4. Asosiy vositalardan foydalanish samaradorligini baholash ko’rsatkichlari Asosiy vositalarni yangilash tezligi korxonalarning ishlab chiqarish, investitsion va innovatsion faolligiga bog’liq bo’ladi. Asosiy vositalarni muomaladan chiqarishning optimal muddatlari ilg’or texnikalardan foydalanish asosida kengaytirilgan ishlab chiqarishni rag’batlantirishga imkon beradi.
Asosiy vositalardan foydalanish samaradorligini umumiy tavsiflashda fond qaytimi, fond sig’imi, fondlar rentabelligi, mahsulotlar o’sishining bir so’miga to’g’ri keladigan solishtirma kapital qo’yilmalar kabi ko’rsatkichlardan foydalaniladi. Shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish hajmi o’zgarishi natijasida yuzaga keluvchi nisbiy iqtisod (qo’shimcha ehtiyoj) ham hisoblanadi.
Tahlil jarayonida yuqorida sanab o’tilgan ko’rsatkichlar dinamikasi, ularning darajasi bo’yicha reja bajarilishi o’rganiladi, korxonalarning qiyosiy tahlili amalga oshiriladi. Asosiy vositalardan foydalanish samaradorligini yanada chuqurroq tahlil qilish maqsadida fond qaytimi ko’rsatkichi barcha asosiy vositalar, ishlab chiqarish yo’nalishidagi fondlar, ularning aktiv qismi (mashina va uskunalar) bo’yicha aniqlanadi.
Fond qaytimi– asosiy ishlab chiqarish fondlarining 1 so’m (1000 so’m)iga to’g’ri keladigan bir yilda (yoki boshqa davr) ishlab chiqarilgan mahsulot hajmidir. Uni quyidagi formula bilan ifodalash mumkin:
Bu erda: Fq – fond qaytimi;
Q – ulgurji narxlardagi mahsulotlar (ish, xizmat) hajmi;
Af – asosiy ishlab chiqarish fondlarining o’rtacha yillik qiymati.
Fond qaytimini hisoblashda shuni nazarda tutish talab qilinadiki, asosiy vositalar qiymatida xususiy va ijaraga olingan mablag’lar hisobga olinadi, konservatsiyadagi, shuningdek, boshqa korxonalarga ijaraga berilgan asosiy vositalar hisobga olinmaydi.
Fond qaytimi dinamikasini baholashda boshlang’ich ma’lumotlar taqqoslama ko’rinishga keltiriladi. Mahsulot hajmini ulgurji narxlar va strukturaviy o’zgarishlar o’zgarishiga, asosiy mablag’lar qiymatini esa qayta baholash koeffitsientiga tuzatish talab qilinadi.
Ayrim iqtisodchilar fond qaytimini sotilgan mahsulotlar, foyda, shuningdek, natural ifodada mahsulot ishlab chiqarishdan kelib chiqqan holda aniqlashni taklif qiladilar.
Natural ifodada mahsulot ishlab chiqarishdan kelib chiqqan holda aniqlangan fond qaytimi ko’rsatkichi asosiy ishlab chiqarish fondlaridan foydalanish samaradorligini to’g’riroq aks ettiradi. Biroq bir turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug’ullanuvchi korxonalar tomonidan ushbu ko’rsatkichning qo’llanilish doirasi chegaralangan. Sanoatning aksariyat tarmoqlarida fond qaytimi qiymat ko’rsatkichlari asosida aniqlanadi. Fond qaytimini hisoblash uchun sotilgan mahsulotlar ko’rsatkichidan foydalanish maqsadga muvofiq emas, chunki qator yillar uchun dinamikada bu ko’rsatkich hajmni turlicha bahoda aks ettiradi. Fond qaytimini korxona foydasi bo’yicha ham hisoblash mumkin.
Asosiy faoliyat bo’yicha foyda
Fr =
Asosiy ishlab chiqarish fondlarining o’rtacha yillik qiymati
Mablag’lardan samarali foydalanishning boshqa ko’rsatkichi fond sig’imi hisoblanib, u asosiy vositalar o’rtacha qiymatini mahsulot ishlab chiqarish hajmiga nisbati bilan aniqlanadi (fond qaytimiga teskari ko’rsatkich) :
Fond sig’imini dinamikada hisoblash va baholash o’ziga xos alohida o’rin tutadi. Fond sig’imining o’zgarishi mahsulot hajmining bir so’miga asosiy vositalar qiymati o’sishi yoki kamayishini ko’rsatadi va asosiy vositalarda mablag’larni nisbatan tejab qolish yoki ortiqcha sarflash miqdorini aniqlashda qo’llaniladi.
Asosiy vositalarni nisbatan tejab qolish (ortiqcha sarflash) miqdori quyidagi formula bo’yicha aniqlanadi:
Tn ( Af) = ( Fs1 –Fs0) x Q1 Bu erda
Fs1 ,Fs0 – haqiqatdagi va bazis davrdagi fond sig’imi;
Q – haqiqatdagi mahsulot hajmi.
Asosiy vositalar qiymatining o’sish sur’ati bilan mahsulot ishlab chiqarish o’sish sur’atining nisbati fond sig’imining chegaraviy ko’rsatkichini, ya’ni mahsuotlarning 1% o’sishiga asosiy vositalar o’sishini aniqlashga imkon beradi. Agar fond sig’imining chegaraviy ko’rsatkichi birdan kam bo’lsa, asosiy vositalardan foydalanish samaradorligi ortadi va ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish koeffitsienti o’sgan hisoblanadi.
Asosiy vositalardan foydalanish samaradorligini tavsiflovchi keyingi ko’rsatkich fond bilan qurollanganlik ko’rsatkichi hisoblanib, fond qiymatining xodimlar soniga nisbati sifatida hisoblanadi.
Fond bilan qurollanganlik ko’rsatkichi xodimlarning umumiy soni bo’yicha ham, asosiy ishlab chiqarish xodimlarining soni hisobida ham aniqlanishi mumkin. Ushbu ko’rsatkichlarning o’sish sur’atlarini taqqoslash xodimlar soni tarkibidagi o’zgarishlarni ularning o’zgarmas miqdorida asosiy vositalar bilan ta’minlanganligiga ta’siri haqida mulohaza qilishga imkon beradi.
Fond qaytimi, fond bilan qurollanganlik va mehnat unumdorligi ko’rsatkichlari o’rtasidagi o’zaro aloqani kuzatish uchun fond qaytimi formulasini hosil qilish lozim (surat va maxraj xodimlar soniga bo’linadi):
Bu erda,
Q – mahsulot (ish, xizmat) hajmi;
Av – asosiy ishlab chiqarish fondlarining o’rtacha qiymati;
Xs – xodimlar soni;
Mu – mehnat unumdorligi;
Fqur – fond bilan qurollanganlik.
Shunday qilib, fond qaytimini mehnat unumdorligining fond bilan qurollanganlikka bo’linmasi sifatida tasavvur qilish mumkin. O’z navbatida, fond qaytimi mehnat unumdorligiga to’g’ri proportsional, fond bilan qurollanganlikka esa teskari proportsial bo’ladi. Fond qaytimini oshirish uchun mehnat unumdorligining o’sish sur’ati uning fond bilan qurollanganlik bo’yicha o’sish sur’atini ortda qoldirishi zarur.