4.1. Raqobatbardoshlik tushunchasining iqtisodiy mazmuni va o’ziga xos xususiyatlari.
Mamlakat va mintaqalar iqtisodiyotini rivojlanishini tartibga solishning muhim yo’nalishlaridan biri ularning raqobatbardoshligini oshirish bilan bog’liq. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov ta’kidlab o’tganlaridek: «Mamlakatning raqobatbardoshligini ta’minlash uchun iqtisodiyotni tarkibiy o’zgartirish jarayonlarini chuqurlashtirish siyosatini davom ettirish lozim»18. Ushbu ustuvor yo’nalish ma’lum darajada mintaqalarga ham taalluqlidir.
Raqobatbardoshlik tushunchasi XX asrning oxiri va XXI asrning boshlarida xorijiy davlatlarda mintaqaviy siyosatni belgilab beruvchi asosiy tamoyilga aylanmoqda. Iqtisodchi olimlar tomonidan mintaqaviy raqobatbardoshlikka bag’ishlangan bir qator monografiyalar, maqolalar chop etilmoqda va maxsus ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda.
Mintaqalar raqobatbardoshligi nazariyasi endigina shakllanayotganligi sababli uning mazmuni, tushunchasi bo’yicha olimlar o’rtasida turli qarashlar va ta’riflar mavjud. Fikrimizcha mintaqa raqobatbardoshligi - uning raqobatbardoshlik afzalliklaridan samarali foydalangan holda raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarish va xizmat kursatishni tashqil etish asosida aholi turmush darajasini oshirishdan iborat.
Mintaqalar o’rtasidagi raqobatbardoshlik jarayoni mamlakatlar, tarmoqlar va korxonalar o’rtasidagi aniq bir ko’rinishga ega bo’lmaydi. Ushbu jarayon yetarlicha o’zoq va murakkab bo’lib, mintaqalarning raqobatbardoshligi, birinchi navbatda investitsiyalarni jalb qilgan holda har bir hududning raqobat afzalliklaridan samarali foydalanishga qaratilgandir. Mintaqaviy raqobatbardoshlikni oshirish ularning o’zoq muddatli rivojlantirish strategiyasining asosini tashqil qiladi.
Xalqaro tajriba va olib borilgan tadqiqotlarning kursatishicha mintaqaning raqobatbardoshligi ko’p jihatdan uning tabiiy-iqtisodiy salohiyatining mavjudligi va darajasi bilan aniqlanadi. Salohiyatni baholashga asoslangan yondashuv mintaqaning raqobat afzalliklarini aniq kursatib beradi. Bunda mintaqaning raqobatbardoshligini shakllantiruvchi asosiy salohiyat turlarini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Mintaqa raqobatbardoshlik darajasiga ta’sir kursatuvchi asosiy salohiyatlar quyidagilar hisoblanadi: tabiiy resurslar salohiyati, inson omili, moliyaviy, ekologik va institutsional o’zgarishlar.
Raqobatbardoshlik darajasini oshirishning dastlabki bosqichida transport-geografik joylashuv, agroiqlim sharoitlari, yer-suv, mineral-hom ashyo va mahalliy resurslarni o’zida jamlovchi tabiiy resurslar salohiyati asosiy o’rin egallaydi.
Mintaqa raqobatbardoshligi ko’p jihatdan nisbiy afzalliklarga, birinchidan tabiiy boyliklarga, ikkinchidan mintaqani rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solishning samaradorligiga, uchinchidan innovatsion loyihalardan unumli foydalanishga bog’liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |