12-MAVZU. O`ZBEKISTONDA MILLIY HISOBLAR TIZIMI-IQTISODIY STATISTIKANING USLUIY NEGIZI
Reja:
Statistikada balans usulining mohiyati va ahamiyati
Iqtisodiy balans turlari va ularni tasniflanish
Mehnat resurslari balansi
Milliy hisobchilik haqida umumiy tushuncha
Asosiy hisoblamalar va kategoriyalar
Milliy hisobchilikning muhim makroiqtisodiy yakuniy va tahliliy ko‘rsatkichlari.
Iqtisodiyot juda murakkab ko‘p qirrali tushuncha bo‘lib, u turli tuman faoliyat turlarini, ho‘jalik yurituvchi subyektlar va ularning say-harakatlarini, ular orasidagi o‘zaro munosabatlarni, kundalik turmushimizda sodir bo‘ladigan besanoq hodisa va jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Zohiriy hodisa va jarayonlar orasidagi o‘zaro bog‘lanishlar ko‘pincha additiv shaklda kechadi. Ular, bir tarafdan, birin-ketin sodir bo‘lib bir-biriga qo‘shilib, kattalashib boradi, ikkinchi tomondan esa asta-sekin bir-biridan ayirilib, umumiylikdan ajralib kichiklashib turadi. Iqtisodiy tizim hodisalarida kuzatiladigan bunday qarama-qarshi say-harakatlar, o‘zgarishlar ularni doimo muvofiqlashtirib turishni, o‘zaro bog‘lab yagona muvozanat holatga keltirishni talab qiladi. Iqtisodiy balanslar ana shunday maqsad uchun xizmat qiladi. Ular iqtisodiyot qarama-qarshi tomonlarini bir-biriga moslashuv jarayonlarini tasvirlaydi.
Statistikada balans deganda o‘zaro bog‘langan va bir-birini taqozo etuvchi hisoblashlar va ko‘rsatkichlar tizimi tushuniladi. Har qanday balansni tuzish jarayoni ikki qarama-qarshi qutblarni, o‘zaro zid tomonlarni bir-biriga tenglashtirib moslashtirish, uzviy muvofiqlashtirib muvozanat holga keltirishdan iborat.
Bu yerda kirim va chiqimlarni, turli resurslar: moddiy, tabiiy, moliyaviy, mehnat va boshqalar bilan ulardan foydalanishni, mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi va ularga talablarni, tovar va xizmatlar eksporti va importini, tashqi iqtisodiy aloqalar bilan bog‘liq bo‘lgan to‘lovlar va kirimlarni, iqtisodiy aylanmaga chiqarilgan pullar va tovarlar qiymatini, ishlab chiqarish bilan iste’mol va jamg‘armalarni muvofiqlashtirish nazarda tutiladi. Ammo balans usulining mohiyatini iqtisodiy hodisalarning ikkita o‘zaro bog‘langan tomonlarini bir-biriga miqdoriy muvozanatlashtirishga olib borib taqash mumkin emas. U jamiyat hayotida haqiqatda mavjud bo‘lgan barcha iqtisodiy bog‘lanishlar va proporsiyalarni aniqlash va ta’minlash usulidir. Mohiyatan bu usul nafaqat bozor iqtisodiyotining turli tomonlari va jarayonlari yagonaviyligiga tayanadi, balki shu bilan birga undan kelib chiqadi. Balans usuli mikroiqtisodiy darajada ham, makroiqtisodiy miqyosda ham keng qo‘llanadi. Mikroiqtisodiy darajada bu usul yordamida ho‘jalik yurituvchi subyektlarning daromadlari va xarajatlari orasidagi proporsiyalar, faoliyatga jalb qilingan turli xil mablag‘larning tuzilishi va joylanishi bilan ularning tashkil topish manbalari va foydalanish ko‘rsatkichlari orasidagi o‘zaro bog‘lanishlar o‘rganiladi. Korxona va tashkilotlarda yuritiladigan buxgalteriya hisobining barcha hisoblama (schet)lari balans usuliga tayanadi.
Mamlakat va mintaqalar miqyosida turli xil makroiqtisodiy balanslar tuziladi, ular iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari rivojlanishidagi proporsiyalarni, ishlab chiqarish, iste’mol va jamg‘arish orasidagi o‘zaro bog‘lanishlarni, moddiy, moliyaviy va mehnat resurslarining shakllanishi va tuzilishi hamda ulardan foydalanish o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni aks ettiradi.
Bozor iqtisodiyotining tub xususiyatlari moddiy va tarmoqlararo balanslar bilan bir qatorda moliyaviy balanslar tuzish zaruriyatini yuzaga chiqaradi.
Moliyaviy balanslarni pulda ifodalangan moddiy balanslar bilan almashtirib yuborish, ularni bir-biriga tenglashtirish mumkin emas. Moliyaviy balanslar - bu shunday balanslarki, ular kengaytirilgan takror ishlab chiqarishning moliyaviy tarafini va pul - moliya resurslarining harakatini tasvirlaydi. Bu balanslarga misol qilib, davlat budjeti ijrosi, korxonalar, tashkilotlar, vazirlik va idoralarning daromadlari va xarajatlari balansi, uy ho‘jaliklarining pul daromadlari va xarajatlari balansi, Markaziy Bankning kredit - kassa rejalarining ijrosi, mamlakatning umumiy moliyaviy balansini ko‘rsatish mumkin. Makroiqtisodiy miqyosda tuziladigan moliyaviy balanslar yalpi milliy daromad barpo etish, taqsimlash va foydalanish jarayonining turli jihatlarini oydinlashtirish, iqtisodiy - doiraviy aylanmaga faol ta’sir etish, milliy iqtisodiyot va uning sektor hamda tarmoqlari, viloyatlar va iqtisodiy hududlar, ma’muriy-hududiy tuzilmalar rivojlanishida ilmiy asoslangan proporsiyalarni ta’minlash imkonini beradi.
Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va proporsiyalarni aniqlash, to‘g‘ri va teskari tarmoqlararo va hududlararo o‘zaro bog‘lanishlarni belgilash uchun tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish va taqsimlash tarmoqlararo va hududlararo shaxmat balanslari katta ahamiyatga ega. Ular zaminida chiziqli tenglamalar tizimini EHM yordamida tuzish va yechish yotadi. Balans usulini doimo takomillashtirish va qo‘llanish doirasini kengaytirish muhim nazariy va amaliy masaladir.
Do'stlaringiz bilan baham: |