5. O‘zbekistonda agrar islohotlar va ularni chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlari
O‘zbekistonda agrar islohotning negizi yerga bo‘lgan mulkchilik masalasidir. Respublika Konstitutsiyasida yer xususiy mulk qilib sotilishi mumkin emasligi, balki uni uzoq muddatli ijara shartlari bilan topshirish mumkinligi ta’kidlangan.
Shunday ekan, qishloqda bozor munosabatlarini shakllantirishga yerni meros qilib qoldirish huquqi bilan umrbod foydalanish uchun ijaraga berib qo‘yish orqali erishish ko‘zda tutilgan.
Respublikada yerga bo‘lgan mulkchilik munosabatlarini isloh qilishning boshqa xususiyati shundan iboratki, melioratsiya, irrigatsiya, yerlarning unumdorligini oshirish dasturlarini bajarishni davlat o‘z zimmasiga oladi. Buni bizdagi dehqonchilikning xususiyati taqozo qiladi. Bu xususiyat faqat sug’oriladigan yerlarga xosdir. Respublikada barcha haydaladigan yerlarning 3/4 qismidan ko‘prog’i (4,2 mln.ga) sug’oriladigan yerlar bo‘lib, uning yarmidan ko‘prog’i yaxshi meliorativ holatda, qolgan yerlar esa melioratsiya ishlari (qayta o‘zlashtirish, kollektor-drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish)ni olib borishni talab qiladi. Hozirgi vaqtda sug’orib kelingan har gektar yerni qayta o‘zlashtirish uchun 1990 yilgi darajadan 14-15 baravar ko‘p xarajat talab qilinadi. Bundan xulosa shuki, birorta ham fermer irrigatsiya va melioratsiya ishlarini o‘zi mustaqil amalga oshira olmaydi. Faqat davlatgina melioratsiya tarmoqlarini rekonstruksiyalashga, qurishga va irrigatsiya tadbirlarini amalga oshirishga qodirdir.
Qishloq xo‘jaligini isloh qilishning muhim yo‘nalishi – bu shaxsiy tomorqalarni kengaytirish, yangi sug’oriladigan yerlarni shaxsiy xo‘jaliklar va bog’-dala hovli uchastkalariga ajratib berish yo‘li bilan aholini yer bilan ta’minlashdan iboratdir. Shu ko‘rilgan chora-tadbirlar hisobiga, birinchidan, qishloq joylarda ishsizlikning kuchayib borish xavfini barham toptirishga, ikkinchidan, aholining real daromadlarini oshirishga, uchinchidan, aholini hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashdagi keskinlikka barham berishga va to‘rtinchidan, yakka tartibda uy-joy qurilish ko‘lamini ancha kengaytirishga muvaffaq bo‘lindi.
Respublikada agrar islohotlarning navbatdagi yo‘nalishi – bu qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishining tarkibiy tuzilishini takomillashtirishdir. Bunda xo‘jaliklarga ekin maydonlari tarkibini va ishlab chiqarish hajmini mustaqil belgilash huquqi beriladi. Masalan, don mustaqilligiga erishish va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlashni tiklash yo‘li izchil amalga oshirilishi natijasida donli ekinlar maydoni ancha kengaydi, paxta ekiladigan maydonlar esa tegishli ravishda qisqardi.
Respublikada agrar islohotlarni chuqurlashtirishning navbatdagi yo‘nalishi barcha davlat va shirkat qishloq xo‘jalik korxonalarini (birinchi navbatda zarar ko‘rib ishlayotganlarini) fermer xo‘jaliklariga aylantirishdan iboratdir.
Hozirgi davrda agrar islohotni tubdan hal etishni taqozo qilayotgan g’oyat muhim yo‘nalish – qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan ortiqcha ishchi kuchini bo‘shatib olish va ularni iqtisodiyotning boshqa tarmoqlariga (sanoat, xizmat ko‘rsatish sohalariga) jalb etishdan iboratdir.
Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish – agrar islohotning hozirgi kundagi ustuvor yo‘nalishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |