Uchinchi bosqich XIX-XX asrlarga to‘g‘ri kelib, bu davrda jahon xo‘jaligi tizimi shakllandi.
To‘rtinchi bosqich XX asrning 60-yillaridan boshlab, ya’ni ko‘plab mustamlaka mamlakatlarning siyosiy qaramlikdan ozod bo‘lishi natijasida zamonaviy jahon iqtisodiyotida ijobiy o‘zgarishlarning yangi tendensiyalarini paydo bo‘lishi bilan bog‘liq. Bu tendensiyalar quyidagilardan iborat:
iqtisodiy manfaatdorlik asosidagi xalqaro hamkorlik;
ishlab chiqarishning baynalminallashuvi;
jahon miqyosidagi bozor makonlarining kengayishi;
jahon xo‘jaligi aloqalari majmuining rivojlanishi.33
“Jahon xo‘jaligi”, “butunjahon xo‘jaligi”, “jahon iqtisodiyoti” tushunchalari bir xil ma’noni anglatib, ba’zi manbalarda ularning keng va tor ma’nolari farqlanadi.34 Keng ma’nosiga ko‘ra, jahon xo‘jaligi – bu jahondagi barcha milliy iqtisodiyotlarning yig‘indisidir. Tor ma’nosiga ko‘ra – bu milliy iqtisodiyotlarning faqat tashqi dunyo bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan qismlari majmuidir. Biroq, bu ikkala ma’no o‘rtasidagi tafovut borgan sari sezilmay qolmoqda, chunki barcha mamlakatlarda tashqi dunyo bilan bevosita yoki bilvosita aloqaga kirishmagan tarmoq yoki sohalar tobora kamayib bormoqda.
Demak, jahon xo‘jaligi – bu xalqaro mehnat taqsimoti, savdo-ishlab chiqarish, moliyaviy va ilmiy-texnikaviy aloqalar orqali birlashgan turli mamlakatlar xo‘jaliklari tizimidir.
Jahon xo‘jaligi sub’ektlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
- o‘z ichiga xalq xo‘jaligi majmuini oluvchi davlat;
- transmilliy korporatsiyalar;
- xalqaro tashkilot va institutlar;
- milliy iqtisodiyot chegarasidan chiqqan, xo‘jalik barcha sohalari tarkibidagi firmalar.
Jahon xo‘jaligi milliy xo‘jalikdan yagona jahon bozorining mavjudligi bilan farqlanadi. Jahon bozorining amal qilishiga rivojlangan mamlakatlarning iqtisodiy siyosati ahamiyatli ta’sir ko‘rsatadi. Jahon bozorining o‘ziga xos xususiyati bo‘lib jahon narxlari va xalqaro raqobat tizimining amal qilishi hisoblanadi. Aynan xalqaro raqobatning mavjudligi turli darajadagi milliy qiymatlarni yagona baynalminal qiymatga keltiradi. Jahon narxi jahon bozoriga ne’matlarning asosiy hajmini etkazib beruvchi mamlakatlardagi shart-sharoitlar orqali aniqlanadi. Mamlakatlar o‘rtasida sotish bozorlarini egallash uchun keskin raqobat kurashi olib boriladi.
Jahon xo‘jaligida har bir o‘zgarishlar (jahon bozoridagi narxlar harakati va alohida mamlakatning eksport imkoniyatidan tortib dunyo iqtisodiyotidagi tarkibiy siljishlar va xalqaro monopoliyalar faoliyatigacha) dunyodagi barcha mamlakatlar manfaatini o‘ziga tortadi. Mamlakatning savdo, ishlab chiqarish, valyuta-moliya sohalaridagi jahon tamoyillariga bog‘liqlik ob’ektiv reallik hisoblanadi. Hozirgi davrda har qanday mamlakatni uning iqtisodiyoti qanday rivojlangan bo‘lishidan qat’iy nazar, jahon xo‘jaligi aloqalariga jalb qilmasdan to‘laqonli iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash mumkin emas.
Ishlab chiqarish yoki iqtisodiy hayotning baynalminallashuvi – bu mamlakatlarning jahon miqyosida iqtisodiy aloqalarining kuchayishi hamda iqtisodiy munosabatlarning tobora kengroq jabhalarini qamrab olish jarayoni hisoblanadi.
Barcha iqtisodiy jarayonlarning baynalmillalashuvi natijasida jahon xo‘jaligining quyidagi tarkibi vujudga keldi:
tovar va xizmatlar jahon bozori;
kapitallar jahon bozori;
ishchi kuchi jahon bozori;
xalqaro valyuta tizimi;
xalqaro kredit-moliya tizimi.
Bundan tashqari, baynalminallashuv axborotlar, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari, madaniyat sohalarida ham rivojlanmoqda. YAgona ilmiy-axborot makoni shakllanmoqda.
Milliy xo‘jaliklar va ular o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar negizida shakllangan jahon xo‘jaligi asosida xalqaro mehnat taqsimoti yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |