20-modda. Investitsiya fondlari Investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida tegishli investitsiya fondlari tashkil etilishi mumkin.
LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 25-sentabrdagi 410-son “Investitsiya va xususiylashtirish investitsiya fondlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga qarang. 21-modda. Investitsiya faoliyati subyektlari huquqlarining kafolatlari Davlat investitsiya faoliyati subyektlarining huquqlarini kafolatlaydi.
Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati subyektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Agar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya faoliyati subyektlarining faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasalar, ular vakolatlari bo‘lgan va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bog‘liq choralarni ko‘rishlari mumkin. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati subyektlarining boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki faoliyatini cheklab qo‘yish uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas.
Ushbu moddaning qoidalari xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplariga muvofiq belgilanadigan, O‘zbekiston Respublikasining milliy xavfsizligini ta’minlashga bevosita bog‘liq bo‘lgan qonun hujjatlarini qabul qilish, ularga qo‘shimchalar kiritish yoki ularni bekor qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
22-modda. Investitsiyalarni himoya qilish Davlat investitsiyalar himoya qilinishini kafolatlaydi.
O‘zbekiston Respublikasida investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari davlat mulkiga aylantirilmaydi.
Investitsiyalar va investorlarning boshqa aktivlari rekvizitsiya qilinmaydi, tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiya hollari va boshqa favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan holatlar bundan mustasno.
Investitsiyalarni rekvizitsiya qilish to‘g‘risidagi qaror:
ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan hollardan kelib chiquvchi vazifalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan investitsiyalar yoki boshqa aktivlarning eng kam miqdori cheklanadigan;
kamsitilmaydigan asosda va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan;
LexUZ sharhi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 203-moddasiga qarang. yetkazilgan zararga monand ravishda kompensatsiya to‘lanadigan rekvizitsiya bo‘yicha talablarga rioya etilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Davlat ko‘rsatib o‘tilgan kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida amalga oshirilishiga kafil bo‘ladi.
Investor Investitsiyalarni rekvizitsiya qilish to‘g‘risidagi qaror yuzasidan sud tartibida nizolashishga haqli.
Investitsiyalar sug‘urta qilinishi mumkin, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa sug‘urta qilinishi shart.