Bunday tadbirlarga tarixiy misol tariqasida:
- 1983 yili AQSH tomonidan Grenadada o‘tkazilgan harbiy operatsiya;
- 1990-91 yillarda Fors ko‘rfazida bo‘lib o‘tgan urush;
- 1994 yili Gaitiga uyushtirilgan hujum;
- 1996 yili Bosniya va Gersegovina Respublikasi hududida tinchlik o‘rnatishga doir hal etilgan vazifalarni keltirish mumkin.
Shunday ekan, rivojlangan mamlakatlar tasarrufidagi qurolli kuchlar bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishda urush olib borishga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Mulohaza yuritilayotgan yo‘nalishlar jumlasiga esa:
- radioelektron kurash;
- faol olib boriladigan razvedka;
- dushman ixtiyoridagi qo‘shinlar (flot kuchlari) boshqaruvining avtomatlashtirilgan tizimlarini (QBAT) izdan chiqarish;
- psixologik operatsiyalar o‘tkazish;
- dushmanning axborot resursiga maxsus dasturiy-texnik ta’sir o‘tkazish tadbirlari kiradi.
Jumladan, Amerikaning hodisa va jarayonlarni tahlil qilish mutaxassislari mumkin hodisalarni quyidagicha tavsiflab o‘tmoqdalar:
«Taxminan 20 __ yil. Eron o‘z qo‘shinlarini pinhona tuzib, Saudiya Arabistoni Qirolligiga to‘satdan hujum uyushtirdi. Bunga javoban, AQSH davlati o‘zining strategik ittifoqchisini himoya qilish uchun agressorga qarshi informatsion urush boshladi. Bunda u, avvalambor, Eronning davlat, harbiy va iqtisodiy boshqaruvida qo‘llaniladigan elektron-hisoblash mashinasi xotirasiga oldindan yashirincha kiritib qo‘yilgan kompyuter viruslari va mantiqiy bombalarni ishga soldi.
Bunday qurol maxsus, misol uchun sun’iy aloqa yo‘ldoshi yoki xalqaro kompyuter tarmog‘i orqali uzatilgan komanda bo‘yicha ishga tushiriladi.
Qurolli mojaro boshlanganidan so‘ng, Eron hududida faoliyat olib borayotgan maxsus xizmat agentlari kuchli elektromagnit impulslar uzatadigan kichik o‘lchamli generatorlar vositasida kompyuter viruslari va mantiqiy bombalardan muhofaza etilgan harbiy va harbiy bo‘lmagan boshqaruv tizimlaridagi dasturiy ta’minotni ishdan chiqarib, ulardagi ma’lumotlar bazasini yo‘q qilishdi. Bir vaqtning o‘zida xuddi shu tarzda xalqaro telekommunikatsion tarmoqlar orqali agressorning xorijiy banklarda ochilgan hisob raqamlari bekor qilindi.
Amalga oshirilgan bunday tadbirlar Eron uchun halokatli oqibatlarga olib keldi, zero mamlakat hayoti uchun muhim bo‘lgan barcha tizimlarga (xususan: davlat va harbiy boshqaruv tizimi, aloqa, energetika, transport va shu kabi boshqa tizimlarga) putur etkazildi. Ayni vaqtda mamlakat hududida televizion dasturlar va radioeshittirishlar uzatadigan barcha stansiya va retranslyatorlar, agressor qo‘shinlari ixtiyoridagi aloqa va boshqaruv punktlarining ishiga xalaqitlar yaratuvchi elektron ta’sir maydonlari hosil qilindi. Ommaviy axborotning elektron vositalari orqali esa davlat hududidagi siyosiy vaziyatni izdan chiqarish, aholi orasida parokandalik kayfiyatini uyg‘otib, vahima ko‘tarishga qaratilgan materiallar uzatila boshlandi.
Informatsion qurolning har xil turlari qo‘llanilgan tarzda kombinatsiyalab o‘tkazilgan bunday ataka natijasida Eron hududida ommaviy tartibsizliklar qaror topib, mamlakat iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutdi, ijtimoiy-siyosiy vaziyatda esa salbiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bayon etilgan holatga tushib qolgan agressor o‘z rejalaridan voz kechib, AQSH davlati va uning ittifoqchilari tomonidan qo‘yilgan keskin shartlarni qabul qilishga majbur bo‘ldi».
Tabiiyki, urushga nisbatan bunday qarashlar biroz ko‘tarinki ruhda bayon etilgan, zero unda dushmanning informatsion himoya va informatsion qarshi kurash imkoniyatlari inobatga olinmagan. Biroq, axborot texnologiyalarida erishilgan bugungi yutuqlar yuqorida bayon etilgan urush sahnasini u yoki bu darajada ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
Muxtasar qilib aytganda, informatsion-psixologik qarshi kurash – ko‘zlangan siyosiy va harbiy maqsadlarga erishish manfaatlariga xizmat qiladigan zaruriy harbiy, siyosiy, texnik va boshqa turdagi axborotni olish (yig‘ish, hosil qilish), qayta ishlash, saqlash va foydalanuvchilarga etkazish masalalarida, shu jumladan, millat va mamlakat armiyasining ma’naviy va psixologik imkoniyatlarida dushmanga nisbatan ustuvorlikka erishish uchun davlatlar va ularning qurolli kuchlari orasida olib boriladigan kurashdan iboratdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |