Kelajak ssenariylari – bu kuzatilayotgan tendensiyaning ehtimol tutilgan kelajagi haqidagi u yoki bu tusmolni asoslovchi dastlabki farazlarning tartibga solingan yig‘indisi. Ssenariylar: a) u yoki bu nazariy vaziyatni qay yo‘l bilan bosqichma-bosqich amalga oshirish mumkinligini; b) voqealarning muayyan rivojiga yo‘l qo‘ymaslik, ularni engillashtirish yoki chetlab o‘tish uchun voqealarning har bir ishtirokchisi uchun har bir bosqichda qanday variantlar mavjudligini aniqlaydi.
Shunday qilib, ssenariy murakkab tizimlarni o‘rganishga nisbatan tizimli va tarixiy yondashuvlarni birlashtiruvchi ko‘p variantli prognozdir; aksariyat hollarda u tavsifiy xususiyat kasb etadi va kompleks prognozlarni tuzishda keng qo‘llaniladi. SHuni qayd etib o‘tish lozimki, ko‘rib chiqilgan metodlarning birortasi ham alohida holda prognozning yuksak darajada ishonchliligini ta’minlay olmaydi. SHu sababli amalda, odatda, murakkab, kompleks metodlardan foydalaniladi. Mazkur yondashuv ayrim metodlarning kamchiliklarini bartaraf etish va prognozlarning ko‘proq darajada aniqligi va ishonchliligini kafolatlash imkonini beradi. Ijtimoiy hodisalar va jarayonlarning rivojlanish imkoniyatlarini prognoz qilish natijasi prognoz hisoblanadi. U kelajak u yoki bu muammolarining rivojlanishi va ularni echishning mumkin bo‘lgan barcha variantlarini, ularning bir-birini istisno etuvchi variantlarini, stixiyali va ongli jarayonlarni, ularning vaqt va ko‘lam parametrlarini aniqlash imkonini beradi. Kelajakning ijtimoiy prognozlar taklif qilayotgan tavsifining mazmuniga qarab, ular insonni yo unga faol intilishga, yo uning yuz berishiga qarshi harakat qilishga, yo uni passiv kutishga da’vat etadi. Shu sababli har qanday ijtimoiy prognoz ilmiy bilishga doir mazmunni ham, muayyan mafkuraviy vazifani ham o‘zida birlashtiradi. Bunda bilishga doir funksiya ustunlik qilishi ham, mafkuraviy funksiya ustunlik qilishi ham mumkin. Turli prognozlarning mazmuni va vazifasidan kelib chiqib, ularning to‘rt asosiy tipini farqlash mumkin.
Qidiruv prognozi – ijtimoiy ob’ektning kelajagi qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish uchun tuziladigan prognoz. U rivojlanish qaysi yo‘nalishda yuz beradi, kelajakning muayyan davrida prognoz ob’ektining holati qanday bo‘lishi mumkin, degan savollarga javob beradi. Normativ prognoz – boshqaruvni optimallashtirish yo‘llarining oqilona tashkil etilgan tahlili. Bu prognoz obrazli qilib «teskari prognoz» deb ataladi, chunki unda o‘rganish teskari yo‘nalishda – kelajakdan hozirgi davrga qarab amalga oshiriladi. Normativ prognoz qo‘yilgan maqsadlarga erishish yoki qo‘yilgan vazifalarni echish uchun nima qilish mumkin yoki kerak, degan savolga javob beradi. Normativ prognozning predmeti sifatida ijtimoiy jarayonlar xususiyatini butunlay o‘zgartirishga qodir bo‘lgan g‘oyalar, gipotezalar, farazlar, axloqiy me’yorlar, ijtimoiy ideallar, maqsadlar va mo‘ljallar amal qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |