimdon, kuchga to’lgan, chet tillarni biladigan, zamonaviy komp’yter dasturlarida bemalol ishlay oladigan, ilg’or fikrli, iste’dodli va tashabbuskor pedagoglarni ishga olish mumkin bo’ladi. Xuddi shular innovatsion ta’lim usullarini ta’lim
muassasalariga olib kirish va keng miqyosda tadbiq qilishda jonbozlik ko’rsatishlari mumkin;
Respublika miqyosida ishlab chiqarilgan (yoki tarjima qilingan, moslashtirilgan) interaktiv electron kitoblar va o’quv qo’llanmalardan barcha talabalar va o’qituvchilar foydalana olishlari uchun ularni mahsus ta’lim portaliga (shu jumladan, vazirliklar va ta’lim muasasalari saytlariga, kutubxonalarga, resurs markazlariga) joylashtirish maqsadga muvofiq bo’lar edi;
Interaktiv kitoblar, masofaviy ta’lim platformalari va electron o’quv qo’llanmalar yaratgan kimsalarni yaxshilab moddiy va ma’naviy taqdirlash ham ularning soni va sifati oshishiga ijobiy ta’sir qilgan bo’lar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |