Inson manfaatlarini ta’minlash islohatlarning maqsadi Reja


Inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash – barcha islohot va o‘zgarishlarimizning bosh maqsadidir



Download 112,5 Kb.
bet2/2
Sana03.01.2021
Hajmi112,5 Kb.
#54053
1   2
Bog'liq
Inson manfaatlarini ta’minlash islohatlarning maqsadi

Inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlash – barcha islohot va o‘zgarishlarimizning bosh maqsadidir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2007 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2008 yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasi.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

Bugungi majlisimizning bosh maqsadi va vazifasi – o‘tgan yil davomida erishgan marralarimizni, iqtisodiyotimizda, umuman jamiyatimiz hayotining turli sohalarida ro‘y bergan o‘zgarishlar va jarayonlarni tanqidiy baholab, joriy 2008 yilda mamlakatimizni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish borasida asosiy e’tibor va sa’y-harakatlarimizni qaratish zarur bo‘lgan muhim ustuvor yo‘nalishlarni aniq-ravshan belgilab olishdan iborat.

Respublikamizning 2007 yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlarini baholar ekanmiz, quyidagi masalalarga qisqacha to‘xtalib o‘tish va ta’kidlashni istardim.

O‘tgan yili mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori barqaror sur’atlar bilan o‘sishi va makroiqtisodiy mutanosibligi ta’minlandi, ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash ishlari davom ettirildi.

Mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 9,5 foizni tashkil etdi, ishlab chiqarish hajmi sanoatda 12,1 foizga, qishloq xo‘jaligida 6,1 foizga oshdi.

Bu ko‘rsatkichlarning barchasi 2007 yilning prognoz parametrlariga nisbatan ancha yuqoridir.

Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,1 foiz profitsit bilan bajarildi. Inflatsiya darajasi tasdiqlangan parametrlar doirasida saqlangan holda, 6,8 foizni tashkil etdi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston iqtisodiyotining izchil rivojlanishi ekstensiv omillar, jahon bozorida neft, gaz va boshqa xomashyo resurslarining narxi tinimsiz o‘sib borayotgan bir sharoitda o‘sish sur’atlari bularning hisobidan ta’minlanayotgani yo‘q.

Bunday iqtisodiy o‘sishga erishishda, avvalambor, keng ko‘lamli tizimli bozor islohotlarini joriy etish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, iqtisodiyotda chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va yangilash, eksportga ixtisoslashgan yangi tarmoq va korxonalar barpo etish, biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga qaratilgan, har tomonlama puxta o‘ylangan siyosatning amalga oshirilayotgani prinsipial ahamiyatga egadir.

Sanoat, qurilish, kommunikatsiya va xizmatlar sohasi tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Bugungi kunda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoatning ulushi 25 foizni, xizmatlar sohasining hissasi 43 foizni, kichik biznesning ulushi esa 46 foizni tashkil etmoqda.

Yoqilg‘i-energetika, gaz, neft va kimyo majmualari, energetika, oltin qazib olish va rangli metallurgiya, kimyo va qurilish materiallari sanoati mahsulotlari hamda axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasi iqtisodiyotimizda va eksport tarkibida o‘zining yetakchi mavqeini mustahkamlab bormoqda.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borilmoqda. Buning natijasida keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi tubdan o‘zgardi. Shirkatlarni fermer xo‘jaliklariga aylantirish jarayoni amalda nihoyasiga yetdi. Xususiy fermer xo‘jaliklari o‘z mohiyatiga ko‘ra qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining asosiy shakliga, sohani barqaror va samarali rivojlantirishni ta’minlaydigan yetakchi kuchga aylandi.

Hozirgi kunda respublikamizda 215 mingdan ortiq fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda, ularda 1,6 million kishi yoki sohada band bo‘lgan aholining qariyb 90 foizi mehnat qilmoqda, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarining qariyb 85 foizi ana shu xo‘jaliklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan yili mamlakatimiz bo‘yicha tayyorlangan yalpi paxta hosilining 99 foizi, g‘allaning 82 foizi fermer xo‘jaliklari tomonidan yetishtirildi.

Yurtimizda tayyorlanayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy hajmida fermer va dehqon xo‘jaliklarining ulushi salkam 94 foizni tashkil etmoqda.

Qishloqda bozor infratuzilmasi amalda yangitdan barpo etildi, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni tashkil etish va rag‘batlantirish, sohani boshqarish prinsiplari va tizimi sifat jihatdan mutlaqo yangicha tamoyillar asosida yo‘lga qo‘yildi.

Joylarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga xizmat ko‘rsatadigan bozor infratuzilmasi subyektlarining keng tarmog‘i yaratildi. Qishloq xo‘jaligi xomashyosini kompleks qayta ishlashga ixtisoslashgan 200 dan ziyod agrofirma faoliyat ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, qishloqda haqiqiy mulkdor – yer egasi paydo bo‘ldi, uning mehnatga munosabati, o‘z ishining natijalaridan manfaatdorligi butunlay o‘zgarmoqda.

Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan, birinchi navbatda paxta va g‘alladan eng yuqori hosil olingani, sohada ishlab chiqarish hajmi keskin ko‘paygani dehqonchiligimizdagi tub sifat o‘zgarishlarining samarasidir desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

O‘tgan yili paxta xomashyosi yetishtirish 3 million 650 ming tonnadan, yalpi g‘alla hosili esa 6 million 250 ming tonnadan oshib ketgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Mamlakatimiz iqtisodiyotida ro‘y berayotgan jiddiy tarkibiy o‘zgarishlar tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlarda o‘zining aniq ifodasini topmoqda.

Yurtimizda 2007 yili eksport hajmining o‘sish sur’ati 40,7 foizga ortib, importga nisbatan sezilarli darajada yuqori bo‘ldi.

Bu o‘z navbatida yil yakunlari bo‘yicha tashqi savdo aylanmasida 3,5 milliard dollardan ortiq miqdorda ijobiy saldoga erishish va oltin-valuta zaxiralarimizni 1,5 barobar ko‘paytirish imkonini berdi.

O‘tgan davr mobaynida eksport tarkibida tayyor mahsulot hajmi katta sur’atlar bilan ortib, bugungi kunda 38 foizdan ziyodni tashkil etmoqda.

Bular qatoriga, avvalambor, mashina va asbob-uskunalar, neft-kimyo mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, paxta tolasidan tayyorlangan ip-kalava va gazlama, trikotaj va oziq-ovqat tovarlari, kabel-o‘tkazgich mahsulotlari, qurilish materiallari kiradi.

Yil davomida mashina va asbob-uskunalar, elektrotexnika mahsulotlari eksporti 1,5 barobar, kimyo sanoati mahsulotlari 1,6 barobar, farmatsevtika mahsulotlari 1,5 barobar, to‘qimachilik mahsulotlari 1,2 barobar, qurilish materiallari 2 barobar, meva-sabzavot mahsulotlari esa 1,6 barobar oshdi.

Xizmatlar, ayniqsa, transport va telekommunikatsiya xizmatlari eksporti yuksak sur’atlar bilan o‘sib bormoqda.

Tashqi savdo yuklarini tashish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yangi transport yo‘laklarini ochish, respublikamiz tranzit salohiyatini keskin kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Mahalliylashtirish dasturini bajarish hisobidan 2007 yilning o‘zida 270 ta loyiha joriy etilib, 60 dan ziyod yangi mahsulot turini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, sarf-xarajatlar sezilarli ravishda kamayib, ishlab chiqarish hajmi o‘sdi.

Buning natijasida qariyb mingta qo‘shimcha yangi ish o‘rni yaratildi. Mahalliylashtirish dasturining amaldagi samarasini hisoblaganda, u salkam 2 milliard dollarni tashkil qildi.

2007 yil davomida iqtisodiyotimizga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 23 foizga ortdi va 4,3 milliard dollardan ziyod miqdordagi mablag‘ni tashkil etdi. Bu esa o‘tgan yillar mobaynida erishilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Shunisi diqqatga sazovorki, jami investitsiyalarning 70 foizdan ortig‘i ishlab chiqarish obyektlari qurilishiga, jumladan, salkam 50 foizi korxonalarni texnik va texnologik modernizatsiya qilishga yo‘naltirildi.

Shu borada e’tiboringizni bir masalaga qaratmoqchiman. Jalb etilgan investitsiyalarning umumiy hajmida chet el investitsiyalari, ayniqsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar salmoqli o‘rinni egallaydi.

O‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 58 foizga ortib, 1 milliard dollarni tashkil etdi. Ularning 76 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritilgan xorijiy investitsiyalar ekanini ta’kidlash lozim.

Investitsiya dasturi doirasida 2007 yilda 300 dan ziyod yirik investitsiya loyihasi nihoyasiga yetkazildi. Xususan, “Zevarda” konida kompressor stansiyasi, Ko‘kdumaloq konida yo‘ldosh gazlarni utilizatsiya qiluvchi uchta uskuna, 142 kilometrlik gaz quvuri va 184 kilometrlik elektr uzatish tarmog‘i ishga tushirildi.

Shuningdek, Rezaksoy suv ombori qurilishi yakunlandi. Navoiy shahri xalqaro aeroportida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

To‘qimachilik sanoati bo‘yicha rivojlantirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash dasturiga kiritilgan 66 ta korxonadan 34 tasida tayyor mahsulot ishlab chiqarish boshlab yuborildi, yana 20 ta korxonada qurilish ishlari va asbob-uskunalarni yetkazib berish jarayoni tugallanmoqda. Modernizatsiya qilingan korxonalarda qisqa vaqt ichida ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobar oshdi.

Yangi qurilgan, loyiha muddatidan bir yil oldin foydalanishga topshirilgan 223 kilometrlik “Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on” temir yo‘lining yurtimiz taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

2007 yil uchun tasdiqlangan yo‘l qurilishi dasturiga muvofiq, 245 kilometrlik avtomobil yo‘llari qurildi va rekonstruksiya qilindi, 1 ming 750 kilometrdan ko‘proq xalqaro va davlat ahamiyatiga molik umumiy foydalaniladigan yo‘llar kapital va joriy ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.

2007 yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokida 700 dan ziyod yangi korxona barpo etildi.

Qo‘shma korxonalar birinchi galda yuksak texnologiyaga asoslangan tarmoqlarda – yengil, oziq-ovqat, elektrotexnika, kimyo va neftkimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari sanoatida, telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida tashkil etilayotgani e’tiborga loyiqdir.

Hozirgi kunda respublikamiz tashqi savdo aylanmasining uchdan bir qismi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda va ularning eksport hajmidagi ulushi o‘tgan yili 60 foizni tashkil etdi.

Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligimiz faol rivojlanmoqda. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi hamda moliyaviy resurslarni boshqarish sohalarida strategik loyihalarni amalga oshirish uchun o‘tgan yili qariyb 330 million dollar miqdorida imtiyozli kreditlar va 46 million dollarlik grantlar jalb etildi.

Investitsiya va sarmoyalar haqida gap borganda, bir muhim masalaga alohida to‘xtalib o‘tishni zarur deb bilaman.

Bugun joylarda iqtisodiyotni yuksaltirish, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan yangi korxonalarni barpo etish va rekonstruksiya qilish uchun xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohasi va kasanachilikni rivojlantirish nechog‘liq katta, hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini kimgadir isbot qilib berishga hojat yo‘q. Bu avvalambor, aholi bandligi, uning ish haqi va daromadlarini oshirish, bu oxir-oqibatda respublikamiz hududlari, shahar va tumanlarimizdagi eng muhim ijtimoiy muammolarni yechish demakdir.

Bu – viloyat, shahar va tumanlarning mahalliy budjetlari o‘sishining asosiy manbaidir.

Hozirgi kunda Surxondaryo, Jizzax va Namangan kabi ba’zi viloyatlar va ko‘plab qishloq tumanlari budjetlarining dotatsiyada qolib ketayotgani, ya’ni respublika budjeti hisobidan ta’minlanayotgani birinchi navbatda mazkur hududlarda zamonaviy korxonalar, kichik biznes sohasi, savdo tarmoqlari, umuman infratuzilmani rivojlantirishga e’tibor berilmayotgani bilan bog‘liq, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Peshku, Shofirkon va Nurota, Xatirchi, Qo‘shrabot va Bandixon, Qorao‘zak, Taxtako‘pir va Baxmal, Yangiobod va boshqa tumanlarda mahalliy budjet xarajatlarining 50 foizdan ko‘prog‘i viloyat va respublikadan olinadigan dotatsiya hisobiga qoplanayotganini qanday baholash kerak? Bu savolga ana shu tumanlarning rahbarlari nima deb javob berishi mumkin?

O‘tgan yili Sirdaryo viloyatida mahalliy hokimiyat rahbarlarining tashabbusi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish hisobidan bironta ham loyiha amalga oshirilmaganini qanday izohlash lozim? Jizzax va Qashqadaryo, Navoiy, Namangan va Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham ahvol bundan yaxshi emas.

Mazkur hududlar ulkan iqtisodiy salohiyatga ega bo‘lishiga qaramasdan, ularda 2007 yilda o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 1-2 million dollardan oshmagani buni ko‘rsatib turibdi.

Vazirlar Mahkamasi o‘z majlisida ushbu masalani alohida ko‘rib chiqishi va tegishli qaror qabul qilishi zarur deb o‘ylayman.

Hurmatli do‘stlar!

Bugungi kunda jahondagi aksariyat mamlakatlarda moliyaviy qarzdorlik hajmlarining oshib borayotgani va bank aktivlarining yetishmasligi eng jiddiy va tashvishli muammolardan biriga aylangani hech kimga sir emas.

Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash lozimki, bizning tashqi qarzimiz hajmi va uni qoplash uchun ajratiladigan yillik mablag‘lar darajasi xalqaro mezonlar bo‘yicha eng past parametrlarni tashkil etadi.

Yalpi ichki mahsulotga nisbatan tashqi qarz 2007 yilning oxirida atigi 17 foizni, eksportimizning yillik hajmiga nisbatan esa 44 foizni tashkil etdi. Bu esa O‘zbekistonning o‘z majburiyatlari bo‘yicha vaqtida hisob-kitob qilish kafolatini beradigan eng ishonchli, to‘lovga qodir hamkorlar qatoridan munosib joy olishini ta’minlaydi.

Barchamizga bir holat yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman. Keyingi vaqtda qo‘shni mamlakatlarda va jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilib borayotgani kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda respublikamiz ichki bozorining, aholimizning oziq-ovqat mahsulotlari bilan ishonchli ta’minlanishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Shu munosabat bilan bizning 90-yillardanoq g‘alla mustaqilligiga erishish, aholining un va nonga, boshqa hayotiy muhim oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘la ta’minlash vazifasini o‘z oldimizga qo‘yganimiz va uni muvaffaqiyatli hal etganimiz uzoqni o‘ylab qilingan oqilona ish bo‘lganini eslash o‘rinlidir.

Bugungi kunda O‘zbekiston bug‘doy, un, paxta yog‘i, meva-sabzavot, quruq mevalar va uzum, poliz mahsulotlari kabi o‘ta zarur oziq-ovqat tovarlari bilan nafaqat o‘z ichki ehtiyojlarini to‘liq ta’minlamoqda, balki ularni yurtimizdan tashqariga ham eksport qilmoqda.

Hozirgi paytda aholining non, go‘sht va sut mahsulotlari, guruch, kartoshka va boshqa muhim oziq-ovqat mollariga bo‘lgan talabi o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan tovarlar hisobidan to‘liq qoplanmoqda va bunday holatni o‘zimizning ulkan yutug‘imiz deb hisoblaymiz.

2007 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada erkinlashtirish va rag‘batlantirish bo‘yicha ishlar davom ettirildi. Xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik huquqini himoya qilish borasidagi qonunchilikni mustahkamlash, bozor infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi.

Biznesni ro‘yxatga olish, ixtiyoriy ravishda yopish va tugatish, shuningdek, faoliyatning alohida turlari bilan shug‘ullanish huquqini beradigan litsenziya va ruxsatnomalar berish jarayonlari soddalashtirildi va tartibga solindi. Ko‘plab belgilanadigan jarimalar miqdori sezilarli darajada kamaytirildi, ayrim jarima turlari esa butunlay bekor qilindi.

Biznes sohasiga davlatning aralashuvini cheklashga qaratilgan ishlar davom etmoqda, biznes subyektlariga nisbatan har qanday sanksiya faqat sud qarori bo‘yicha qo‘llanishi ustidan monitoring olib borilmoqda.

Moliya, soliq va statistika hisobotlarining barcha shakllari va muddatlari keskin qisqartirilmoqda. Soliqqa tortish stavkalari unifikatsiya qilindi va kamaytirildi. Xususan, kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 13 foizdan 10 foizga tushirildi.

Tadbirkorlarga, avvalo, kichik biznes subyektlariga asosiy, shu jumladan, talab yuqori bo‘lgan moddiy resurslardan keng foydalanish imkonini beradigan barqaror bozor mexanizmi shakllandi. Masalan, o‘tgan yilda O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida umumiy savdo aylanmasi qariyb 2 barobar oshdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bozor islohotlarini chuqurlashtirish va iqtisodiyotni erkinlashtirish jarayonlari ko‘plab nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan munosib baholanmoqda.

Misol uchun, har yili dunyoning 162 ta mamlakati bo‘yicha iqtisodiy erkinlik indeksini e’lon qiladigan “Naslediye” fondi xalqaro reyting agentligining bu boradagi xulosasi e’tiborga sazovor. Bu tashkilot 2000-2007 yillarda O‘zbekistonda erkinlashtirish indeksi 18 punktga yaxshilanib, 53 foizni tashkil qilganini e’tirof etadi.

Hech shubhasiz, bu ko‘rsatkich milliy iqtisodiyotimizni erkinlashtirish sohasida sezilarli darajada rivojlanishga erishganimizdan dalolat beradi.

Yana bir muhim masala – 2007 yilda davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish sohasidagi yondashuvlar tubdan qayta ko‘rib chiqildi, korxonalar kapitalida davlat ishtirokini keskin kamaytirish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

Ayni vaqtda davlat mulkini baholash va keyinchalik xususiy mulk sifatida sotishni tartibga soladigan me’yoriy bazani erkinlashtirish yuzasidan ish olib borilmoqda.

Davlat mulkini investitsiya kiritish va boshqa majburiyatlar asosida sotish uchun xorijiy va mamlakatimiz investorlari bilan tuzilgan shartnomalarning umumiy qiymati 3-4 barobar ko‘payib, 310 million dollar hamda 57 milliard so‘mni tashkil etdi.

Jami tushumlarning 65 foizdan ortig‘i xususiylashtirilayotgan korxonalarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashga yo‘naltirilmoqda.

Natijada 2007 yilda xususiy sektorning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi 85 foizga yetdi. Sanoat mahsulotlarining qariyb 80 foizi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining salkam yuz foizi, chakana savdo aylanmasi esa to‘liq holda ana shu sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Shu o‘rinda bir masalaga takror va takror e’tiborni qaratish lozim, deb hisoblayman. Davlat obyektlarini xususiylashtirishda biz uchun eng asosiy tamoyil – bu ishning ko‘zini biladigan, omilkor mulkdorlarni jalb etish, korxonalarni haqiqiy egasiga, xususiylashtirilgan zavod yoki fabrikani modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, jahon bozorida raqobatga bardoshli mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishga qodir bo‘lgan mohir menejerlarga topshirish kerak.

Lekin, afsuski, ba’zi yangi mulkdorlar davlat mulkini juda arzon narxlarda sotib olyapti-yu, undan oqilona foydalanish, samarali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasi yechilmayapti.

Ilgari xususiylashtirilgan 7 mingdan ortiq korxona faoliyatini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, ularning 315 tasi mutlaqo to‘xtab qolgan, 450 tasi esa yarim quvvat bilan ishlamoqda. Natijada o‘tgan yili ko‘rilgan qat’iy chora-tadbirlar tufayli 198 ta ana shunday korxona bankrot deb e’lon qilindi, 204 ta korxona bo‘yicha bu jarayon davom ettirilmoqda. Yana 34 ta korxona bo‘yicha bankrotlikka tortish jarayoni boshlanish arafasida turibdi.

Albatta, bunday chora-tadbirlar o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Masalan, bankrotlik jarayoni davomida yangi mukldorlarga sotilgan 65 ta korxonada investorlar tomonidan 50 million dollar va 5,5 milliard so‘m mablag‘ kiritish mo‘ljallanmoqda.

Bunday tajribani bundan buyon ham davom ettirish darkor. Shunday natijaga erishishimiz kerakki, bizning pirovard maqsadimiz amalga oshsin – barcha korxonalarni o‘z ishi uchun qayg‘uradigan haqiqiy mulkdorlar, haqiqiy mulk egalari boshqarsin.

O‘tgan yilda bank-moliya sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish va ularning ko‘lamini kengaytirish masalalari doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lib keldi.

Birinchi navbatda, moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, tijorat banklarining kapitallashuv darajasini yanada oshirish va ularning erkinligini mustahkamlash masalalariga alohida ahamiyat qaratildi.

Bu borada ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida tijorat banklarining ustav kapitali qariyb 2 barobar oshdi, ularning jami kapitali esa 2006 yilga nisbatan 40 foizga ko‘paydi va 1,5 trillion so‘mga yetdi.

Banklarni aksiyadorlik banklariga aylantirish jarayoni jadal bormoqda. Bir yil mobaynida aksiyadorlar soni 12,5 mingtaga ko‘paydi va joriy yil boshida qariyb 200 mingtaga yetdi, ularning 68 foizini esa jismoniy shaxslar tashkil etmoqda.

Uchta tijorat banki – Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Paxtabank” va “Hamkorbank” yetakchi reyting kompaniyalarining xalqaro reytingiga ega bo‘ldi.

Tarmoqni kengaytirish, minibank va filiallar tashkil etish hisobidan tijorat banklari o‘rtasidagi raqobat muhitini shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda.

O‘tgan yili xo‘jalik subyektlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish maqsadida qariyb 2 trillion so‘m sarflandi.

Banklar tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etilgan kreditlar bir yilda 36 foizga, tadbirkorlar va xususiy shaxslarga berilgan mikrokreditlar miqdori esa 70 foizga ko‘paydi.

2007 yilda lizing, sug‘urta va faktoring xizmatlar bozori ham jadal rivojlandi.

O‘tgan yili aholi bandligi va uning daromadlarini oshirish masalasini hal etish borasida ham salmoqli ishlar qilindi.

Shu maqsadda qo‘shimcha ravishda 630 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etilib, ularning qariyb uchdan ikki qismi qishloq joylarida ochildi. Yangi ish o‘rinlarining 65 foizga yaqini kichik biznes va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari, 20 foizdan ortig‘i esa kasanachilik sohasi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarini ko‘paytirishni rag‘batlantirish dasturini amalga oshirish yuzasidan bajarilayotgan chora-tadbirlar bugungi kunda sezilarli natijalar bermoqda. Faqat 2007 yilning o‘zida qoramol boqish bilan shug‘ullanadigan 350 mingdan ziyod fuqaroga mehnat daftarchasi ochildi.

Bu esa ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasini ta’minlash imkonini berdi. Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida qoramol boqish bilan band bo‘lganlar sifatida ro‘yxatga olingan fuqarolarning umumiy soni esa bir million nafardan oshib ketdi.

Yangi ish o‘rinlarini tashkil etish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar 2007 yilning oxiriga kelib ish bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi o‘rtasida ishsizlar sonini mamlakatimiz bo‘yicha 5 foizgacha kamaytirish imkonini berdi.

O‘tgan yili aholi daromadlarini oshirish borasida ham izchil ishlar olib borildi.

Yaqin uch yilda ish haqini 2-2,5 barobar oshirish bo‘yicha o‘z oldimizga qo‘ygan strategik vazifaga muvofiq, 2007 yilda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori 1,5 barobar ko‘paytirildi. 2007 yilning dekabrida o‘rtacha oylik ish haqi, xo‘jalik subyektlari va budjet sohalarini hisobga olganda, 210AQSH dollari miqdoriga teng bo‘ldi.

2006 yildan boshlab umumta’lim maktablari o‘qituvchilari va shifokorlar mehnatiga haq to‘lashning yanada takomillashtirilgan tizimi joriy etildi. Natijada keyingi ikki yilda ularning ish haqi miqdori tegishli ravishda 2,8 va 2,7 barobar oshirildi.

Aholining real pul daromadlari bir yilda 27 foizdan ziyod ko‘paydi. Statistika idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, 2001 yilda mehnatga layoqatli aholining o‘rtacha ish haqi kun kechirish uchun minimum darajada zarur bo‘lgan mablag‘ning 99 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2007 yilda bu ko‘rsatkich 3 barobardan ko‘proq oshdi. Ta’kidlash joizki, bu raqam Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari o‘rtasida yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Mamlakatimiz, avvalambor, qishloq aholisining turmush sharoiti va sifati ham bosqichma-bosqich yaxshilanib bormoqda.

O‘tgan davrda, xalqaro moliya tuzilmalari mablag‘larini jalb etgan holda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati, Samarqand va Buxoro, Guliston, Jizzax va Qarshi shaharlarida aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi. 2007 yili qishloq joylarda 1,6 ming kilometrdan ortiq suv quvurlari va 710 kilometr gaz tarmoqlari foydalanishga topshirildi.

Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash 84 foizga, shu jumladan, qishloq joylarda 77 foizga yetdi, tabiiy gaz bilan ta’minlash 82 foiz, qishloqlarda esa 77 foizgacha o‘sdi.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida aniq maqsadli umummilliy ijtimoiy dasturlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

O‘tgan yili barcha turdagi ta’lim muassasalarida yangi qurilish va kapital rekonstruksiya qilish hisobidan eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya va ishlab chiqarish asbob-uskunalari bilan jihozlangan 169 ta kasb-hunar kolleji, 18 ta akademik litsey hamda 336 ming nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan 558 ta umumta’lim maktabi ishga tushirildi.

2007 yilda 170 ta bolalar sporti obyekti, jumladan, 27 ta sport inshooti, 143 ta maktab sport zali barpo etildi.

Bolalar sporti sohasidagi izchil va aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar millionlab farzandlarimizni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb qilish imkonini bermoqda.

Bu esa, hech shubhasiz, jismoniy va ma’naviy jihatdan sog‘lom avlodni tarbiyalashda o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

O‘tgan yili yurtimizda aholi salomatligini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilar ekanmiz, tibbiy xizmat sifati yanada yaxshilangani, birinchi navbatda vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish hisobidan aholini tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan qamrab olish darajasi kengayganini, o‘tkir yuqumli va virusli kasalliklarga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni alohida ta’kidlashni zarur deb bilaman.

Aholining turmush sharoiti va tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini izchillik bilan yaxshilash natijasida mamlakatimizda umumiy o‘lim ko‘rsatkichi keyingi 10 yilda qariyb 20 foizga kamaydi. Go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi esa yangi tug‘ilgan har 1000 nafar chaqaloqqa nisbatan 23 tadan 13 taga tushdi va birgina 2007 yilning o‘zida 11 foizga kamaydi.

2007 yili mamlakatimizda Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha maxsus dastur qabul qilindi va u bugungi kunda amalga oshirilmoqda.

Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan va amaliy maqsadga javob berishidan kelib chiqqan holda, tibbiyot sohasi boshqaruv tizimining barcha bo‘g‘inlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Davolash-profilaktika muassasalari tarmog‘ini qayta tashkil qilish, viloyatlarda kattalar va bolalar uchun ko‘ptarmoqli tibbiyot markazlarini barpo etish, tumanlar miqyosidagi tuzilmalarni takomillashtirish, qishloq vrachlik punktlarini mustahkamlash va ularning avvalo qishloq joylarda kasalliklarning oldini olishga qaratilgan faoliyatini kuchaytirishga doir ishlar boshlab yuborildi.

Diagnostika va davolash ishlarini yaxshilashda aholiga yuksak texnologik, noyob tibbiy xizmatlar ko‘rsatadigan, amalda o‘zini oqlagan respublika ixtisoslashgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmog‘ini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada aholimizning salomatligini muntazam ravishda nazorat qilib borish maqsadida tashkil etilgan keng tarmoqli skrining-markazlarning o‘rni va ahamiyati beqiyos, albatta.

Bularning barchasi pirovard natijada odamlarga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, xalqimizning hayot sifatini yuksaltirish va umr ko‘rish darajasini oshirishga qaratilgani bilan ayniqsa e’tiborlidir.

Hurmatli majlis ishtirokchilari!

O‘tgan davrda erishgan yutuqlarimizni tanqidiy baholab, oldimizda turgan uzoq muddatli vazifalarni, shuningdek, jahon bozorida bugun vujudga kelgan yo‘nalishlarni hisobga olgan holda, 2008 yilda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning asosiy ustuvor vazifalari sifatida quyidagilar belgilab olingan.

Makroiqtisodiy barqarorlik, ishlab chiqarishning izchil va mutanosib o‘sish sur’atlarini ta’minlash, jalb etilayotgan investitsiyalarni ko‘paytirish hisobidan tarkibiy o‘zgarishlarni qat’iy davom ettirish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash – biz uchun bosh vazifa bo‘lib qoladi.

2008 yilda biz yalpi ichki mahsulotni 8 foizga, ishlab chiqarishni – sanoatda 9,6 foiz, qishloq xo‘jaligida – 5 foizga, asosiy ishlab chiqarish tarmoqlariga kiritiladigan investitsiyalar miqdorini 17 foiz oshirishga erishishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘ydik. Inflatsiya darajasini o‘tgan yilgi ko‘rsatkich, ya’ni 6-8 foiz darajasida saqlash ko‘zda tutilmoqda.

2008 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy rivojlanish dasturida sanoatning strategik muhim tarmoqlari bo‘lgan yoqilg‘i-energetika kompleksi, rangli va qora metallurgiya sohasining o‘sishini ta’minlash alohida o‘rin tutadi.

Bunga yangi tabiiy konlarni o‘zlashtirish va mavjud mineral-xomashyo bazalari zaxiralarining ortishi, ana shu resurslarni qazib olish va qayta ishlashda samarali zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hisobidan erishish nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, kimyo va yengil sanoatni, neftkimyo, qurilish materiallari sanoatini, iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni rivojlantirishga ham ustuvor ahamiyat beriladi.

Iqtisodiyotimizning soha va tarmoqlarini barqaror, mutanosib va kompleks rivojlantirishning eng muhim omili bo‘lmish transport-kommunikatsiya infratuzilmasi jadal taraqqiy ettiriladi.

Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha muhim vazifalarni bajarish iqtisodiy siyosatimizning hal qiluvchi yo‘nalishi sifatida katta o‘rin egallaydi.

Barchamiz bir o‘tkir haqiqatni yaxshi anglab olmoqdamiz. Jahon bozorida raqobat tobora keskinlashib borayotgan hozirgi sharoitda mavjud korxonalarni rekonstruksiya qilmasdan, zamonaviy, ilg‘or va yuksak texnologik uskunalar bilan jihozlangan korxonalar tashkil etmasdan turib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni muntazam yangilamasdan turib iqtisodiyotimiz kelajagini, binobarin, aholi farovonligini yuksaltirishni ta’minlash mumkin emas.

Ayni shu vazifalarni yechish maqsadida 2007 yilda rangli va qora metallurgiya, avtomobil va kimyo, paxtani qayta ishlash va to‘qimachilik sanoati kabi yetakchi sohalar bo‘yicha qabul qilingan o‘ndan ortiq dasturning ijrosini so‘zsiz ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Davlat soliq va bojxona qo‘mitalari ushbu dasturlarning amalga oshirilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatsin, ajratilayotgan mablag‘ va resurslar, berilgan imtiyozlardan maqsadli hamda samarali foydalanish, manfaatdor xorijiy investorlarni jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratsin.

2008 yilda iqtisodiyotimizni rivojlantirishga barcha moliyaviy manbalar hisobidan qiymati 5,4 milliard dollardan ziyod, jumladan, umumiy qiymati taxminan 1,5 milliard dollarga teng bo‘lgan xorijiy investitsiyalarni kiritish ko‘zda tutilmoqda. Buning natijasida mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalarning o‘sish sur’ati 40 foizdan oshadi.

Joriy yilda xorijiy sarmoyalarni kiritish hisobidan 80 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish, umumiy qiymati 1,4 milliard dollarlik o‘ttizdan ziyod obyektni foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

2008 va undan keyingi yillarda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda 2006 yili tashkil etilgan va bugungi kunda 1,2 milliard AQSH dollari miqdoridagi valuta mablag‘lariga ega bo‘lgan O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi muhim o‘rin tutadi.

Mazkur Jamg‘arma, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan birga qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etib, muhim vazifalarni bajaradi. Faqat 2008 yilda ana shunday loyihalar bo‘yicha xorijiy sheriklar bilan birgalikda o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan mablag‘lar hajmi qariyb 800 million AQSHdollarini tashkil etadi.

Ikkinchi asosiy ustuvor yo‘nalish – bu islohotlarni chuqurlashtirish, iqtisodiyot, soliq-budjet siyosatini yanada erkinlashtirish, bozor infratuzilmasini jadal rivojlantirishdan iborat.

Aksiyadorlashtirish amaliy samara bermagan korxona va obyektlarni xususiy mulkdorlarga sotish hisobidan iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada kamaytirish borasidagi ishlarni davom ettirish kerak.

Amaldagi qonunchilikning me’yoriy qoidalarini qayta ko‘rib chiqish, qabul qilingan investitsiya majburiyatlarini so‘zsiz bajarish va xususiylashtirilgan korxonalarning samarali faoliyat yuritishi uchun yangi mulkdorlarning iqtisodiy va huquqiy javobgarligini nazarda tutadigan normalarni kuchaytirish lozim.

Bu borada asosiy vazifa – xususiylashtirish jarayonlariga ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnik yangilash, jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarish majburiyatini o‘z zimmasiga oladigan ishonchli va mas’uliyatli investorlarni jalb qilish uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishdan iboratdir.

Vazirlar Mahkamasi Davlat mulki qo‘mitasi, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Adliya vazirligi, Oliy xo‘jalik sudi ishtirokida ikki oy muddatda bu boradagi amaliy ishlarni tanqidiy baholagan holda, ushbu masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilsin.

Iqtisodiyotni erkinlashtirishda, birinchi navbatda, soliq yukini kamaytirish, soliqqa tortish tizimini soddalashtirish va unifikatsiya qilish masalalari muhim o‘rin tutadi.

Faqat 2000-2007 yillar mobaynida yurtimizda daromad solig‘i 38 foizdan 10 foizga, yagona ijtimoiy to‘lov 40 foizdan 24 foizga, kichik biznes subyektlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, ya’ni fermerlar uchun yagona soliq 10 foizga tushirildi.

Jismoniy shaxslar daromadidan soliq olish stavkasi ham tubdan qayta ko‘rib chiqildi va kamaytirildi. Natijada so‘nggi yetti yilda iqtisodiyotda umumiy soliq yuki 40 foizdan 27 foizga pasaytirildi. Shunga muvofiq korxonalarning moliyaviy resurslari ham tegishli ravishda oshdi.

Bu o‘z navbatida investitsiyalarning ko‘payishi, korxonalarning aylanma mablag‘larini to‘ldirish, ishchi va xizmatchilarning ish haqi va daromadlarini oshirish uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

Birgina 2007 yilda respublikamizdagi xo‘jalik subyektlari soliq imtiyozlari berilishi hisobidan o‘z moliyaviy resurslarini qo‘shimcha ravishda 830 milliard so‘mga to‘ldirishga erishgani bu fikrning yaqqol tasdig‘idir.

2008 yilda soliq sohasini yanada erkinlashtirish siyosati davom ettiriladi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari uchun yagona soliq stavkasi 10 foizdan 8 foizga kamaytiriladi.

Shuningdek, banklar uchun daromad solig‘i 17 foizdan 15 foizga tushiriladi. Buning natijasida bo‘shaydigan mablag‘lar banklarning kapitallashuvini oshirish uchun maqsadli ravishda yo‘naltiriladi. Boshqa barcha xo‘jalik subyektlari uchun daromad solig‘i stavkasi 10 foiz miqdorida barqaror saqlanib qoladi.

Shuni qayd etish joizki, bunday soliq stavkasi nafaqat Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida, balki iqtisodiy rivojlangan xorijiy davlatlar o‘rtasida ham eng past ko‘rsatkichlardan biridir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, taklif etilayotgan chora-tadbirlarni amalga oshirish qo‘shimcha ravishda 100 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni xo‘jalik subyektlari ixtiyorida qoldirish imkonini beradi.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, joriy yilning 1 yanvaridan boshlab jismoniy shaxslardan olinadigan soliq bazasini hisoblash va ko‘paytirish bo‘yicha yangi tizimning joriy etilishi munosabati bilan aholining real daromadlari sezilarli darajada ortadi.

Davlat budjetini bajarishga qaratilgan g‘aznachilik xizmati institutini rivojlantirish va mustahkamlash budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini ancha oshiradi.

Bu borada Moliya vazirligi huzurida yangi tashkil etilgan G‘aznachilik tuzilmasining moddiy-texnik bazasini barcha pog‘onalarda mustahkamlash, uni malakali kadrlar bilan ta’minlash, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash sohasida budjet tashkilotlarini moliyalash mexanizmini yanada takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish lozim.

Soliq tizimini boshqarishni isloh qilishda 2008 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon tajribasini va soliqqa tortishning amalda sinovdan o‘tgan yondashuv va tamoyillarini o‘rganish asosida tayyorlangan Soliq kodeksimizda ko‘zda tutilgan me’yor va qoidalar, avvalo, soliq tizimi va soliq munosabatlarini unifikatsiya qilish, mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror va mutanosib rivojlantirishda soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.

Shu sababli yangi Soliq kodeksining amaliy ijrosini diqqat bilan o‘rganish, uning qanday sharoitlarda samara berayotgani, qaysi holatlarda esa uni yanada takomillashtirish yoki tuzatish kiritish zarurligini aniqlash juda muhim.

Shu munosabat bilan Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasiga Iqtisodiyot vazirligi, Davlat monopoliyadan chiqarish qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga yangi soliq qonunchiligini amalga oshirish jarayonini monitoring qilish bo‘yicha maxsus Idoralararo guruh tashkil etish va zarur hollarda Vazirlar Mahkamasiga Soliq kodeksining ayrim moddalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi yuklatilsin.

Ma’lumki, iqtisodiyot rivojining bugungi bosqichida monopolizm ko‘rinishlariga qarshi kurash va amalda raqobat muhitini shakllantirish masalalari g‘oyat muhim ahamiyatga ega.

Mamlakatimizda monopoliyaga qarshi siyosat olib borish natijasida so‘nggi 10 yil mobaynida monopolist korxonalar soni 3,5 barobar, monopol mahsulotlar turi esa 26 barobar qisqardi. Faqat 2004-2007 yillar davomida yalpi ichki mahsulotning umumiy hajmida monopol mahsulotlar ulushi 26 foizdan 21 foizga tushdi.

Shu bilan birga, ayrim tarmoqlarda iqtisodiyotning monopollashuvi asossiz ravishda yuqori darajada saqlanib qolayotgani ishlab chiqarish hajmining o‘sishiga, mahsulot sifati va raqobatbardoshligining ortishiga, narxlarning pasayishiga hamon to‘sqinlik qilmoqda.

Jumladan, shular qatorida sement, shifer, polietilen, yengil va yog‘-moy sanoati mahsulotlari va boshqa bir qator tovarlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkoniyati nisbatan cheklangan holda saqlanib qolmoqda.

Bu esa ana shu mahsulotlarga konyunktura talablari oshib ketgan paytda monopolist korxonalarga o‘z mahsulotining narxini asossiz ravishda oshirish uchun qo‘l kelmoqda.

Davlat monopoliyadan chiqarish qo‘mitasi, Iqtisodiyot, Moliya va Adliya vazirliklari, Davlat soliq va Davlat bojxona qo‘mitalari, Savdo-sanoat palatasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga ana shu masalalarga doir ishlarning ahvolini o‘rganib chiqsin va bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga bozorning barcha ishtirokchilari uchun teng raqobat sharoitini ta’minlash bo‘yicha tegishli takliflar kiritsin.

Ma’lumki, iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish jarayonini tegishli bozor infratuzilmasi, ya’ni bank-moliya tizimi, lizing, auditorlik, sug‘urta, injiniring va boshqa tuzilmalarni rivojlantirmasdan turib amalga oshirish mumkin emas.

O‘tgan yil davomida bank faoliyati, auditorlik va sug‘urta kompaniyalari bo‘yicha qonunchilikni tartibga solish va mustahkamlash borasida salmoqli ishlar qilindi. Bu amaliy chora-tadbirlar avvalambor aholining yangi shakllanayotgan bozor institutlari va mexanizmlariga nisbatan ishonchini mustahkamlashga qaratilganini qayd etish lozim.

Buning natijasida 27 ta sug‘urta kompaniyasi o‘z nizom jamg‘armalari miqdorini belgilangan talablar darajasiga yetkazdi va ularning yalpi hajmi 2007 yilda 1,5 barobar ko‘paydi.

Sug‘urta mukofotlari miqdori bir yil davomida 45 foizga ortdi va 70 milliard so‘mdan ziyodni tashkil etdi. Ixtiyoriy shaxsiy sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta xizmatlari barqaror sur’atlar bilan rivojlanib, 80 foizga ortdi, mulkni sug‘urtalashning ixtiyoriy turlari esa 48 foizga o‘sdi.

Ayni paytda sug‘urtalashning umumiy hajmida majburiy sug‘urtalashni turli shakllarining ulushi nihoyatda past bo‘lib, 6 foizdan ham ortmaydi. Buning sababi xalqaro amaliyot talablariga mos bo‘lgan majburiy sug‘urtalashning ayrim turlari bizda joriy etilmagani bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, nafaqat mamlakatimizdagi, balki xorijiy mijozlarning ham ishonchini qozona oladigan yuqori malakali auditorlik, sug‘urta, lizing kompaniyalari va bozor infratuzilmasi boshqa xizmatlarining moliya bozorida yetakchi mavqega ega bo‘lishi uchun hali ko‘p ish qilishimiz lozim.

Shuning uchun ham “Transport vositalari egalarining javobgarligini majburiy sug‘urtalash to‘g‘risida”gi, “Ish beruvchining javobgarligini majburiy sug‘urtalash to‘g‘risida”gi qonunlarning ishlab chiqilishi va qabul qilinishini tezlashtirish zarur.

Moliya vazirligi, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, auditorlar va sug‘urtachilar assotsiatsiyalari bir oy muddatda moliya-bank, auditorlik va sug‘urta faoliyatini rivojlantirish borasida ilgari qabul qilingan dasturlarning ijrosini tahlil qilsin va to‘plangan tajriba asosida ularning faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar kiritsin.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish – aholini ish bilan ta’minlashni yanada yaxshilash va uning farovonligini oshirishning eng muhim yo‘nalishi sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish va kasanachilik sohalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishni rag‘batlantirishdan iborat.

Dunyodagi ko‘plab rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarning, avvalo, o‘zimizning o‘tgan yillar mobaynida to‘plagan tajribamiz bir haqiqatni yaqqol tasdiqlamoqda.

Ya’ni, yuqorida zikr etilgan sohalar, birinchi galda, biz uchun eng o‘tkir bo‘lib turgan aholi bandligi va uning daromadlarini oshirish muammolarini hal etishda o‘ziga xos lokomotiv vazifasini bajaradigan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida biz tanlagan siyosatning mutlaqo to‘g‘ri va uzoqni ko‘zlagan holda olib borilayotganini takror va takror isbotlamoqda. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, bu soha ichki bozorimizni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirishda salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Ushbu soha bugungi kunda mamlakatimizda eng yirik mehnat bozori, mulkdorlarning o‘rta sinfini shakllantirishning asosiy omili, millionlab odamlar uchun daromad va farovonlik manbai hisoblanadi.

Aytish kerakki, aynan ana shu odamlar o‘z biznesini rivojlantirish va kuchaytirishdan, shu asnoda iqtisodiyotimiz barqarorligini ta’minlashdan eng ko‘p manfaatdor bo‘lgan insonlardir. Aynan ana shu shaxslar jamiyatda barqarorlik va yer yuzida tinchlikni mustahkamlamasdan turib, yuqorida zikr etilgan ezgu maqsadlarga erishib bo‘lmasligini chuqur tushunadigan odamlardir.

Fursatdan foydalanib, bu masalaning yana bir muhim jihatiga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Biz o‘z oldimizga aholi turmush darajasini yanada oshirishni yuksak maqsad qilib qo‘ymoqdamiz.

Lekin, o‘zingiz ayting, ushbu muhim vazifani xizmat ko‘rsatish va servis tarmoqlarini, aloqa va transport, moliya-bank xizmatlari, kommunal xizmat hamda asosan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik tuzilmalari faoliyatini talab etadigan boshqa infratuzilma sohalarini jadal rivojlantirmasdan turib hal etish mumkinmi?

Kichik biznesni nafaqat son jihatidan ko‘paytirish, balki uni avvalo sifat jihatidan ham rivojlantirishimiz, bu borada oddiy ishlab chiqarishdan ichki va tashqi bozorga yo‘naltirilgan murakkab, yuksak texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishga o‘tish masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz darkor.

2008 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushini 48 foizga, 2010 yilga borib esa 50-52 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasining salmog‘ini tegishli ravishda 45 va 49 foizga yetkazish uchun bugun bizda barcha asoslarimiz bor. 2010 yilda yangi tashkil etilayotgan ish o‘rinlarini kasanachilik asosida 250 mingtaga yetkazish lozim.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Bugungi kunda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish masalasi sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirish bo‘yicha o‘ta muhim vazifani hal etish bilan bevosita bog‘liqdir.

Bu vazifa 2008 va undan keyingi yillarda biz uchun asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lishi zarur. Yerlarning meliorativ holatiga oid vaziyat bizni tashvishlantirmasdan qolmaydi. Hozirgi vaqtda sug‘oriladigan yerlarning qariyb 8 foizining meliorativ holati yomon bo‘lib, bu avvalo tuproqning sho‘rlanish darajasi yuqoriligi va yer osti suvlarining ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Salkam 330 ming gektar yer meliorativ holati qoniqarsizligi tufayli qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsiz bo‘lib turibdi.

Sug‘oriladigan yerlarning sifatini baholashning umumiy ko‘rsatkichi bo‘lgan yer boniteti so‘nggi yillarda 55 ballgacha pasaydi. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm, Buxoro va Sirdaryo, Farg‘ona va Toshkent hamda boshqa bir qator viloyatlarda ahvol murakkabligicha qolmoqda.

Bugungi kunda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, unumdorligini oshirish qishloq xo‘jaligini intensiv rivojlantirish va uning samaradorligini yuksaltirishning muhim rezervi va hal qiluvchi omili, eng asosiysi – qishloq aholisining moddiy farovonligini ko‘tarishning zarur sharti va garovi bo‘lib xizmat qiladi.

Biz mazkur muammoni hal etishni ko‘p jihatdan 2008-2012 yillarga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga qaratilgan davlat dasturini amalga oshirish bilan bog‘liq holda ko‘ramiz. Ushbu dasturda melioratsiya inshootlarini barpo etish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash, melioratsiya texnikasi parkini yangilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni bajarish belgilangan.

2008-2012 yillarda umumiy uzunligi 3,5 ming kilometrdan ziyod bo‘lgan magistral, tumanlararo va xo‘jaliklararo kollektorlarni, mingdan ortiq melioratsiya qudug‘ini barpo etish va rekonstruksiya qilish, 7,6 ming kilometrlik drenaj tarmog‘ini qayta tiklash vazifasi qo‘yilmoqda.

Birgina joriy yilning o‘zida yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha katta hajmdagi ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu maqsadlar uchun 75 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish mo‘ljallanmoqda. Bu mablag‘larning katta qismi kollektor-drenaj tarmoqlarini qayta tiklash va tozalash, pudratchi va suv xo‘jaligi tashkilotlarini lizing asosida zamonaviy texnika bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Vazirlar Mahkamasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha dasturda belgilangan loyihalarning amalga oshirilishini qat’iy nazorat qilish, loyiha-smeta hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish va ekspertiza qilish, viloyatlarda maxsus pudrat tashkilotlarini tashkil etish va ularni zamonaviy texnika bilan ta’minlash masalalarini yechish vazifasini o‘z zimmasiga olsin.

Shu borada melioratsiya ishlarini moliyalashtirish mexanizmini ham tubdan qayta ko‘rib chiqish darkor. Bunda 2007 yili Moliya vazirligi huzurida tashkil etilgan Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi muhim rol o‘ynashi lozim.

Shu bilan birga, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha o‘ta dolzarb vazifani amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari, banklar va xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va uning samaradorligini oshirish ham katta ahamiyatga ega.

Masalan, Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida, Qoraqalpog‘iston Respublikasining janubiy hududlarida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, Buxoro, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarining 9 ta tumanida sug‘oriladigan yerlarni dehqonchilik uchun yaroqli holatga keltirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik tajribasi o‘zini to‘liq oqladi.

Shuningdek, Janubiy Qoraqalpog‘istondan drenaj tarmog‘ini o‘tkazish bo‘yicha loyihani amalga oshirish va Markaziy Farg‘onadagi yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun Jahon banki hamda Shanxay hamkorlik tashkilotining umumiy qiymati qariyb 70 million dollarga teng bo‘lgan imtiyozli krediti jalb qilinganini qayd etish lozim.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha ravishda imtiyozli xorijiy kreditlarni jalb qilish ishlarini jadallashtirsin.

Bu boradagi ishlarning natijalari Vazirlar Mahkamasining har chorak yakunlari bo‘yicha o‘tkaziladigan majlislarida muhokama etib borilsin.

Hurmatli yurtdoshlar!

2008 yilning yurtimizda Yoshlar yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan “Yoshlar yili” davlat dasturini tayyorlash va amalga oshirishga qaratilgan ishlar bo‘yicha qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Eng asosiysi – ushbu dastur yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi barcha dolzarb muammolarni o‘z vaqtida hal etishga qaratilishi va buning uchun mustahkam qonunchilik bazasini ta’minlab berishi lozim.

Bir fikrni mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchiman – biz ta’lim sohasini bosqichma-bosqich, aniq maqsadga yo‘naltirgan holda isloh qilish bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan dasturlarni izchil amalga oshirib kelmoqdamiz.

Buning natijasida yoshlarimizning eng yuksak talablar darajasida umumiy ta’lim olishi bilan bir qatorda ularning o‘z qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi, jamiyatda munosib va mustahkam o‘rin egallashi uchun aniq mutaxassislikka ega bo‘lish imkonini beradigan yaxlit, uzluksiz ta’lim-tarbiya tizimini yaratdik.

Bu vazifalarni hal etish uchun Kadrlar tayyorlash va Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy dasturlari doirasida o‘tgan davr mobaynida yurtimizdagi ta’lim muassasalari – maktablar, litsey va kollejlarning zamonaviy moddiy-texnik va o‘quv bazasini shakllantirish va mustahkamlash, ta’lim-tarbiya jarayoniga yangi standartlar, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish borasida ko‘lami va ma’no-mazmuniga ko‘ra haqiqatan ham ulkan ishlarni amalga oshirdik.

Mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida 1200 dan ziyod akademik litsey va kasb-hunar kolleji, 4600 dan ortiq umumta’lim maktabi yangitdan bunyod etildi, rekonstruksiya qilindi va zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlandi.

2009 yilda mazkur dasturlar ijrosi to‘liq yakuniga yetgach, zamon talablariga javob beradigan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida 1,1 million o‘quvchi, umumta’lim maktablarida esa 3 million o‘quvchi ta’lim olish imkoniga ega bo‘ladi.

Shu tariqa biz yurtimizdagi barcha o‘quvchilarning bepul majburiy umumiy va uch yillik maxsus kasb-hunar ta’limi bilan to‘la qamrab olinishiga erishamiz.

Keyingi 10 yil davomida o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim tizimida 100 dan ziyod yo‘nalish, 265 ta mutaxassislik va 700 ta kasb bo‘yicha professional ta’lim olgan va zamonaviy fikrlash salohiyatiga ega bo‘lgan bir million nafardan ortiq yangi avlod mutaxassislari tayyorlandi.

Ayni paytda bugun bizni g‘oyat muhim, prinsipial bir masala bezovta qilmasligi mumkin emas. Ya’ni, yosh mutaxassislar tayyorlanayotgan ixtisoslik yo‘nalishlarining barchasiga ham iqtisodiyotimizning soha va tarmoqlarida amaliy talab bormi? Litsey va kollejlar, oliy o‘quv yurtlarini bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimiz jamiyatda o‘ziga, o‘z kasbiga munosib o‘rin topayaptimi?

Ana shu masalalar bo‘yicha haqiqiy ahvolni atroflicha o‘rganishimiz, hozirgi vaqtda mutaxassislar tayyorlanayotgan har qaysi ixtisoslik yo‘nalishi real hayot talablariga qay darajada javob berishi, unga nafaqat bugungi, balki yaqin istiqbolda qanday ehtiyoj borligini har tomonlama chuqur aniqlashimiz lozim. Zaruratga qarab, ixtisoslik yo‘nalishlariga qat’iy o‘zgartirishlar kiritish, kerak bo‘lsa, ayrim maxsus kasb-hunar ta’lim dargohlarini qayta ixtisoslashtirish darkor.

Shu borada alohida muhim ahamiyat kasb etadigan ikkinchi bir masala – yoshlarni, bo‘lg‘usi kadrlarni tayyorlash sifati bilan bog‘liq. Tabiiyki, bu borada bugun farzandlarimizga kimlar ta’lim-tarbiya berayotgani, pedagogik kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi qanday tashkil etilgani hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu masala umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’limni isloh qilish tizimining eng dolzarb vazifasi bo‘lmog‘i zarur. Litsey va kollejlarimizda ta’lim jarayonlariga oliy o‘quv yurtlarining tajribali amaliyotchi va o‘qituvchilarini yanada keng va faol jalb etish lozim.

Shu o‘rinda yana bir masalaga e’tiboringizni qaratishni istardim. Bugun yoshlarimiz qanday qadriyatlar sari intilmoqda, qanday orzu-niyat va o‘y-xayollar bilan yashamoqda – biz bunga aslo loqayd va befarq qaramasligimiz kerak. Ota-ona, ustoz-murabbiy, yetakchi-rahbar sifatida bu jarayonni chetdan turib kuzatishga haqqimiz yo‘q.

Barchamiz oddiy bir haqiqatni yana bir bor chuqur anglab yetishimiz shart – ma’naviyat sohasida bo‘shliq bo‘lmaydi.

Biz farzandlarimizni milliy tabiatimizga yot va zararli bo‘lgan ta’sirlardan himoya qilishimiz, ularni hayotga, yon-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik hissi bilan yashaydigan, mustaqil fikrlaydigan, iymon-e’tiqodli, barkamol insonlar etib tarbiyalashimiz lozim.

Yoshlarimiz qalbida sog‘lom hayot tarziga intilishni, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘ularini bolalik paytidan boshlab shakllantirishimiz zarur.

Bu masalada jamoat va nohukumat tuzilmalari, birinchi navbatda yoshlar tashkilotlari alohida faollik ko‘rsatishi darkor.

“Yoshlar yili” dasturi haqida gapirganda, yoshlar siyosati masalalarini tahlil etayotganda, biz yosh oilalarning ehtiyoj va talablariga alohida e’tibor qaratishimiz kerak.

Avvalambor, yosh oilalarga munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlarni yaratib berish, ro‘zg‘orni butlash uchun mablag‘ va kreditlar bilan ta’minlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom bolalarni tarbiyalab voyaga yetkazish yo‘lida zarur imkoniyatlarni tug‘dirib berishimiz kerak. Bu masalalarning barchasi dasturda o‘z ifodasini topishi lozim.

Dasturni tayyorlash va amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan kishilarning hammasi eng asosiy bir masalani har tomonlama chuqur tushunib olishlari shart – biz 2008 yilni kim uchun va qanday maqsadlarga erishish uchun “Yoshlar yili” deb e’lon qildik?

Bu o‘rinda gap hozirgi kunda jami aholimizning 64 foizdan ortig‘ini tashkil etadigan yoshlar haqida, ta’lim-tarbiya va professional tayyorgarlik darajasi bizning kelajagimizni, demokratik va iqtisodiy taraqqiyotimizning taqdirini hal etadigan yoshlar haqida, jamiyatimiz hayotida munosib o‘rin egallashga layoqatli, mamlakatimizni isloh etish va yangilash bo‘yicha belgilab olgan yuksak maqsadlarimizga erishish yo‘lida tom ma’noda hal qiluvchi kuch, tayanch va suyanch bo‘lishga qodir yoshlar haqida bormoqda.

Bu borada hech qanday rasmiyatchilik va yuzaki yondashuvlarga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Ushbu dasturning amalga oshirilishi nafaqat ijtimoiy, balki siyosiy ahamiyatga ega ekanini barchamiz aniq va ravshan anglab olishimiz zarur.

Qadrli do‘stlar!

Yuqorida bildirilgan fikrlarni umumlashtirib, shuni ta’kidlamoqchimanki, bizning hamma ishlarimizda – bu iqtisodiy siyosatimizni shakllantirish masalasi yoki iqtisodiyotni isloh etish va modernizatsiya qilish dasturini hayotga tatbiq etish bo‘ladimi, ijtimoiy soha, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimida ertangi va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish bo‘ladimi – bularning barchasida biz uchun faqat bitta masala eng ustun va hal qiluvchi o‘rinda turadi. U ham bo‘lsa, inson manfaatlarining ustuvorligidir.

Xalqimizning turmush darajasi va hayot sifatini izchil va bosqichma-bosqich yuksaltirib borish bo‘yicha bizning asosiy maqsadimiz ham ana shundan iborat. Shu sababli barcha rejalarimiz, resurs va imkoniyatlarimiz pirovard natijada ana shu bosh maqsadimizni amalga oshirishga qaratilmog‘i kerak.

Iqtisodiy taraqqiyotimizning barqaror o‘sish sur’atlari, yuksalib borayotgan moliyaviy imkoniyat va rezervlarimiz, ichki bozorimizning sifatli tovar va xizmatlar, birinchi navbatda yurtimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan barqaror ravishda to‘lib borayotgani aholining ish haqi va daromadlarini bosqichma-bosqich oshirib borish, mamlakatimiz iste’mol bozorini rag‘batlantirish siyosatini davom ettirish uchun yetarli darajada ishonchli asos yaratmoqda.

Shu bois, 2008 yilda joriy yil uchun ko‘zda tutilgan inflatsiya ko‘rsatkichlari doirasidan chiqmagan holda, o‘rtacha ish haqi miqdorini kamida 1,5 barobar oshirishni ta’minlash uchun tegishli manbalarni izlab topish muhim vazifa qilib qo‘yilmoqda.

Ishonamanki, bu vazifani bajarishga bizning imkonimiz ham, qurbimiz ham albatta yetadi.

Aziz yurtdoshlar!

Bugun o‘tgan yil davomida bosib o‘tgan yo‘limizga yakun yasar ekanmiz, 2007 yil biz uchun mamlakatimiz hayotida o‘chmas iz qoldirgan ulkan ijtimoiy-siyosiy islohot va o‘zgarishlar yili, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotimizda misli ko‘rilmagan o‘sish sur’atlariga erishilgan yutuqlar yili bo‘ldi deb aytsak, o‘ylaymanki, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qo‘lga kiritgan bunday yuksak marralarimiz – avvalambor, bunyodkor xalqimizning kechani kecha, kunduzni kunduz demay qilgan fidokorona mehnatining amaliy samarasi, demokratik yangilanishlar va bozor islohotlari yo‘lidan qat’iyat bilan oldinga intilib borayotganimizning berayotgan natijasidir.



Ishonchim komilki, 2008 yil ham, hech shubhasiz, jamiyatimiz hayotidagi yangilanish jarayonlari va islohotlarni rivojlantirish va chuqurlashtirishning mantiqiy davomi bo‘lib, iqtisodiyotimizning salohiyati, barqarorligi va mutanosibligini mustahkamlash yo‘lida, eng muhimi, xalqimizning turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan ishlarimizda yangi va yuksak bosqich bo‘lgay, inshollo.

Ana shu yo‘lda barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat va yangi-yangi omadlar tilayman.
Download 112,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish