IMTIHON BILETI № 6
1.Boshlang’ich sinf o’quvchilarini ijtimoiy-axloqiy me’yorlar mazmunidan xabardor etish, axloqiy ong va madaniyatni shakllantirish.
Axloq ijtimoiy ong shakllaridan biri bo’lib, insonlarning o’ziga, oilasiga, do’st – birodarlariga, jamoa a’zolariga va tabiatga bo’lgan munosabatlarini tartibga solib turuvchi xulq, odob qonun – qoidalari majmuasidir. Ana shu xulq, odob qonun – qoidalarini o’quvchilar ongi, hayoti, turmush tarziga singdirish uchun ko’rsatilayotgan ta’sir axloqiy tarbiya deb nomlanadi.
Demak, axloq kishining oilaga, mehnatga va jamiyatga bo’lgan munosabatlarida namoyon bo’ladi.
Axloqiy tarbiyaning maqsadi shaxsni axloqiy shakllantirishdir. Axloqiy tarbiyaning mazmuni, avvalo, o’quvchilarning amaliy faoliyatlarida, o’qish, mehnat, jamoatchilik ishlarida, ularning munosabatlari xarakterida, o’zaro ta’sir ko’rsatish usullari, xulq-atvor me’yorlarini o’zlashtirishlarida namoyon bo’ladi. Axloqiy sifat shaxsning barcha muhim xususiyatlarini yaxlit holga keltiradi.
O’quvchining ma’naviy kamolotida axloqiy fazilatlarining ahamiyati benihoya kattadir. Axloqiy fazilat o’quvchining ko’p qirrali faoliyati davomida shakllanib va takomillashib boradi.
Axloqiy xislatlar faoliyat jarayoniga ma’naviy fazilatlar bilan birgalikda o’quvchi ongi va xulqiga ta’sir etadi. Biz ma’naviy tushunchalar haqida gapirganda, avvalo, ma’naviyat haqida aytib o’tishimiz lozim. Bu haqda 1-prezidentimiz I.A.Karimov shunday deganlar: «Ma’naviyat tushunchasining ilmiy, falsafiy, adabiy yoki oddiy tilda ifodalanadigan ko’plab ta’riflarini keltirish mumkin. Shuning uchun ham bu masala bo’yicha ilmiy adabiyotlarda, kundalik matbuotda bir-biridan farq qiladigan fikr-mulohazalarni uchratganda bundan taajjublanmasdan ularni qaysi muallifning o’ziga xos dunyoqarashi, mushohada tarzi ifodasi sifatida qabul qilish o’rinlidir».
«Ma’naviyat» tushunchasi jamiyat hayotidagi g’oyaviy, mafkuraviy, ma’rifiy, madaniy, diniy va axloqiy qarashlarni o’zida to’la mujassam etadi. Shuning uchun ham bu mavzuda fikr yuritganda, mazkur qarashlarning barchasini umumlashtirib, keng ma’nodagi «ma’naviyat» tushunchasi orqali ifoda etish mumkin.
Ma’naviyat-insonni ruhan poklanish, qalban ulg’ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg’otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir, desak, menimcha, tariximiz va bugungi hayotimizda har tomonlama o’z tasdig’ini topib borayotgan haqiqatni yaqqol ifoda etgan bo’lamiz
Boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasida birinchi galda Sharq mutaffakkirlarining ma’naviy meroslari dasturilamal bo’lib xizmat qiladi. Abu Nasr Forobiy, Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshbandiy, Imom Ismoil Buxoriy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, al-Xorazmiy, al-Farg’oniy, Firdavsiy, Amir Temur, Navoiy va Bobur singari mutaffakkirlarimizning ma’naviy-axloqiy tarbiyaga doir qarashlari shular jumlasidandir.
Qur’oni Karimdagi va Hadisi Sharifdagi axloqqa oid ibratli maslahatlar, hikoyatlar asrlar davomida ma’naviyatimiz durdonalari – Farobiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Sa’diy Sheroziy va boshqa siymolar, olimlar, yozuvchilarning axloq haqidagi fikr – mulohazalari hozir ham o’z qadr – qimmatini yo’qotmagan, o’sha hikmatlar o’quvchilar tarbiyasi uchun muhim ahamiyatga ega.
O’zining o’tmish madaniy merosini chuqur bilmagan va e’zozlamagan odam o’z shajarasini, avlod – ajdodlari bosib o’tgan yo’lni, milliy istiqlolimiz, erkimiz va ozodligimiz yo’lida jasorat ko’rsatgan Shiroq, To’maris, Jaloliddin Manguberdi va boshqa buyuk zotlar, xalq qahramonlarining nomlari, kurashlarining tub mohiyatini ilg’ay olmaydi.
Yuqoridagi fikrlardan ko’rinib turibdiki, yosh avlod, xususan, boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasi– pedagoglarning muqaddas burchidir. Lekin ma’naviy –axloqiy sifatlarni tarbiyalab yetishtirish oddiy ish emas. U kunlab, oylab, yillab va hatto o’n yillab oliy maqsad yo’lida sabr –toqat, chidam va qat’iyatlilik, irodaviy sifatlarni safarbar etishingizni taqozo etadigan insoniy vazifadir.
Jamiyat taraqqiyoti va shaxs kamoloti uchun bo’lgan ma’naviy va axloqiy xislatlar, insoniy fazilatlar o’z-o’zidan paydo bo’lmaydi. Hammasining zaminida yosh avlodga oilada, umumiy ta’lim maktablarida, xalq ta’limi tizimining boshqa tarmoqlarida beriladigan ta’lim tarbiya yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |