So’z haqida
Inson jon va tanadan yaratilganidek, so’z ham ma’no va shaklning birligidan iborat bo’ladi.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy ‘‘Hayrat ul-abror’’ dostonida so’zning umrboqiyligi haqidq yozadi. Ammo besh yuz yildan beri zavol yetmasdan, to’kilmasdan, buzilmasdan xolis xizmat qilib kelayotgan bir ashyo, boylik bormi? Yo’q, bu muddat ichida oqib turgan daryolarning nechtasi quridi, qurimoqda. Binolar vayronaga aylanib , bir avlod ko’z o’ngida yo’qolib ketmoqda. Ammo so’zdan odamlar qancha zamonlardan buyon foydalanib keladi. Uzliksiz ishlatilsa suv ham kamayadi, lekin so’z, aksincha, sayqallanib, boyib boradi. So’zda beqiyos joziba yashiringan. Chunki hech narsa insonni ko’ngilga yaqin kishisi bilan suhbatlashgani kabi ta’sirlantirolmaydi. Odamlar shuning uchun doimo dilkash, beozor kishilar bilan suhbatlashishga mushtoqlik sezadi.
So’zdek mo’jizakor boyligimizdan to’g’ri, oqilona foydalanaylik.
(110 so’z. D.Abdusattorova, ‘‘Ezgulik’’)
Sarishtalik – noyob fazilat
Uy tartibi, saranjomligi, asosan, oila bekasining zimmasida bo’lishi tabiiy. Bunga e’tiroz yo’q, lekin oilada zahmatkash onadan boshqa hech kim yo’qmi? Ishga yaroqli boshqa erkaklar, o’g’il bolalar-chi? Nahotki hamma ish oila bekasiga tashlab qo’yilsa. Bu vijdon burchidan faqat qo’lidan ish kelmaydigan kichkina bolar-u qarilargina ozod, xolos. Supurgi hamma vaqt bir yerda tursin! Pichoq, sanchqi, qoshiq, taqsimcha, lagan, kosa, shularga o’xshash narsalarni doimo tayinli joyga qo’yinglar. Qaychi, ip, tugma,ignalarni hamma vaqt bir joyda saqlang, olib ishlatgandan keyin yana joyiga keltirib qo’ying. Ko’zga xunuk narsalarni ko’zdan qochirishga harakat qiling. Yana bir xil oilalarda oshxonadagi idishlari yuvilmasdan pashsha bosib yotadi, qani edi parvoyiga kelsa? Bolalar! Bilib qo’yinglar, har qaysi inson saranjom bo’lishi kerak!
(110 so’z. Mirzakalon Ismoiliy,’’Inson husni’’)
Tabiat qo’ynida
Riza tepalikka chiqib borganda bir tekis ochilgan binafsha, har xil o’t-o’lanlar, purviqor archalar quyosh nuriga bearmon cho’milmoqda edi. Ertalabki ovga chiqqan bir tulki bu yerda bexosdan paydo bo’lib qolgan odamdan cho’chib, o’zini daraxtzor ichiga urdi. Ochiq joy tugab, archazor boshlandi. Riza archazorga sho’ng’ib, narigi betidan chiqdi. Ikki hatlab, qiyalikda turgan kattakon xarsangga yetdi. Xarsang silliq edi. Riza xarsang ustiga o’tirib,atrofni tomosha qila boshladi. Uning oldiginasida boshlanuvchi jilg’a kengaya-kengaya Oqsoqota soyiga borib tutashadi. Hu ana, tubanda shamolda hilpirab turgan oq lentada Oqsoqota soyi oqmoqda.
Xarsangning tagidan tip-tiniq buloq viqir-viqir qaynab chiqmoqda. Buloq tubidagi oq, qizil, ko’k, turli-tuman mayda toshlarning rangi suvga urib, jimir-jimir tovlanadi.
(110 so’z)
Do'stlaringiz bilan baham: |