2.2. Yangi tahrirdagi Soliq Kodeksidagi asosiy o’zgarishlar va yangiliklar. Soliq tizimini isloh qilish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar doirasida O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 30 dekabrdagi O’RQ-599-son qonuni bilan Soliq kodeksining yangi tahriri qabul qilindi.
Yangi Soliq kodeksi soliq qonunchiligini maksimal darajada soddalashtirish (soliq va yig’im turlari va miqdorlarini optimallashtirish), qarama-qarshiliklar va nizolarni bartaraf etish (havolali normalarning va qonunosti hujjatlarining cheklanishi), halol soliq to‘lovchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirish, Shuningdek, soliq nazorati mexanizmlarini takomillashtirishni ko’zda tutadi.
Yangi Soliq kodeksining asosiy hususiyatlari:
1. Soliq imtiyozlarini berish qoidalari qayta ko‘rib chiqilib, unga muvofiq soliqlarni to‘lashdan to‘liq ozod etish faqat Soliq kodeksi bilan taqdim etiladi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan soliq imtiyozlari (QQS, tovarlar ishlab chiqarish (xizmatlar) uchun aksiz solig’i va yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari) faqat belgilangan stavkani 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda pasaytirish shaklida, uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga berilishi mumkin.
2. Soliq qarzini soliq to‘lovchining debitorlari mablag’lari hisobidan majburiy undirish chorasi bekor qilindi.
3. Soliq organlarining ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarni o’z vaqtida qaytarilmaganligi uchun javobgarlik kuchaytirildi. Ortiqcha undirilgan soliq va moliyaviy sanktsiyalar ushbu summalarni undirish (to‘lash) davrida amalda bo‘lgan Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi asosida hisoblangan foizlarni hisobga olgan holda qaytariladi.
4. Soliq majburiyati bajarilishini ta’minlashning mol-mulk garovi, bank kafolati va kafillik ko’rinishidagi yangi shakllari o’rnatildi.
5. Soliq organlariga taxlika-tahlil tizimiga asoslangan kameral soliq tekshiruvi, sayyor soliq tekshiruvi va soliq auditini tayinlash huquqini beradigan soliq nazoratini o’tkazishning yangi tartibi nazarda tutilgan.
6. Soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi aniqlashtirldi, shuningdek javobgarlik choralari soliq huquqbuzarligi turidan kelib chiqqan holda belgilanadigan bo‘ldi.
7. Soliq to‘lovchilarning alohida toifalari (yirik soliq to‘lovchilar, eksportyorlar, bank kafolati taqdim etgan yoki soliq organlari bilan garov shartnomasi tuzganlar) uchun 7 kun davomida QQSni qaytarishning tezlashtirilgan tartibi belgilandi.
8. Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan xorijiy diplomatik va unga tenglashtirilgan vakolatxonalariga amaldagi nol stavka o’rniga QQSni qaytarish tizimi joriy etildi.
9. Xorijiy sayyoxlar uchun “Tax free” tamoyili bo‘yicha QQS ni qaytarish tartibi joriy etilmoqda.
10. Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari va soliq to‘lovchilarning alohida toifalarini soliqqa tortish xususiyatlari inobatga olinib, unda soliq solish shartlari, shuningdek soliq imtiyozlarini qo’llash tartibi batafsil aks ettirildi.
11. Transfert narxlarning shakllanishi va nazorat qilinadigan xorijiy kompaniyalar, shuningdek, soliq to‘lovchilarning kontsolidatsiyalashgan guruhi uchun soliq solishning normalari kiritildi (2022 yil 1 yanvardan qo‘llaniladi).
12. Elektron shaklda xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy yuridik shaxslarga soliq solish tartibi nazarda tutilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, soliq maʼmuriyatchiligida yangi tizim yaratildi. Navbatdagi vazifa uni amaliyotga toʻliq tatbiq qilishdir. Videoselektor yigʻilishida bu tizimni oqilona yoʻlga qoʻyish uchun amalga oshiriladigan chora-tadbirlar belgilab berildi. 2019 yil 1 yanvardan boshlab, xodimlar sonidan qatʼi nazar, tovar aylanmasi 1 milliard soʻmdan yuqori boʻlgan subyektlar umumbelgilangan soliq toʻloviga oʻtadi. Shu oʻrinda, nima uchun umumbelgilangan soliq toʻlovchilari sonini koʻpaytirishga qaror qilindi, degan tabiiy savol tugʻiladi. Chunki yagona soliq toʻlovchi bilan umumbelgilangan soliq toʻlovchilar oʻrtasida soliq yukidagi farq haddan tashqari yuqori boʻlib, bu kichik biznesning yiriklashuvini ragʻbatlantirmaydi. Dunyoga mashhur “Adidas”, “Nayk”, “Indezit”, “Knauf” kabi brendlar oʻz vaqtida kichik oilaviy korxona boʻlgan va ushbu ragʻbat tufayli yirik kompaniyalarga aylangan. Shular haqda fikr yuritar ekan, Prezidentimiz “Oʻzbekistonda qachon shunday yirik brendlarga ega boʻlamiz?”, deya savol qoʻydi.
Umumbelgilangan soliqlarni hisoblash boʻyicha hududiy soliq organlari xodimlarining malakasi va amaliy koʻnikmalarini oshirish, tadbirkorlik subyektlari buxgalterlarini bunga tayyorlash kerakligi taʼkidlandi. Soliq organlari xodimlarini biriktirib, umumbelgilangan soliq toʻloviga oʻtayotgan korxonalarda tushuntirish olib borish, ularga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha topshiriq berildi. Yirik aksiyadorlik jamiyatlari va xoʻjalik birlashmalari Davlat soliq qoʻmitasi mutaxassislari bilan birgalikda oʻz tasarrufidagi korxonalarning masʼul xodimlari uchun seminar-treninglar oʻtkazishi zarurligi qayd etildi.
– Umumbelgilangan soliq hisoblanishi va yuritilishida eng murakkab toʻlov turi bu qoʻshilgan qiymat soligʻidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu borada yengillik yaratish uchun uni ikki yil mobaynida bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirganmiz.Jumladan, tovar aylanmasi 1 milliard soʻmdan 3 milliard soʻmgacha boʻlgan korxonalar qoʻshilgan qiymat soligʻini ixtiyoriy ravishda soddalashtirilgan tartibda toʻlaydi. Yaʼni, korxonalar sotib olingan tovarlar boʻyicha alohida hisob-faktura yuritmaydi va soliqni tovar aylanmasidan kelib chiqib, sohalar kesimida tabaqalashgan holda toʻlaydi. Yigʻilishda bu ishlarni toʻgʻri tashkil etish uchun zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, yuridik shaxslarni zarur kompyuter dasturlari bilan taʼminlash, hisobchilarni tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Soliq toʻlovchilar yuzaga keladigan barcha tushunmovchiliklarga javob topishi uchun “Savol va javob” internet sahifasini hamda kechayu kunduz ishlaydigan “Koll sentr”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi. Davlatimiz rahbari qoʻshilgan qiymat soligʻini kichik biznesga ham joriy etish natijasida narx-navo oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Mutasaddilarga tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan har bir jarayonda yaratilayotgan qoʻshilgan qiymatga soliqlarni joriy etish orqali narxni toʻgʻri shakllantirish, uning asossiz ravishda oshib ketmasligini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berdi.Yangi soliq tizimida norasmiy faoliyatni legalizatsiya qilish boʻyicha bir qator yangiliklar kiritildi. Jumladan, foyda soligʻi 14 foizdan 12 foizga tushirilib, tadbirkor faqat daromad olsagina toʻlanishi belgilandi. Norasmiy bandlikni kamaytirish maqsadida ish haqidan 30 foizgacha olinadigan daromad soligʻi oʻrniga yagona 12 foizlik soliq turi kiritildi va 8 foizlik sugʻurta badali umuman bekor qilindi. Biznes hamjamiyati uchun ogʻir yuk boʻlib kelayotgan yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25 foizdan 12 foizga tushirildi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qatʼiy belgilangan soliq stavkalari ham 30 foizga pasaytirildi. Bu imkoniyatlar tadbirkorlarning halol ishlashi, koʻproq ish oʻrinlari yaratishiga xizmat qiladi.
Yigʻilishda soliq yigʻuvchanligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Soliq xodimlari ishi qoniqarli emasligi, joylarda soliq qarzi saqlanib qolayotgani taʼkidlandi.Tegishli tashkilotlarga soliq tushumini toʻla taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi. Yigʻilishida qayd etilganidek, soliq maʼmurchiligini yuritishda mavjud byurokratik toʻsiqlar eksportyorlar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Jumladan, mahsulotini eksport qilayotgan ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻzlarining qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi qoplab berilishi uchun bir necha oylab ovora boʻlib, tuman, viloyat va respublika soliq idoralariga murojaat qilishga majbur boʻlmoqda. Shu bois Prezidentimiz qoʻshilgan qiymat soligʻini oʻn kun muddatda qoplab berishni nazarda tutuvchi soddalashtirilgan tartibni joriy qilish zarurligini taʼkidladi.
– Yangi soliq kodeksi soliqqa tortish boʻyicha barcha tartib, mexanizm va uslublarni toʻliq qamrab olishi, hamma uchun tushunarli boʻlishi kerak. Bu ishlar adolatli va ragʻbatlantiruvchi soliq tizimini yaratish boʻyicha qoʻygan birinchi qadamlarimizdir, – dedi davlatimiz rahbari.