Tayanch tushunchalar: tahlil bosqichlari, tasvir bosqichlari, tayyorlanish, tahlil qilish, bayon etish, koʻrsatish, xulosalash, bayon etish, koʻrsatish, aks ettirish, tasvirlash, tadqiq etish.
Badiiy tahlil muayyan hozirlikni talab qiladigan ilmiy-estetik jarayondir. Bu jarayon muayyan bosqichlarga boʻlingan holda amalga oshiriladi. Chunki boshqa har qanday faoliyat singari badiiy tahlil ham birdaniga sodir etilmaydi. Badiiy asarni tahlil etishda matn bilan ishlashning uch bosqichi borligini kuzatish mumkin. Birinchi bosqichida tadqiqotchi badiiy asar yuzasidan oʻzi taqdim etmoqchi boʻlgan talqinga imkoniyat hozirlaydi. Ilmiy tahlilning ikkinchi bosqichida badiiy matn tahlil qilinadi va bu tahlil imkon qadar hayotiy va badiiy mantiq nazaridan hamda olamni estetik koʻra bilish jihatidan asoslangan boʻlishiga e’tibor qilinadi. Uchinchi bosqichda matndan xulosa chiqariladi, asarning yutuq va kamchiliklari koʻrsatiladi hamda uning qadriyatlarimiz tizimidagi oʻrni belgilab beriladi. Aytilganlardan koʻrinadiki, badiiy tahlil mobaynida tayyorlanish, tahlillash va umumlashtirish-xulosalash singari uch bosqich bosib oʻtilishi lozim.
Tayyorgarlik bosqichida tahlil etiladigan asar matni oʻrganiladi, uning tahlilga tortiladigan, alohida e’tibor qaratiladigan jihatlari aniqlab olinadi, asosiy kuzatishlar belgilab chiqiladi. Ana shunda ikkinchi – asosiy bosqich muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilishi mumkin.
Tahlillash bosqichida esa asosiy ish amalga oshirilishi lozim boʻladi. Bunda matning jozibadorligini ta’minlagan estetik omillar: timsollar tizimi, personajlar ruhiyatini koʻrsatishda qoʻllanilgan usullar, ifoda tarzidagi oʻziga xoslik, til xususiyatlari singari jihatlar tekshiriladi. Tahlil qilinayotgan asarning estetik qimmati, milliy badiiy tafakkur taraqqiyotidagi oʻrni, asarning millat estetik ongini rivojlantirishdagi oʻrni belgilab beriladi.
Xulosalash-umumlashtirish bosqichida asarning muayyan ijodkor estetik taqdiri va milliy badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan oʻrni yuzasidan umumlashma xulosa beriladi.
Badiiy tahlillash bosqichlari, deyarli hamisha badiiy tasvir bosqichlari bilan baqamti keladi. Badiiy tasvirning mukammalashishi uchun filologik tahlil chuqurlashmogʻi, filologik tahlil puxta boʻlishi uchun badiiy tasvirning yuksalishi talab etiladi. Chuqur badiiy tahlilsiz, teran badiiy tasvir boʻlishi gumondir. Koʻp asrlik oʻzbek adabiyoti tarixi mobaynida badiiy matn rivoji bilan adabiy fikr, ya’ni estetik tahlil taraqqiyoti yonma-yon keladi. Navoiy zamonasida buyuk adib bitiklariga yaqin keladigan tanqidchilik mavjud boʻlganligi uchun ham yuksak badiiy asarlar paydo boʻlgan. Toʻgʻri, u paytlarda hozirgi ma’nodagi tahlil boʻlmagan esa-da, Taroziy, Navoiy, Bobur asarlarida namoyon boʻlgan badiiy tahlil adabiyotshunoslikning qanday saviyada ekanligini koʻrsatishi jihatidan xarakterlidir.
XX asr boshlarida oʻzbek adabiyoti tashqi estetik-falsafiy ta’sirlarga toʻla berildi. Natijada, milliy adabiyotning avvalgi mukammalligiga bir qadar salbiy ta’sir koʻrsatildi. Milliy adabiyot jahoniy estetik talablarni hisobga olgan holda evrilishga uchraydi. Yangi janrlar yuzaga keldi, maishiy turmush, oddiy odam tasvir obyektiga aylantirildi. Ijtimoiy muammolar badiiy adabiyotning mavzusiga aylandi. Badiiy adabiyotning mafkuraviy siquvlarga yoʻliqishi va uning ijtimoiy qobiqlarni yorib chiqish tajribasi ortib borishiga hamda adabiyotda tag ma’noni berish san’atning rivojlanishiga monand ravishda yangi oʻzbek adabiyoti tasvirning besh bosqichini boshidan oʻtkazdi. Bu bosqichlarni quyidagicha ifodalash mumkin:
1) bayon etish (XX asr boshlari);
2) tasvirlash (30-yillar);
3) aks ettirish (50-60);
4) ifodalash (70-80-yillar);
5) tadqiq etish (asr adogʻi).
Turkistonda asrlar mobaynida badiiy asarga estetik fenomen tarzida yondashib kelingan. XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlaridan e’tiboran badiiy adabiyotga ijtimoiy yuk ortishga ahamiyat berildi. Shu bois badiiy asarda nimaning ifodalanganligi muhim boʻlib koldi. Bu davrdagi aksar bitiklarda muallif gʻoyasi bayon qilinishi birinchi oʻringa chiqdi.
Adiblar koʻp asrlik milliy ifoda yoʻsinidan uzoqlashib, Botish tajribasini oʻzlashtira borgani sari shoʻrolar hukmronligining dastlabki davri, ya’ni 20- yillar mobaynidan mehnatkashlar hayoti, kechinmalari, qahramonlarning xatti-harakatlari-yu tuygʻularini tasvirlash san’atini egalladilar. Adiblar endilikda aytib berish, ya’ni bayondan tiyilib, asarlarida odamni sirtdan turib, tasvirlashga e’tibor qildilar. Bu holda odamning hamma jihati emas, balki zarur xususiyatlari ilgʻab olinib, saralanib, tasvirga tortildi.
Badiiy tajribalar ortib boruvi barobarida aks ettirish bosqichiga oʻtildi. Endi personaj, qalamga olingan odam ichdan oʻzi boʻlib koʻrsatildi, ya’ni aks ettirildi. Bu davrda bayon ham, tasvir ham qoniktirmay, hayot haqiqatiga muvofiqlik asosiy mezonga aylandi. Holbuki, turkiy adabiyot uchun hayot haqiqatiga rioya etish hech bir zamonda oʻlchov boʻlmagan edi.
XX asrning soʻnggi choragidan boshlab shu kunga qadar bayon qilish, tasvirlash, aks ettirish singari faoliyat turlari bilan birgalikda tadqiq etishga alohida e’tibor qaratila boshlandi. Hozirda asar qahramonlari muayyan holga kelganligining ijtimoiy, psixologik, intellektual-fiziologik sabablari tekshirilishi rasm boʻlib bormoqda.
Badiiy matn yaratish borasidagi bosqichlarga deyarli muvofiq ravishda badiiy tahlil ham muayyan bosqichlarni bosib oʻtdi. Jumladan, XX asrning boshlarida badiiy tahlil asar sujet bayonidan iborat boʻldi. Bu xil tahlil uchun asarning estetik qimmatini aniqlashdan koʻra, uning ijtimoiy ahamiyatini belgilash muhim sanalardi. Shu sababdan badiiy matnga funksional yondashuv qaror topdi. Har qanday jamiyat qarama-qarshi sinflardan iborat degan qarash hukmronlik qilgan XX asrning 30- yillaridan 70- yillarga qadar boʻlgan oraliqda badiiy matn tahliliga ijtimoiy yondashuv ustuvorlik qildi. Aslida, bu xil yondashuvni tahlil deyish ham qiyin. Bu davrda talqin yetakchilik qildi. Chunki bu xil tahlilda matnning badiiy jihatlari, jozibasi emas, balki nimaga bagʻishlangani, qanday masalani koʻtarib chiqqanligi, qanday ijtimoiy kuchlarga xizmat qilganligi tekshirilardi.
Oʻtgan asrning 80- yillaridan boshlab milliy tahlilchilikda chinakam tahlilga yuz burildi, badiiy matn tadqiq etila boshlandi. Asarning jozibasini ta’minlagan omillar, uning zavqiyobligiga sabab boʻlgan vositalar koʻrsatila boshlandi.
Aytish kerakki, badiiy tahlilning taraqqiyoti pastdan yuqoriga tarzda joʻn sodir etilmay, oʻta murakkab tarzda namoyon boʻlgan jarayondir. Asr boshlarida Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon, V.Mahmud singari badiiy matnga estetik hodisa tarzida yondashuvchi va asarning jozibasini ta’minlagan omillarni koʻrsatishni koʻzda tutgan tahlilchilar boʻlgani singari Ayniy, S.Husayn, A.Sa’diy, R.Trigulov, Tuygʻun singari sof vulgar sotsiologlar hamda Oybek, O.Hoshim, H.Olimjon singari ijtimoiy va estetik yondashuvni uygʻunlashtirishga intilgan tahlilchilar ham faoliyat koʻrsatishdi. Tahlil mahorati ortib borgani, tajriba koʻpaygani, estetik hodisalarga mafkuraviy yondashuv kamaygani sari ifodada ta’sirchanlik va tabiiylik ham kuchayib bordi.
5-mavzu: BADIIY TAHLILNING YOʻNALISHLARI
REJA:
1. Tahlil yo‘nalishi tushunchasining mohiyati.
2. Badiiy matnni o‘rganishda tahlil yo‘nalishini to‘g‘ri belgilashning ahamiyati. 3. Genetik yo‘nalishga xos xususiyatlar.
4. Tipologik yo‘nalishining belgilari.
5. Funksional yo‘nalish sifatlari.
6. Falsafiy yo‘nalishga xos xususiyatlar.
7.Tahlilning psixologik yo‘nalishi.
8. Badiiy tahlilning filologik yo‘nalishiga xos xususiyatlar
Do'stlaringiz bilan baham: |