UNDOV BELGISI.
Undov belgisi boshqa tinish belgilari bilan (vergul va ikki nuqtadan tashqari) birgalikda ham qo‘llanadi.
Undov belgisi undov va buyruq gaplar oxiriga qo‘yiladi. Bunda mazkur gapning emotsional yoki qat‘iy buyruq ma’nosiga ega ekanligini, tugallanganligini, boshqa gaplardan chegaralanish nuqtasini ko‘rsatadi. Bunday gaplar to‘lqinli intonatsiya bilan aytiladi.
Undov belgisi o‘zbek tiliga rus tili orqali o‘tgan. U, o‘zbekcha yozuvlarda XX asrning boshidan boshlab muntazam ravishda ishlatilgan. «Turkiston viloyatining gazeti»da 1901 yildan qo‘llana boshlagan. Prof. A. N. Gvozdev «undov belgisi latincha 1o (Lo) undov so‘zidan kelib chiqqan» deb ko‘rsatadi; latincha l harfining nuqta bilan qo‘shiluvi asosida undov belgisi hosil bo‘lgan. L + . = !
Hozirgi o‘zbek adabiy tilida undov belgisining qo‘llanish doirasi, funksiyasi kengayib bormoqda. Badiiy adabiyot, ilmiy-publisistik asarlar, gazeta va jurnallarda undov belgisi xilma-xil maqsadlarda qo‘llangan va u ishlatilgan gaplar ham semantik, ham struktur ham sintaktik jihatdan rang-barangdir. Undov belgisining, faqat undov gaplardagina emas, vokativ, ba’zan rominativ va so‘roq gap tiplarida ham qo‘llanishi yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tilida undov belgisining qo‘llanishi quyidagicha:
1.Undov gaplar oxiriga qo‘yiladi. Bunday gaplar emotsionallikni anglatib, kuchli ko‘tariluvchan, to‘lqinli intonatsiya bilan aytiladi va ular leksik-grammatik, intonasion va struktura jihatdan turlicha bo‘lishi mumkin: Sening xotirangni unutmas aslo, Mening yuraklarim, Urta Osiyo! (H. O.)
2.Vokativ gaplar emotsionallikka ega bo‘lsa, ular oxiriga undov belgisi qo‘yiladi: Hurmatli redaksiya! («O‘zb.ovozi»)
3.Undash ma’nosiga ega bo‘lgan gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi: Navoiy.O... Marhamat! Soz! Jomiy. Salom, do‘stlar! Majididdin. Salom, pokiza ustoz! (Uyg‘un va I.Sultonov)
4.Nominativ gaplar undov intonatsiyasi bilan aytilsa va emotsionallik ifodalasa, ular oxiriga undov belgisi qo‘yiladi. Masalan: Urush! Dunyo! Mustamlaka! (X.O.) Topgan so‘zi: Oh, falak! (G‘. G‘.)
5.Kesimi -moq, -sh(-ish) affiksli harakat nomi bilan ifodalangan infinitiv gaplar emotsionallikka ega bo‘lib, undov intonatsiyasi bilan aytilsa, ular oxiriga undov belgisi qo‘yiladi. Bunday infinitiv gaplarning Kesimi «harakat nomi + kerak (lozim, darkor, zarur)» tipida ham bo‘lishi mumkin: Barcha topshiriqlarni tez kunda bajarish kerak!
6.So‘roq gap strukturasidagi ayrim gaplar, ayniqsa, ritorik so‘roq gaplar undov intonatsiyasi bilan aytilib, emotsionallikka ega bo‘lsa, undov belgisi qo‘yiladi. Bunda: a) so‘roqni bildiruvchi -mi yuklamasi bo‘lishi mumkin. Bunday gaplarda umumiy mazmun tasdiqni bildiradi; b) so‘roq olmoshlari bo‘ladi: qanday qancha, qanaqa, kim, nima, qani kabi. Bular so‘roq ma’nosini emas, balki emotsional (sevinch, rag‘batlanish kesatiq kabi) ma’nolarni anglatadi. Masalan: Qutlaymiz yangi yil, yangi baxt bilan, Do‘stlar qadahlarni ko‘taring, qani! (U.)
7.Kesimi shart, istak mayli formasidagi ayrim gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi. Masalan: Qo‘shiq aytgim keldi sening to‘yingda, Qanday qilay, sevinch sayratsa tilni! Qanday qilay, dustim, baxt taronasi, Bahor tuyg‘ulari yayratsa dilni! (U.)
8.Buyruq gaplar oxiriga undov belgisi qo‘yiladi. Masalan: Dustim, senga takror, takror aytaman: Bilakni shimarib ishga tush, ishga! (U.)
Buyruq va undov gaplarning ayrim tiplari bir-biriga juda yaqin turadi. Ayniqsa, bu ikki xil gap oxiriga bir xil belgi - undov belgisining qo‘yilishi ularni farqlashda, o‘quv-o‘qituv ishida ancha qiyinchilik tug‘diradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |