Etimologik yoki grafik tamoyil. Imloning etimologik yoki grafik tamoyili o‘zlashma so‘zlarning yozilishini qoidalashtirishda muhim rol o‘ynaydi. Bu tamoyilga ko‘ra o‘zlashma so‘zlar manba tilda qaysi shaklda yozilgan bo‘lsa, qabul qiluvchi tilda ham shunday shaklda yoziladi. Bunda o‘zlashma so‘zning o‘zi mansub bo‘lgan tildagi grafik shakli o‘zbek imlosida ham saqlanadi. Rus tili va u orqali boshqa tillardan o‘zlashtirilgan so‘z va atamalarning aksariyati o‘zbek tilida mana shu etimologik (grafik) tamoyil asosida yoziladi. Masalan, rus tilidagi ocherk, opera, tonna, nota, pochta, rota so‘zlari o‘zbek tilida o‘cherk, o‘pera, to‘nna, no‘ta, po‘chta, ro‘ta shaklida talaffuz qilinsa-da, rus tilidagi grafik shakli bo‘yicha ocherk, opera, tonna, nota, pochta, rota tarzida yoziladi. SHuningdek kombayn, kompot, montaj, motosikl, motor, obzor so‘zlarining urg‘usiz bo‘g‘inidagi o unlisi a unlisi tarzida; rektor, direktor, prorektor, transformator, traktor kabi so‘zlarning oxirgi bo‘g‘inidagi o unlisi i tarzida aytiladi, ammo bu so‘zlarda grafik tomoyilga ko‘ra yozuvda o unlisi saqlanadi.
Rus tilidan o‘zlashgan bir qator so‘zlar oxirida ikki undosh yonma-yon keladi. Bu so‘zlar talaffuz qilinganda ikki undosh orasida qisqa i tovushi orttiriladi. Ammo yozuvda bu tovush hisobga olinmaydi va so‘zlar etimologik tamoyil asosida ruscha shaklida yozila beradi: litr, semestr, keks, boks, bifshteks, gips, orkestr, filtr, punkt, teatr va boshqalar.
Vise-prezident, unter-ofiser, kilovatt-soat, eks-chempion, gramm-molekula, gramm-atom singari ruscha o‘zlashmalar o‘zbek tilida ruscha holatiga ko‘ra chiziqcha bilan yoziladi.
Tilimizdagi ayrim arabcha so‘zlar ham etimologik tamoyil asosida yoziladi. Chunonchi, muammo, maoniy, mutolaa, mudofaa, va’da, a’lo, she’r , ba’zan, ma’ruf, ta’lim, ta’zim, mash’al, qal’a, daf’a, shu’la, mo‘jiza, da’vat, hay’at, ma’rifat, ma’shuq, me’mor, ta’sis, daf’atan, ra’y, ne’mat, iste’fo, mo‘tadil singari so‘zlar etimologik tamoyilga ko‘ra arab tilidagi holaticha yoziladi. Tutuq belgili so‘zlar asli arabcha bo‘lib, arab alifbosi amal qilgan davrda ayn bilan yozilgan va talaffuz qilingan. Hozirda bu so‘zlar amaldagi imlo qoidalariga ko‘ra «’» belgisi bilan yozilmoqda. Yangi alifbo bo‘yicha bunday so‘zlarda tutuq belgisidan foydalaniladigan bo‘lindi.
Etimologik tamoyil imloning morfologik va tarixiy -an‘anaviy tamoyillariga yaqin turadi. Ular o‘rtasida qandaydir o‘xshashlik, umumiylik alomatlari mavjud. Lekin bu tamoyillar o‘zaro farqlarga ega.
Imloning yuqorida qayd etilgan besh tamoyili o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ular bir-birini to‘ldirish uchun xizmat qiladi. Imlo tamoyillari yozuvning nazariy asosidir. Shu bois imlo tamoyillarini o‘rganish yozuv amaliyoti uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbek tilining yangi imlo qoidalarida, avvalgi qoidalarda bo‘lganidek, fonetik va morfologik tamoyillar asos qilib olingan. Ammo morfologik tamoyilga asoslanish 1956-yil 4-aprelda tasdiqlangan. “O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari”ga nisbatan ortgan. Bu tamoyil hammadan avval “Asos va qo‘shimchalar imlosi” bo‘limida o‘z ifodasini topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |