Uzoq muddatli egiluvchanlik. Bu siyosatga amal qiluvchi rahbarlar uchun bevosita bugungi kunda ijroning ko‘zlangan darajada bo‘lishi eng asosiy vazifa hisoblanadi. Ular buni e’tirof etgan holda, muayyan darajada xodimlarni yuqoriroq lavozimga ko‘taradilar. Aslida bu qisqa muddatli sarmoyalash ko‘rinishlaridan biridir. Ayni vaqtda, kompaniya yoki firma rahbariyati personal salohiyati munosib baholanishi hamda o‘qitish orqali rivojlantirilishi, xodimlarni xizmat vazifalari va lavozimlarda siljitish orqali tajribalari boyitilishi zarurligini tushunadilar. Bu esa, uzoq muddatga mo‘ljallangan siyosat ko‘rinishidir.
Qisqa muddatga mo‘ljallangan siyosat tez rivojlanib borayotgan xususiy tadbirkorlik uchun maqbul bo‘lsa (bunday korxonalarda mehnatni tashkil etish juda egiluvchan), uzoq muddatli siyosat yirik kompaniya va firmalar uchun qo‘l keladi.
Strategik rejalashtirishga amal qilinadigan korxonalarda xodimlar qaysi sifatlarga, qanday bilim, malaka, ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozimligi, qaysi xizmat vazifasi bosqichlarini bosib o‘tishi aks ettirilgan karyerogramma ham tuziladi.
Personal karyerasini rivojlantirish xodim kasb malakasi, bilimi, ko‘nikmalari, mahorati, tajribasini oshirishga qaratilgan vosita va usullar majmuasi hisoblanadi. Xodim o‘z kasb va shaxsiy sifatlarini takomillashtirib borgan sari muayyan xizmat vazifasi va lavozimni egallash imkoniga ega bo‘ladi. O‘z navbatida, xodimning egallab turgan xizmat vazifasi uning bilim va malakasiga ham tegishli tarzda talablar qo‘yadi.
2.2. Personalning professional malaka tartibi Korxonadagi tashkiliy tuzilish va tashkiliy madaniyat
Tashkiliy maqsadlarga erishish korxona va tashkilot xodimlari bo‘lgan kishilarning birgalikda ishlashini nazarda tutadi. Har bir korxona va tashkilot, u xoh mas’uliyati cheklangan va bor-yo‘g‘i besh kishi ishlaydigan shirkat bo‘lsin, xoh o‘n minglab xodimlari bor universitet bo‘lsin, mazkur o‘zaro harakatni muvofiqlashtirishga, muayyan ichki tartib o‘rnatilgan bo‘lishiga ehtiyoj sezadi. Mazkur tartib tashkiliy tuzilish va tashkiliy madaniyat shaklida namoyon bo‘ladi.
Tashkiliy tuzilish tashkilot xodimlari bajaradigan vazifalar o‘rtasidagi nisbatni (o‘zaro bo‘ysunishni) belgilab beradi. Tashkiliy tuzilish mehnat taqsimoti, ixtisoslashgan bo‘linmalar tashkil etilishi, lavozimlar pog‘onasi (iyerarxiyasi), tashkilot ichidagi tadbirlar shakllarida namoyon bo‘ladi va samarali tashkil etishning zarur jihati hisoblanadi, chunki unga ichki barqarorlik bag‘ishlaydi va resurslardan foydalanishda muayyan tartibga erishish imkonini beradi.
Tashkiliy tuzilish deganda, avvalo, an’anaviy ravishda mehnat taqsimotiga asos qilib olingan tamoyil tushuniladi. Ayrim tashkilotlar vazifalarning funksional bo‘linmalar o‘rtasida taqsimlanishi tamoyili bo‘yicha tuzilgan, bunda har bir bo‘linma faoliyatining biror yo‘nalishiga — ishlab chiqarishga, moliyaga, xarid qilishga, personalga javobgardir. Bunday tashkil etish funksional tashkil etish deyiladi, (2.8-chizmaga qarang).
Tashkiliy tuzilishning boshqa xili mahsulotlar bo‘yicha tuzilish deyiladi, chunki mehnat taqsimotiga ishlab chiqariladigan mahsulot yoki ko‘rsatiladigan xizmatlar — sovutkichlar ishlab chiqarish bo‘limi, kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish bo‘limi va hokazolar asos qilib olinadi, (2.9-chizmaga qarang).
2.8-chizma. Korxona boshqaruvini funksional
Do'stlaringiz bilan baham: |