13. Keys texnologiyasi
“Keys-stadi” inglizcha “case” – aniq vaziyat, hodisa, “study” – oʻrganmoq, tahlil qilmoq, ta’lim soʻzlarining birikuvidan hosil qilingan boʻlib, aniq vaziyatlarni oʻrganish, tahlil etish va ijtimoiy ahamiyatga ega natijalarga erishishga asoslangan ta’lim metodidir. Mazkur metod muammoli ta’lim metodidan farqli ravishda real vaziyatlarni oʻrganish asosida aniq qarorlar qabul qilishga asoslanadi. Agar u oʻquv jarayonida ma’lum bir maqsadga erishish yoʻli sifatida qoʻllanilsa, metod xarakteriga ega boʻladi, biror bir jarayonni tadqiq etishda bosqichma-bosqich, ma’lum bir algoritm asosida amalga oshirilsa, texnologik jihatni oʻzida aks ettiradi.
Keys turlari Keys – bu yaxlit axborotlar majmui. Qoidaga koʻra, keys uch qismdan iborat boʻladi: 1) keysni tahlil etish uchun zarur yordamchi axborotlar; 2) aniq vaziyat bayoni; 3) keys topshirigʻi. Bosma holatdagi keys (uni yanada koʻrgazmali boʻlishini ta’minlaydigan grafik, jadval, diagramma, illyustratsiyalarni ham oʻz ichiga oladi). Multimedia-keys (soʻnggi vaqtlarda keng qoʻllashni talab etayotgan. Video keys (film, audio va video materiallardan iborat boʻlishi mumkin).
Keys - stadi metodi quyidagilarni koʻzda tutadi: keys topshirigʻini yozma koʻrinishda tayyorlashni; oʻquvchi(talaba)larning keys topshirigʻini mustaqil oʻrganishlari va muhokama etishni; Oʻqituvchi rahbarligida auditoriyada hamkorlikda keys-topshirigʻini muhokama etishni; “muhokama yechimdan ham muhim” tamoyiliga rioya etishni.
Keys-stadining oʻziga xosliklari. 1. Izlanishga doir faoliyatning mavjud boʻlishi. 2. Jamoaviy va guruhlarda oʻqitish. 3. Individul, guruhli va jamoaviy ish shakllari integratsiyasi. 4. Xilma-xil oʻquv loyihalarini ishlab chiqish. 5. Muvaffaqiyatga erishish uchun oʻquvchi(talaba)larning oʻquv-bilish faoliyatini ragʻbatlantirish. Keys-metodini amalga oshiruvchi oʻqituvchi faoliyatining bosqichlari: 1) tayyorgarlik bosqichi; 2) asosiy bosqich: keys-stadi metodini amalga oshirish; 3) tahliliy, baholovchi bosqich. Keys bilan ishlash jarayonida oʻqituvchining harakat strategiyasi mavjud: 1. Oʻqituvchi muammoni yechimini topishga yordam beruvchi kalit vazifasini bajaruvchi qoʻshimcha savollarni yoki ma’lumotlarni taqdim etishi mumkin; 2. Ayrim vaziyatda oʻqituvchining oʻzi javobni aniqlashtirishi mumkin; 3. Muammo ustida oʻquvchi(talaba)lar ishlayotgan vaqtida oʻqituvchi hech qanday yordam bermasligi mumkin. Oʻquvchi(talaba)lar tomonidan keysni yechish bosqichlari: Jahon tajribasi koʻrsatishicha, agar oʻquvchi(talaba)larning keysni hal etish texnologiyasi ikki bosqichdan iborat boʻlsa, ta’limiy maqsadlarga erishishda yanada koʻproq samaraga erishish mumkin: Birinchi bosqich – keysni hal etish boʻyicha individual (auditoriyadan tashqari) ish. Ikkinchi bosqich – keys bilan birgalikda jamoa boʻlib (auditoriyada) ishlash. Birinchi bosqich – keysni hal etish boʻyicha individual ish. Oʻquvchi(talaba) mustaqil ravishda: 1) keys materiallari bilan tanishadi; 2) taqdim etilgan vaziyatni oʻrganadi, izohlaydi va asoslaydi;3) muammo va muammo osti muammolarni ajratadi, vaziyatni tadqiq va tahlil qilish usullarini tanlaydi; 4) berilgan amaliy vaziyatni tahlil qiladi; ajratilgan muammoni hal etish usullari va vositalarini belgilaydi va asoslaydi; 5) taklif etiladigan qarorni amalga oshirish boʻyicha tadbirlarni ishlab chiqadi. Ikkinchi bosqich – keys boʻyicha jamoa boʻlib ishlash Oʻquvchi(talaba)lar kichik guruhlarga boʻlinib, birgalikda keys ustida ishlashadi: 1) guruh a’zolarining vaziyat, asosiy muammolar va ularni hal etish yoʻllari haqidagi turli tasavvurlarini muvofiqlashtirishadi; 2) yechimning taklif etilgan variantlarini muhokama qiladilar va baholaydilar, qoʻyilgan muammo nuqtai nazaridan ushbu vaziyat uchun eng maqbul variantni tanlashadi; 3) muammoli vaziyat yechimiga olib keladigan tanlangan harakatlar yoʻlini amalga oshirishning aniq qadamba-qadam dasturini batafsil ishlab chiqadilar; 4) taqdimotga tayyorlanadilar va namoyish etiladigan materialni rasmiylashtirishadi. Keysni yechish natijalarini kichik guruhlar tomonidan taqdimotini oʻtkazish: 1) real vaziyat yechimiga doir oʻz variantlarini taqdim etadilar; 2) tanlangan harakatlar yoʻlini izohlaydilar va yechimning toʻgʻriligini asoslaydilar; 3) boshqa guruh a’zolarining savollariga javob beradilar va oʻz takliflarini asoslaydilar. Jamoa boʻlib keys ustidan ishlash: guruhlar taklif etgan yechimlar variantlarining muhokamasi; taklif etgan yechimlarning oʻzaro baholanishi; taklif etilgan yechimlarning xayotiyligi va amalga oshirilishi mumkinligiga birgalikda (oʻquvchilar va oʻqituvchi) baho berilishi ham mumkin
Do'stlaringiz bilan baham: |