O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi
TOSHKENT MOLIYA INSTITUTI
ISH YURITISH ASOSLARI
O’quv qo’llanma
(bakalavriat yo’nalishi uchun)
Toshkent-2004
U.Boymatova D.Sobirjonova S.Sagdieva
Ish yuritish asoslari. O’quv qo’llanma.
-T: TMI, 2004. 87 b.
Mualliflar:
Ushbu o’quv qo’llanma iqtisodiyot sohasida ta’lim olayotgan talabalar uchun mo’ljallangan bo’lib, uning asosiy maqsadi qanday qilib bozor iqtisodiyoti sharoitida muvaffaqiyatli faoliyat olib borish va uning asosiy qonun-qoidalariga asosan tadbirkorlik hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish maslalarini oydinlashtirishdir. Ya’ni, obrazli qilib aytganda, bozor iqtisodiyoti qonunlari asosida qanday qilib atrof-muhitdagi hayot bilan uyg’unlashib yashash va unda muvaffaqiyatli ishlash asosiy tamoyillari amaliy yo’nalishlarida atroflicha yoritiladi.
O’quv qo’llanma Toshkent Moliya instituti qoshidagi Oliy o’quv yurtlararo ilmiy- uslubiy Kengash majlisida muhokama qilingan va nashrga tavsiya etilgan.
Taqrizchilar: i.f.n., prof. I.Igamberdiev
i.f.n., dots. B.Matrizaev
Toshkent Moliya instituti, 2004
SO’Z BOSHI
Boshqaruv faoliyatida ish yuritish asosiy o’rinlarni egallaydi. Ish yuritishning asosini hujjatlar tashkil qiladi. Biror korxona yoki tashkilotning faoliyatini hujjatlarsiz mutlaqo tasavvur qilish qiyin. Hujjatlar mehnat jamoalarining faoliyatini tartibga solib turadi, ya’ni tashkilot rahbari ishlab chiqarish yoki xizmat ko’rsatishlarni tegishli rasmiy hujjatlar asosida boshqaradi. Tashqi va ichki ishlab chiqarish (xizmat ko’rsatish) munosabatlari samarali bo’lishida ish yuritish hujjatlarining sifatlari va ularning tuzilish tartibi, mazmuni talablarga javob berishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Tashkilotlardagi faoliyatni ishlab chiqarish (xizmat ko’rsatish) taraqqiyotiga muvofiq tashkil etishda, umuman, menejment sohasida hujjatlarning o’rni va ahamiyati beqiyosdir. Ba’zan hujjatlarga jiddiy munosabatda bo’linmaydi, ularga shunchaki bir qog’ozbozlik, nokerak va ortiqcha bir ish sifatida qaraladi. Mukammal va oqilona tashkil etilgan hujjatchilik har qanday tashkilotdagi ish yuritishning asosi ekanligini bugungi kunda isbotlab o’tirish shart emas.
Tashkilot o’zining ichki faoliyatida va tashqi munosabatlarida foydalanadigan qator hujjatlar mavjudki, ularni bunyod etish tartibi, mazmuni, shakli, tasdiqlash tartibi kabi asosiy ishlarni qabul qiladigan qoidalarga rioya qilish talab etiladi. Bu hujjatlar asosan quyidagilar: ariza, tarjimai xol, tavsifnoma, tavsiyanoma, dalolatnoma, farmon, farmoyish, buyruq, majlis bayoni, taklifnoma, bildirishnoma, tilxat, ishonchnoma, guvohnoma, xizmat xatlari, munosabat belgisi, bosma ish qog’ozlari, kafolat xatlari, e’lon, yo’riqnoma, ma’lumotnoma, shartnoma, hisobot va boshqalar.
Ushbu “ish yuritish” fani bo’yicha talabalarga turli tashkilotlarning faoliyatlari bilan bog’liq bo’lgan ichki va tashqi hujjatlarning mazmuni, bunyod etish tartibi va shakllari bilan tanishtiriladi. Bundan tashqari talabalar ushbu fandan amaliy mashg’ulotlarda mavjud hujjatlarni turli ishlab chiqarish (xizmat ko’rsatish) holatlari uchun qoidalari va tartiblarini o’rganadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |