Delphi oynalari. Delphi ning asosiy oynasidan tashqari yana bir qator oynalari bo‘lib, ularning asosiy oyna ichida joylashishini o‘zgartirish, ularni yashirish, ekranga chiqarish, o‘lchamlarini o‘zgartirish mumkin. Bu oynalardan birinchi forma oynasi deb ataladi va unda yaratilayotgan ilovaning asosiy oynasining ko‘rinishi aks etadi. Bu oynaning o‘lchamlarini o‘zgartirish bilan yaratilayotgan ilova oynasining o‘lchamlarini o‘zgartirish mumkin. Unga komponentalar panelidan kerakli komponentalarni sichqoncha yordamida sudrab o‘tkaziladi va ularning o‘zaro joylashishi rejalashtiriladi. Bu oynani yangi ilova oynasi yoki sodda qilib ilova oynasi deb ataymiz. U bilan ishlash uning o‘lchamlarini o‘zgartirish, unga yangi boshqarish elementlarini joylash va bu elementlarning joylashishini o‘zgartirishdan iborat bo‘ladi.
Ikkinchi muhim oyna bu dastur kodi (aslida dastur matni) oynasi bo‘lib, ilova oynasidagi o‘zgarishlar unda avtomatik tarzda aks etadi. Masalan, biz
ilova oynasining o‘lchamlarini o‘zgartirsak, dasturning buni amalga oshiradigan operatori uning matniga qo‘shiladi. Ilova oynasiga yangi boshqarish elementlari joylansa, bu elementlarni tavsiflovchi operatorlar avtomatik ravishda dastur matniga qo‘shiladi.
Dastur kodi oynasida dasturchi qiladigan asosiy ish boshqarish elementlarini hodisalarga bog‘langanida elementning bu hodisa ro‘y berganida dastur unga qanday javob berishi kerakligini ko‘rsatib berishdir. Bunda har bir hodisa uchun bitta protsedura yaratiladi va bu protsedura matnini yozish dasturchi zimmasiga yuklanadi.
Vizual dasturlashda dasturchining asosiy vazifasi dasturda foydalaniladigan boshqarish elementlarining, ya’ni obyektlarning kerakli xossalari va amallaridan foydalanishdir. Bunda yuzdan ortiq obyektlarning o‘nlab xossalari va usullaridan keraklisini tezda topa olish juda muhimdir. Bu ishda Obyekt inspektorining o‘rni juda katta.
Ilova oynasida biror obyekt tanlanganda bu obyektning barcha xossalari obyekt inspektorida aks etadi. Natijada kerakli xossaning nomi va qiymatlarini eslashga va qidirishga hojat qolmaydi.
Yirik va murakkab ilovalarni yaratishda unda foydalaniladigan obyektlar keskin oshib ketadi. Ilovadagi obyektlardan keraklisini topishning oson usuli bu Object TreeView (Obyektlarning daraxtsimon ro‘yxati) deb nomlangan maxsus oynadan foydalanishdir. Bu oyna yana Obyektlar brauzeri deb ham ataladi. Obyektlardan biri ikkinchisini o‘z ichiga olishi mumkin. Shu sababli obyektlarning daraxtsimon (shoxlovchi) ro‘yxati eng qulay ro‘yxatdir.
Delphida yana bir nechta asosiy va ko‘plab muloqot oynalari bo‘lib, ular bilan keyinroq, zarur bo‘lganda tanishamiz.
Delphida loyihalar yaratish va saqlash. Delphida yaratiladigan ilovalar proyektlar (loyihalar) deb ataladi va maxsus Projects papkasida saqlanadi. Ular Pascal da yaratilgan ilovalardan ancha murakkab bo‘lib, ularni saqlash uchun bir nechta fayl kerak bo‘ladi.
Pascal da yaratilgan dasturni saqlash uchun bitta fayl yetarli va unda yaratilgan barcha dasturlarni bitta papkada saqlash mumkin. Lekin Delphida bunday qilib bo‘lmaydi, chunki turli loyihalarning bir xil nomli fayllari birining o‘rniga ikkinchisini saqlab qo‘yadi. Natijada loyihalar noto‘g‘ri
ishlaydi va ular orasida nifoqlar kelib chiqadi. Shuning uchun yangi loyiha bilan ishlashdan oldin bu loyiha uchun yangi papka yaratish lozim.
Delphida mavjud loyiha asosida yangi loyiha yaratishda ham ehtiyot bo‘lish kerak. Loyihaga o‘zgartirish kiritilishi bilan bu o‘zgarishlar loyiha fayllarida avtomatik tarzda saqlab qo‘yiladi va avvalgi loyihani qayta tiklashning iloji bo‘lmaydi. Shu sababli mavjud loyiha asosida yangi loyiha yaratishdan oldin mavjud loyihani yangi nomli boshqa papkaga ko‘chirib olish kerak bo‘ladi.
Delphi komponentalar panellarida nimalar joylashgan?
Delphi ilova oynasi qanday vazifa bajaradi?
Delphi ilovalari Pascaldagi dasturlardan nimasi bilan farq qiladi?
Turbo Pascal da standart funksiya va protsedura qatnashgan ikkita dastur tuzing.
Turbo Pascal da yangi funksiya va protsedura qatnashgan ikkita dastur tuzing.
Do'stlaringiz bilan baham: |