Korxona va tashkilot ijtimoiy muhiti rivojlanishining asosiy omillari
Ijtimoiy omillar korxona va tashkilot sharoitida ijtimoiy muhitni tashkil etish bilan bog‘liq shart-sharoitlardagi o‘zgarish larni va bu o‘zgarishlarning oqibatlarini ifodalab beradi. Ijtimoiy omillarning asosiy yo‘nalishini mehnat jarayoni amalga oshiriladigan korxona va tashkilotning o‘zida ishlaydigan xodimlarga, ularning oilalari istiqomat qiladigan muhitga hamda ularning yaqin atrofidagi xodimlarga ta’sir ko‘rsatish shakllariga qarab farqlash mumkin.
Korxona va tashkilotning bevosita ijtimoiy muhiti asosiy omillariga quyidagilar kiradi:
— korxona va tashkilotning potensiali, uning ijtimoiy infratuzilmasi;
— ish sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish;
— xodimlarning ijtimoiy himoyalanganligi;
— jamoadagi ijtimoiy-ruhiy vaziyat;
— mehnatni moddiy rag‘batlantirish va oila budjetlari;
— ishdan tashqari dam olish vaqtidan samarali foydalanish va boshqalar.
Ijtimoiy infratuzilma, odatda, korxona va tashkilot xodimlari va ular oilalarining turmushini ta’minlash, ijtimoiy-maishiy, madaniy va aqliy ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan obyektlar majmuidan iborat. O‘zbekiston Respublikasi sharoitida bunday obyektlarga quyidagilar kiradi:
— umumlashgan uy-joy fondi (uylar, yotoqxonalar) va kommunal xo‘jalik obyektlari (mehmonxonalar, hammomlar,
korxonalar va shu kabilar), ularning energiya, gaz va issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya, vodoprovod, telefonlashtirish tarmoqlari va hokazolar;
— tibbiyot va davolash-profilaktika muassasalari (kasalxonalar, poliklinikalar, ambulatoriyalar, tibbiyot punktlari, dorixonalar, sanatoriylar, profilaktoriylar va hokazolar);
— ta’lim va madaniyat obyektlari (maktablar, maktabgacha bolalar va maktabdan tashqari muassasalar, madaniyat uylari, klublar, kutubxonalar, ko‘rgazma zallari va shu kabilar);
— savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari (do‘konlar, oshxonalar, choyxona va qahvaxonalar, restoranlar, yangi mahsulotlar yetkazib berish uchun yordamchi xo‘jaliklar);
— maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari (kombinatlar, ustaxonalar, atelyelar, salonlar, prokat va garovga berish punktlari);
— sport inshootlari (o‘yingohlar, suzish havzalari, sport maydonchalari, jismoniy-tarbiya va sog‘lomlashtirish tadbirlarini o‘tkazishga moslashtirilgan ommaviy dam olish bazalari);
— jamoa va dala hovli xo‘jaliklari hamda bog‘dorchilik-mevachilik shirkatlari va boshqalar.
Korxona va tashkilot o‘zining miqyosi, mulkchilik shakli, bo‘ysunishi, qayerda joylashganligi va boshqa shart-sharoitlarga qarab o‘zining yaxlit ijtimoiy infratuzilmasiga ega bo‘lishi, faqat uning ayrim elementlari yig‘indisiga ega bo‘lishi yoki boshqa korxona va tashkilotlar bilan kooperatsiyalashuviga va ijtimoiy sohaning munitsipal bazasiga umid qilish mumkin, lekin, har qanday vaziyatda ham ijtimoiy infratuzilma haqida g‘amxo‘rlik qilish ijtimoiy taraqqiyotni boshqarishning eng muhim talabi hisoblanadi.
Xorijiy mamlakatlar va vatanimiz tajribalari shuni tasdiqlaydiki, kishilarga diqqat-e’tibor bilan qarash, ularning mehnat sharoitini yaxshilash va mehnatini muhofaza qilish sezilarli darajada naf keltiradi, ishchanlik kayfiyatini
oshiradi. Ishlab chiqarish estetikasiga, ishchining turmushini ziynatlashga, mehnat kuni vaqtidagi tasavvurlarda dam olish uchun qulaylikning yaratilishiga sarflangan mablag‘lar mehnat unumdorligining ortishi va ish sifatining yaxshilanishi bilan o‘z samarasini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |