Majburiy qaytish
Muhojirlar tomonidan chet elda ishlab topilgan pul mablag‘lari vatanga qaytganida kredit cheklovlarini yengib o‘tish va biznesni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, inson kapitaliga sarmoya kiritgan muhojirlar ichki mehnat bozori talablarini o‘zgartirishi mumkin.
Ammo, shuni unutmaslik kerakki, pandemiya tufayli aksariyat muhojirlarning rejalari o‘zgarib ketdi. Soddaroq qilib aytganda, ular rejalashtirgan mablag‘ni to‘play olmadi, ko‘zlangan kasb malakalarni o‘rgana olmadi. Umuman, muhojirlar o‘z xohishi bilan emas, majburlikdan vatanga qaytishiga to‘g‘ri kelmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida pandemiya paytida vatanga qaytgan muhojirlarning 5% ko‘zlagan jamg‘armasini yig‘ganligi tufayli vatanga qaytgani aniqlandi.
Bunday holatda, muhojirlarning vatanga qaytishidan jamiyat a’zolarining maksimal darajada naf ko‘rishi vatanda ularning mavjud malakasi va investitsiyalaridan foydalanishni rag‘batlantiruvchi institutlarga bog‘liq. Bunda, ularning investitsiya kiritishga va mehnat bozorida reintegratsiyasi qilishiga rag‘bat yaratuvchi tizimni shakllantirish juda muhim.
Pandemiya va o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari
O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi jarayoni asosan muddatli va mavsumiy xarakterga ega va muhojirlarning aksariyati bahor va yoz oylarida chet elda ishlab, qishki mavsumda vatanga qaytadi. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil holatida 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik chet elda mehnat faoliyatini olib bordi va ularning aksariyati Rossiya va Qozog‘iston hududida malaka talab qilinmaydigan sohalarda ish bilan band hisoblanadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar davomida ushbu davlatlarga asosan kam ta’minlangan oila a’zolarining borishi, daromadi yuqori uy-xo‘jaliklari vakillari esa ko‘proq Turkiya, Janubiy Koreya va AQShga yo‘l olishi aniqlangan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 6 mlrd. dollarni tashkil qilgan. Xususan, MDH a’zo davlatlaridan 5 mlrd. jo‘natilgan bo‘lib, uning 98% Rossiya va Qozog‘istondagi muhojirlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuni ta’kidlash kerakki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan solishtirganda eng ko‘p pul jo‘natmalari qabul qiluvchi mamlakat bo‘lib kelmoqda.
Chegaralarning yopilishi va qattiq karantin choralari chet elda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik fuqarolarga ham salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Xususan, turli manbalarga ko‘ra, qish mavsumi davrida uyiga qaytgan 500 mingga yaqin fuqarolar ko‘zlangan manziliga qaytib keta olmadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston fuqarolarining asosiy manzili hisoblangan Rossiya Federatsiyasida har ikkinchi muhojir ishsiz qoldi[2]. Ijara va oziq-ovqat xarajatlari tufayli muhojirlar ahvoli yanada og‘irlashdi. Natijada, iyun oyidagi tiklanishga (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9%ga o‘sish) qaramay, joriy yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonga yuborilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalarining umumiy hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6%ga kamaydi (1-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |