3. O`zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining huquqiy asoslari va
asosiy tamoyillari.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, o`z tashqi siyosatini o`zi belgilash
uchun keng imkoniyatga ega bo`ldi. O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti
I.Karimov ta’biri bilan aytganda, “O`zbekistonning davlat mustaqilligini qo`lga
kiritganligi va u xalqaro miqyosda tan olinganligi shuni bildiradiki, bundan buyon
respublika mustaqil ichki va tashqi siyosatini olib boradi, hech kimning
vositachiligisiz o`zaro manfaatli munosabatlarni o`rnatadi.” O`tgan 28 yil davomida
milliy manfaatlarimizga mos keladigan, uning dunyo hamjamiyatidagi nufuzini
mustahkamlashga, xorijiy davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va
madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan tashqi siyosat yo`nalishlari
belgilab olindi. Bu borada respublikaning tashqi siyosatdagi faol ishtiroki , xalqaro
tashkilot va xorijiy davlatlar bilan hamkorligi muhim o`rin tutadi.
Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq ushbu sohani isloh qilish, tubdan
yangilash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi qaytadan isloh qilindi. O`zbekiston
Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimov farmoniga asosan 1992-yil 23-sentabrda
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, 1991-yil 7-sentabrda Tashqi iqtisodiy
faoliyat milliy banki tashkil etildi. O`zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy
aloqalarni yo`lga qo`yish maqsadida 1990-yil 12-iyulda tashkil etilgan O`zbekiston
SSR Tashqi savdo va xorijiy aloqalar davlat qo`mitasi 1992-yil 12-fevralda Tashqi
iqtisodiy aloqalar vazirligiga aylantirildi. 1992-yil 21-fevralda esa O`zbekiston
Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “O`zbekiston Respublikasi
tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligini tashkil etish to`g`risida”gi Farmoni qabul qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2002-yil 21-oktabrdagi “Tashqi
iqtisodiy aloqalar sohasida boshqaruv tizimini yanada erkinlashtirish va
takomillashtirish to`g`risida”gi Farmoniga asosan bu vazirlik O`zbekiston
Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi etib qayta tashkil qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 2005-yil 21-iyuldagi “Tashqi
iqtisodiy va savdo aloqalari, xorijiy investitsiyalarni jalb etish sohasida boshqaruv
tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi Farmoniga asosan, O`zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi O`zbekiston Respublikasi Tashqi
iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi etib qayta tashkil qilindi.
Shuningdek, bir qator qonun hujjatlari qabul qilinib, ushbu yo`nalishning
huquqiy asoslari yaratildi. O`zbekiston Respublikasining tashqi siyosati davlatimiz
Konstitutsiyasiga, “Tashqi siyosiy faoliyat Konsepsiyasi to’g’risida”gi va
“O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to’g’risida”gi qonunlarga va
boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, hamda O’zbekiston Respublikasi Birinchi
Prezidenti I.A.Karimovning dasturiy nutqlari va ma’ruzalariga, mamlakatimiz
tomonidan imzolangan xalqaro konventsiya va shartnomalarga asoslanadi.
Jumladan,
1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini tashkil etish masalalari to`g`risida”gi Qarori,
1992-yil, 25-may.
2. “O`zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatiya vakolatxonalari
boshliqlarini tayinlash va chaqirib olish tartibi to`g`risida”gi Qonuni, 1992-yil,
2-iyun.
3. “O`zbekiston Respublikasining diplomatiya xodimlari uchun diplomatiya daraja
va martabalarini belgilash to`g`risida”gi Qonun, 1992-yil, 3-iyul.
4. Prezident I.A.Karimovning “O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi Farmoni, 1994-yil 25-fevral.
5. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O`zbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi Qarori, 1994-yil,
16-mart.
6. O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga borishlari tartibini va
O`zbekiston Respublikasining diplomatik pasporti to`g`risidagi Nizomni tasdiqlash
haqida”gi Qonun, 1995-yil, 6-yanvar.
7. “O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaro
to`g`risida”gi Qonun, 1995-yil, 22-dekabr.
8. “O`zbekiston Respublikasining Konsullik Ustavini tasdiqlash to`g`risida”gi
Qonun, 1996-yil, 29-avgust.
9. “O`zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi to`g`risida”gi
Qonun, 2013-yil.
O`zbekiston Respublikasining mustaqil tashqi siyosiy faoliyatining huquqiy
asoslari, prinsplari, mazmuni, maqsad va vazifalari O`zbekiston Republikasi
Konstitutsiyasining IV bob, 17-moddasida “O`zbekiston Respublikasi xalqaro
munosabatlarning to`la huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning
tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning
daxlsizligi, nizolarni tinch yo`l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga
aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa
qoidalari va normalariga asoslanadi. Respublika davlatning, xalqning oliy
manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzish,
hamdo`sliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib
chiqishi mumkin”3
O`zbekiston o`zining milliy manfaatlaridan kelib chiqqan holda
huquqiy normalar asosida o`z tashqi siyosatini belgiladi. Qisqa davr ichida
davlatlararo munosabatlardagi tamoyillar va ustuvor yo`nalishlarini belgilab oldi.
Davlatning tashqi siyosatdagi harakatlarini tartibga solib turuvchi asosiy
harakatlantiruvchi kuch bu – Konstitutsiyaviy huquqdir. Prezident I.Karimov
ta’kidlaganidek, “Ochiq demokratik jamiyat qurish, bozor munosabatlarini vujudga
keltirish xalqaro e’tirof etilgan konstitutsiyaviy hamda huquqiy asosda amalga
oshirilmoqda. Bu asos iqtisodiyotni isloh qilish, uning keng ko`lamda jahon
hamjamiyatiga integratsiyalashuvi uchun kuchli huquqiy kafolatlar va shart-
sharoitlarni ta’minlab beradi”.4
O`zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy tamoyillari
quyidagilardan iborat:
- Mafkuraviy qarashlardan qat’iy nazar hamkorlik uchun ochiqlik,
umuminsoniy qadriyatlarga, tinchlik va xavfsizlikni saqlashga sodiqlik. Demak,
butun dunyo davlatlari bilan u qaysi dinga e’tiqod qilishi, millati, tilidan qat’iy nazar teng manfaatli hamkorlik olib borish, jahonda tinchlik va xavfsizlikni
ta’minlashga mas’ullikni anglatadi.
- Davlatlarning suveren tengligi va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish.
“Suveren tenglik” tushunchasi boshqa davlatlarning o`ziga xosligini e’tirof etishni,
ularning mustaqilligini, o`z siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy tizimini o`zi
erkin tanlash, rivojlantirish, shuningdek o`z ichki qonunchiligini o`zi yaratish
huquqlarini hurmat qilishni anglatadi.
- Boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik. Tashqi siyosatda ana shu
prinsipning amalga oshirilishi, eng avvalo, BMT Ustavida (2-moddaning 7-bandi)
hamda BMT Bosh Assambleyasining davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik
to`g`risidagi hamda ularning mustaqilligi va suverenitetini saqlash to`g`risidagi
1965-yilgi deklaratsiyada qayd etilgan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan
tamoyillariga asoslanadi.
- Nizolarni tinch yo`l bilan hal etish. Ushbu tamoyilda xalqaro munosabatlar
sub’ektlari o`rtasida yuzaga keladigan har qanday masalalar xaqlarning qonuniy
manfaatlari, tinchligi va xavfsizligi tahdid ostida qolmasligini ko`zlab, faqat tinch
yo`l bilan hal etilishi kerak. Bu BMT Ustavining 2-moddasi 3-bandida va VII
bobida o`z ifodasini topgan. O`zbekiston bu tamoyilni Bosh qomusimizda
mustahkamlab qo`yish orqali har qanday murakkablikdagi masalalarni zo`rlik
ishlatmay, tinch yo`l bilan hal etishga ustuvorlik beruvchi tinchliksevar davlat
ekanligini ma’lum qildi.
- Kuch ishlatmaslik va kuch bilan tahdid qilmaslik. O`zbekiston har qanday
nizolarni hal etishda harbiy harakatlarsiz, qurol ishlatmasdan bartaraf etishni
nazarda tutadi. O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimov birinchi
chaqiriq Oliy Majlisning birinchi sessiyasida ushbu masalaga alohida to`xtaldi:
“O`zbekiston urush, harbiy mojarolarning oldini olishga qaratilgan har qanday
tashabbusni qo`llab quvvatlashga tayyor”.
- Ichki milliy qonunlar va huquqiy normalardan xalqaro huquqning
umume’tirof etilgan qoidalari va normalarining ustuvorligi. O`zbekiston jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi ekan, unda tan olingan tartib va qoidalarga
ham bo`ysunadi.
- Davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini
ta’minlash maqsadida ittifoqlar tuzish, hamdo`stliklarga kirish va ulardan ajralib
chiqish. Demak, xalq farovonligi, mamlakat xavfsizligi masalalari tashqi siyosatda
ham eng ustuvor maqsadlardan etib belgilanadi. “Prinspda, mohiyatan, milliy
manfaatlarning boshqa barcha manfaatlar, xususan, mintaqaviy, global, mafkuraviy
va shu singari manfaatlardan ustuvorligi e’lon qilinadi hamda ikki va undan ortiq
davlatlar o’rtasidagi o’zaro yaqin hamkorlik shakllariga, ayniqsa, o’z
suverenitetining muayyan qismini davlatlardan ustun turuvchi tuzilmalarga berish
bilan bog’liq munosabatlarga ehtiyotkor yondashish talabi yotadi”5
- Tajovuzkor harbiy bloklar va uyushmalarga kirmaslik. Tashqi siyosat orqali
yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini ta’minlash maqsad qilingan ekan, harbiy
bloklar va uyushmalarga kirmasdan tinchlik yo`lida hamkorlik amalga oshiriladi.
- Davlatlararo aloqalarda teng huquqlilik va o`zaro manfaatdorlik, davlat
milliy manfaatlarining ustunligi. Teng huquqlilik tamoyilida har ikki tomonning
ham manfaatlari hisobga olinadi, birinchi tomonning ustunligiga yoki ikkinchi
tomonning butkul qaramligiga yo`l qo`yilmaydi.
- Tashqi aloqalarni ham ikki tomonlama, ham ko`p tomonlama kelishuvlar
asosida rivojlantirish, bir davlat bilan yaqinlashish hisobiga boshqasidan
uzoqlashmaslik. Tashqi siyosatni olib borishda o`zaro do`stlik, sheriklik
an’analariga sodiq qolish.
Xulosa qilib aytganda, O`zbekiston Respublikasi o`z tashqi siyosati
tamoyillarini mukammal ravishda belgilab oldi va tartibga soldi. Buni quyidagilarda
ko`rish mumkin:
1. O`zbekiston tashqi siyosat tamoyillariga qat’iy rioya qilgan holda
jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosiga aylandi.
2. O`zbekiston Respublikasi o`z iqtisodiy munosabatlarini ikki
tomonlama va ko`p tomonlama shartnomalar asosida, milliy manfaatlar
ustuvorligini inobatga olgan holda rivojlantirishga qaratdi.
3. O`zbekiston xalqaro iqtisodiy aloqalarga, kollektiv xavfsizlikning
global va mintaqaviy tizimlariga faol qo`shilib, mamlakatda tinchlikni,
barqarorlikni ta’minlamoqda.
4. O`zbekiston tashqi siyosatida jahondagi barcha mamlakatlar bilan
ijobiy hamkorlik, tinchliksevar siyosati orqali o`z nufuzini oshirib bormoqda.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning qaroriga asosan Oʻzbekiston
Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tashkil etildi6.
“Mamlakatimizda investitsiya iqlimini yaxshilash, eksport salohiyatini oshirish,
biznesni jadal rivojlantirish uchun asos sifatida investitsiya va tashqi savdo
faoliyatini samarali tartibga solish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, investitsiya jarayonining mahsulotni tashqi bozorlarda ilgari surish
yakuniy koʻrsatkichlari bilan sust bogʻlanganligi saqlanib qolmoqda. Davlat
boshqaruvining amaldagi tizimi investitsiya va savdo masalalarini alohida tartibga
solishga asoslangan, bu esa mazkur sohalarda tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni
qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda” dedi Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev.
Qarorda tashqi iqtisodiy a’loqalar haqida shunday deyilgan:
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan savdo aloqalarini
kengaytirish va mustahkamlash, tovarlar, ishlar va xizmatlar eksportini qoʻllab-
quvvatlash;
Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish va
boshqa koʻp tomonlama iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilish jarayonlarini
muvofiqlashtirish;
tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, shu jumladan, tranzit salohiyati
darajasini oshirish, logistika va transport yoʻlaklarini takomillashtirish, shuningdek,
eksport marshrutlarini diversifikatsiya qilish masalalarini ilgari surish.
Do'stlaringiz bilan baham: |