INTERNETDAN FOYDALANISH MADANIYATI
U.G’oyipov, talaba I.Ismonov(NamMPI)
Insoniyat harakat va raqobat orqali turmush tarzini rivojlantirishi va yangi-yangi kashfiyotlarning yaratilishi tufayli KOMPYUTER texnikasi va INTERNETni kashf etdi.
Internet bu – Internet texnologiyasi, dasturiy ta’minoti va protokollari asosida tashkil etilgan, hamda ma’lumotlar ba’zasi va elektron hujjatlar bilan jamoa ravishda ishlash imkonini beruvchi korxona yoki konsern miqyosidagi yagona axborot muhitni tashkil etuvchi kompyuter tarmog’idir.
Qisqacha qilib aytganda internet taraqqiyot mahsulidir. Internet har bir davlatni rivojlanishida muhim omil bo’lib hizmat qilmoqda.
Yurtboshimiz I.A.Karimovning 2005 yil 2 iyundagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish to’g’risida”gi PQ-91 sonli, 2013 yil 27 iyundagi “O’zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora tadbirlari to’g’risida”gi
PQ-1989-sonli qarorlari hamda 2015 yil 4 fevraldagi “O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalri va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligini tashkil etish to’g’risida”gi Farmonining qabul qilinishi bugungi kunda yurtimizda axborot texnologiyalarining rivojlanishida asosiy omil bo’lib xizmat qilmoqda.
Qabul qilingan qarorlarni samarasini esa ushbu raqamlarda ko’rishimiz mumkin: “UZ” hududidagi domenlar soni 2016 yilning 1 yanvar holatida 25,2 mingdan oshdi. Bu 2015 yilning xuddi shu davriga nisbatan 130 foizga ko‘p demakdir.
Ayni kunda ro‘yxatdan o‘tgan davlat axborot resurslari soni 320 taga (o‘tgan yil shu davrga nisbatan o‘sish 123 foiz) va davlat axborot tizimlari soni 466 taga yetdi (o‘tgan yil shu davrga nisbatan o‘sish 155 foiz). Mazkur tizimlar davlat idoralariga interaktiv xizmat ko‘rsatishni avtomatlashtirishda muhim omil sanaladi.
Mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni 13 mln ga yetgani, O’rta Osiyoda eng arzon Internet narxlari faqat yurtimizda ekanligi, qulay axborot manbaiga ega ekanligi va mobil aloqa vositalari orqali ham tarmoqqa ortiqcha qiyinchiliksiz ulanish mumkinligi qabul qilingan qarorlarning amaldagi isbotini ko’rsatadi.
Ammo, internetdan foydalanish turli yomon oqibatlarga olib kelayotganini ham bugun ommaviy axborot vositalari orqali ko’rishimiz mumkin. Bunga Suriya, Ukraina, Iroq, Eron va boshqa ko’plab davlatlar misol bo’la oladi.
Dunyodagi eng ashaddiy havflardan biri bu ISHID bo’lib uning asosiy qismini yoshlar tashkil qilayotgani achinarli holdir. Unga qo’shilib qolayotgan yoshlarni aksariyat qismi internet orqali bo’lgan muloqotlardan kelib chiqayotgani, yoshlarning internetdan foydalanish madaniyati yetishmasligi asosiy sabab bo’lib qolmoqda.
Shunday ekan madaniyatga ham qisqacha ta’rif berib o’tsak: Madaniyatga 500-600 dan ortiq ta’rif bo’lib ularni keng va tor ma’noda ko’rishimiz mumkin.
Tor ma’nodagi madaniyat tushunchasi bu jamiyatning faqat ma’naviy hayotini yoritish uchungina qo’llanishi tushuniladi.
Shunday ekan internetdan foydalanish madaniyati ham jamiyatning ma’naviy hayotini yoritishi va davlatni rivojlanishi uchun hizmat qilishi kerak.
Ta’kidlash joizki, “Bugungi kunda yoshlarimiz nafaqat o‘quv dargohlarida, balki radio-tеlеvidеniе, matbuot, Intеrnеt kabi vositalar orqali ham rang-barang axborot va ma’lumotlarni olmoqda. Jahon axborot maydoni tobora kеngayib borayotgan shunday bir sharoitda bolalarimizning ongini faqat o‘rab-chirmab, uni o‘qima, buni ko‘rma, dеb bir tomonlama tarbiya bеrish, ularning atrofini tеmir dеvor bilan o‘rab olish, hеch shubhasiz, zamonning talabiga ham, bizning ezgu maqsad-muddaolarimizga ham to‘g‘ri kеlmaydi”. Intеrnеtning salbiy axboriy-ruhiy ta’sirlardan himoyalanishning asosiy vositalaridan biri aholining turli qatlamlari, ayniqsa yoshlar ongida barqaror himoya immunitеtini, mustahkam shaxsiy nuqtai nazarni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Binobarin, o‘sib kеlayotgan avlodni shunday tarbiyalashimiz kеrakki, ular axborot makoniga kirganda, faqat jamiyat va inson uchun zarur va foydali ma’lumotga ega bo‘lsin. Bu borada ularni oilada, o‘quv muassasalarida ularni muntazam nazorat qilib borish lozim, kеrak bo‘lsa, yoshlarda Intеrnеtdan to‘g’ri foydalanish madaniyatini o‘rgatish kеrak. Nafaqat yoshlarning, balki ota-onalarning ham Intеrnеt savodxonligini oshirish zarur. Chunki, bir nеcha tadqiqotlarda ota-onalarning yoshlarga nisbatan Intеrnеt borasida savodsizligi aniqlangan. Internetni faqat turli ijtimoiy muloqot vositasi yoki aksincha unda faqat to’g’ri va foydali ma’lumotlar bor deb fikr yurituvchilar haligacha talaygina.
Internetdan foydalanuvchi har qanday shaxs avvalo o’zida sog’lom fikr immunitetini hosil qilishi ya’ni internetdan faqatgina ijobiy ishlar uchun foydalanishini o’ylashi va oldiga maqsad qilib qo’yishi lozim. Yoshlarimiz ongida sog’lom fikr immunitetini hosil qilishi uchun esa quyidagi ishlarni amalga oshirilishi zarur:
Oilalarda farzand tarbiyasida uning axborot texnologiyalaridan xususan internetdan foydalanishiga alohida e’tibor qaratish va muntazam nazorat qilib borish;
Maktab, kollej, oliy ta’lim muassasalari va mahallalarda keng ommani AKTlar va internetdan to’g’ri foydalanish bo’yicha savodhonlikni oshirish uchun turli o’quv kurslarini tashkil etish va foydalanuvchilarni muntazam nazoratga olish;
Soha yetakchilari yoshlarni salbiy natijaga olib boruvchi ijtimoiy tarmoqlarga (odnoklassniki, telegram, instagram, watssap va boshq.) berilmasliklari uchun milliy ijtimoiy tarmoqni yaratishimiz va nazoratga olishimiz zarur.
Internetdan foydalanishda quyidagi tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiq bo’ladi:
Aniq maqsad belgilab oling. O’zingizga “Menga qanday ma’lumot kerak?, Buning uchun menda qancha vaqt bor?” degan savollarni bering;
Maqsaddan kelib chiqib bilgan saytingiz ro’yhatini tuzing yoki qidiruv tizimidan foydalaning;
Ma’lumotlarni qidirishda turli chaqiruvlar va reklamalarga e’tiboringizni chalg’itmang. Faqat belgilab olgan maqsadingiz sari harakat qiling. Ochgan sahifangizda siz uchun keraksiz ma’lumotlar bo’lsa, uni darhol yopib chiqib keting;
Diniy targ’ibotlarga boshlovchi va o’zida bexayolikni aks ettiruvchi ma’lumotlardan o’zingizni saqlang;
Har qanday yangiliklarga ham ishonavermang va izohlar bo’limida izoh qoldiravermang;
Ochilgan sahifalardagi turli reklamalar va havolalarga murojaat qilmang;
Turli notanish xatlar yoki reklama chorlovlariga ortiqcha vaqt ajratmang. Yaxshisi ularni o’qimaslikka harakat qiling va spamlar ro’yhatiga qo’shing;
Eletron pochtangiz parolini doimo sir saqlang;
Foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qiling. Uzoq vaqt internetda qolib ketmang. Tanaffuslarni tashkil eting. Zero, sog’lik siz uchun asosiysidir.
Yurtboshimizning “Ona yurtimizning baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo’lida hizmat qilish – eng oliy saodatdir” deya aytgan fikrlari har birimizni yurtiningning nurli kelajagi uchun hizmat qilishga undaydi.
Har birimiz qilayotgan ishimizda, o’qishimizda kasb-hunarimizda hatto internetdan foydalanishimizda ham yurtimizning baxtu iqbolini o’ylab harakat qilsak, intilsak albatta eng oliy saodatga erishgan bo’lamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati
“Informatika”. Mo’minov B.B. Toshkent-2014
“Dunyo siyosat jamiyat”. O.Ayupov. Guliston-2014
“Ona yurtimizning baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo’lida hizmat qilish – eng oliy saodatdir”. I.Karimov. Toshkent-“O’zbekiston”-2015.
«Xabar» gazetasi. 2014 yil 10 oktyabr 41-son.
Do'stlaringiz bilan baham: |