FAOLLASHTIRUVCHI SAVOL VA TOPSHIRIQLAR:
1. Siz «inson», «jamiyat» deganda nimani tushunasiz? O‘zingizni jamiyat a’zosi deb hisoblaysizmi?
2. Rasmlardagi barcha shaxslarni birlashtirib, «jamiyat» degan so‘zga ta’rif berib ko‘ring.
3. Jamiyat qachon paydo bo‘lgan, deb o‘ylaysiz? Jamiyat tarixi bilan qiziqqanmisiz?
Inson (arab. unutmoq) — olamdagi boshqa biologik mavjudotlardan ajralib turadigan muhim xususiyatlarga, ya’ni aql, ma’naviyat, madaniyat, axloq, tafakkur, til va boshqa jihatlarga ega bo‘lgan ijtimoiy mavjudotdir. Insonning o‘ziga xos bo‘lgan asosiy fazilatlari, bu — uning axloq-odobi, ta’lim-tarbiyasi, yurtiga nisbatan muhabbati, uning tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi shaxsiy javobgarligi hisoblanadi. Inson nasliga xos bo‘lgan xususiyat — uning ongliligi, tafakkur qila olishi, axloqiy normalarni aqlan va jismonan bajara olishidir. Boshqa tirik mavjudotlardan hech biri insondek o‘z faoliyatini tartibga sola olmaydi. Darhaqiqat, faqat insongagina ato etilgan bunyodkorlik, yaratuvchanlik fazilatlari uni jamiyat gultojiga aylantiradi. Jamiyat odamlarning o‘zaro munosabatlari, aloqalari amalga oshiriladigan guruhlar majmuyi va jamoasi hamdir. Har qanday jamoa ham jamiyat bo‘lavermaydi. Lekin istalgan jamiyat jamoa hisoblanadi. Inson jamiyat a’zosi ekan, shu ijtimoiy shart-sharoit muhitida yashaydi.
Demak, inson va jamiyat bir-biri bilan uzviy bog‘liq: inson jamiyatdan tashqarida o‘zining haqiqiy mohiyatini yo‘qotadi. Jamiyatdagi munosabatlar qanchalik boy, xilma-xil bo‘lsa, uning ma’naviy-madaniy sifatlari ham shunchalik mustahkam bo‘ladi. Jamiyat asta-sekin taraqqiy etib, fuqarolik jamiyatiga aylanadi. Insonlarning bu jamiyatda yashashdan maqsadi — farovon turmush kechirishdan iborat. Vatanimizdan yetishib chiqqan qomusiy allomalar Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Alisher Navoiy singari ulug‘ mutafakkirlar jamiyatning paydo bo‘lishi, mohiyati va istiqbollari to‘g‘risida ilg‘or ilmiy qarashlarni ilgari surganlar. Xususan, Alisher Navoiy ijodida dunyodagi eng katta boylik hazrati inson deyilgan. Uning fi kricha, butun mavjudot, borliq inson uchun, uning baxtu saodati uchun xizmat qilishi lozim. Bobokalonimizning ushbu fikrlari hozirda ham dolzarb sanaladi.
IJODIY FAOLIYAT
1. Mazkur rasmlarda tasvirlangan fuqarolarning jamiyat bilan qanday bog‘liqligi bor? Jamiyatning faol a’zosi bo‘lish uchun qanday sifatlarga ega bo‘lish kerak?
2. Siz kelajakda qanday kasb egallamoqchisiz? Siz tanlaydigan kasb sizni jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lishingizga qanchalik aloqadorligi bor?
3. Faol fuqaro deb qanday insonlarni ataymiz?
O‘zbekistonda jamiyat taraqqiyotining asosiy vazifalaridan biri, bu fuqarolarning, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy dunyosini shakllantirish va boyitish, ularni milliy g‘oya asosida tarbiyalash, xalqimizning madaniy va ma’naviy merosi va qadriyatlarini egallashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hisoblanadi.
MULOHAZA UCHUN
Buzrugmehrdan so‘rabdilar:
— Siz bir vaqtlar Sosoniylar davlatining oqil vaziri bo‘lgansiz. Hozir ham sizdan haqiqatgo‘y va dono odamni topib bo‘lmaydi. Aytingchi, Sosoniylar davlati nima sababdan inqirozga uchradi?
— Buning sabablari: birinchidan, podshohlar o‘z atrofi dan dono va fozil kishilarni uzoqlashtirib, davlat ishlarini besavod va salohiyatsiz odamlarning qo‘liga topshirib qo‘ydilar. Ikkinchidan, podshohlar o‘z farovonliklarini xalq farovonligidan ustun qo‘ydilar. Xalqni o‘ylamadilar, adolatsizliklarni avj oldirdi lar. Buning natijasida xalq podshohni qo‘llamadi, bosh-boshdoq bo‘lgan davlat esa dushman tomonidan osonlik bilan bosib olindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |