Deduksiya va induksiya tadqiqot ob’ektini o’rganishda mantiqiy xulosalashda o’ziga xos «tahlil va sintez» hisoblanadi. Deduksiya umumiydan xususiyga bo’lgan mantiqiy xulosalarga asoslanadi. Bu usul matematika va mexanikada umumiy qonunlar yoki aksiomalarda xususiy bog’liqliklar chiqarilayotganda keng qo’llaniladi. Deduksiyaga qarama-qarshi bo’lib induksiya hisoblanadi. Bu mantiqiy xulosalash xususiydan umumiyga tomon amalga oshadi. Bu ikki usul ham tahlil va sintez usullari singari ilmiy-tadqiqotda bir-biri bilan bog’liq va bir-birini to’ldiradi.
Empirik va nazariy tadqiqotlarda yuqorida ko’rib o’tilgan usullardan tashqari abstraktlashtirish usuli ham keng qo’llanadi. Bu usulning mohiyati shundaki, tadqiq etilayotgan ob’ektning ahamiyatsiz tomonlari, qismlaridan ajratib olishdan iboratdir, bu uning mohiyatini ochib beruvchi xossalarini ajratish maqsadida qilinadi.
Abstraksiyalash yordamida boshqa hodisa kontekstidan fikran ajratilgan fikrlashning umumlashtirilgan natijalari shakllanadi, bu ular o’zaro bog’liqligini kuzatishga imkon beradi. Abstrakt fikrlash ijodiy yondashishning zaruriy shartlaridandir.
Matematik abstraktlash ilmiy-tadqiqot — formallashtirish usulining asosi hisoblanadi. Mazkur holda ob’ektning e’tiborli tomonlari (xossasi, belgisi, bog’liqligi) matematik termin va tenglamalarda ifodalanadi, bular bilan keyinchalik ma’lum qoida bo’yicha amallar bajariladi.
Ilmiy bilishda ko’pincha modellashtirish usuli qo’llaniladi. Buning mohiyati tadqiqot ob’ekti (asli)ni uning asosiy xossalarini ifodalovchi sun’iy sistema (model) bilan almashtirishdan iboratdir.
Nazariy tadqiqot ko’pincha mavhumdan konkretga borish usuliga asoslanadi. Mazkur holda bilish jarayoni ikki nisbatan mustaqil bosqichga ajraladi.
Birinchi bosqichda konkretdan uning abstrakt ifodalangan haqiqiysiga o’tiladi. Tadqiqot ob’ekti qismlarga ajratiladi va ko’plab tushuncha va mulohazalar yordamida tavsiflanadi, ya’ni u fikriy qayd etilgan mavhumlar majmuiga aylanadi. Bu — abstraksiya darajasida tadqiqot ob’ektining tahlilidir.
Keyinchalik, bilishning ikkinchi bosqichida abstraktdan konkretga borish amalga oshiriladi. Bunda tadqiqot ob’ektining yaxlitligi tiklanadi.
Shuni ta’kidlash o’rinliki, yuqorida ko’rib o’tilgan ilmiy bilish usullari qoidaga ko’ra birgalikda, bir-birlarini to’ldirgan holda qo’llaniladi.
Bilish mantiqi ahamiyatli bo’lgan, barqaror takrorlanuvchi va ayrimlikni aniqlash jarayoni sifatida tasavvur etiladi, bu o’rganilayotgan ob’ektni boshqalardan farqlaydi.
Bilish jarayonida yirik mushohadadan abstrakt fikrlashga va undan amaliyotga o’tish umumiy texnologiyasiga rioya etish muhimdir.
Ilmiy bilishning asosiy shakllariga ilmiy g’oya, dalil (fakt), muammo, gipoteza, nazariya, ilmiy bashorat kiradi.
G’oya so’zi grekcha bo’lib, o’zbek tilida "ko’rinib turgan narsa", obraz degan ma’noni anglatadi. G’oya ilmiy tadqiqot olib boruvchi kishining amaliy va nazariy faoliyati jarayonida uning miyasida paydo bo’ladigan fikr. U biror hodisa, jarayon yoki undagi munosabat, aloqa mohiyatini aniqlashga, ochishga qaratilgan bo’ladi. Ilmiy bilishda ilmiy g’oyaning ahamiyati katta. Muayyan aniq bir ilmiy g’oya tug’ilmaguncha, bir sohada tadqiqot olib borib bo’lmaydi. Ilmiy g’oya tadqiqotning maqsadini, yo’nalishini, mohiyatini ifodalaydi. Har bir g’oya muayyan tayyorgarlik, muayyan mushohada asosida, muayyan bir sohada fikr yuritish natijasida paydo bo’ladi. Unda tadqiqotchining nazariy va amaliy tajribalari umumlashgan bo’ladi. G’oyalar ilmiy g’oyalarga va badiiy g’oyalarga bo’linadi. Ilmiy g’oyalar fan, texnika, texnologiya sohalariga tegishli bo’ladi. Badiiy g’oyalar badiiy ijod sohasiga tegishli bo’lib, ularni yozuvchi, shoir, adib, musavvir, bastakor, rejissyorning "niyati" deb ataladi. G’oyalar borliqni to’g’ri real aks ettiradigan hamda borliqni xato yoki fantastik in’ikosidan iborat bo’lgan g’oyalarga ham bo’linadi. G’oyalar progressiv va reaksion g’oyalarga ham bo’linadi. Progressiv g’oyalar ilmiy bilishni rivojlantirishga xizmat qiladi. Reaksion g’oyalar fan va texnika, texnologiya taraqqiyotiga to’sqinlik qiladi.
G’oyalar tizimida milliy g’oya g’oyat muhim rol o’ynaydi. U milliy o’zligimizni chuqur anglashimizga, bozor iqtisodiyotiga asoslangan erkin demokratik davlat barpo etish, fuqarolik jamiyatining mustahkam poydevorini shakllantirish, rivojlangan davlatlarga xos yuksak hayot darajasiga erishish, har bir insonning barcha huquq va erkinliklari kafolatlanadigan hamda farovon turmush tarzi ta’minlanadigan demokratik rivojlanish yo’lini izchil davom ettirish maqsadlariga xizmat qiladi. 2000 yil aprel oyida olimlar, yozuvchilar, jamoat vakillari bilan bo’lgan uchrashuvda Prezidentimiz I.A.Karimov oldimizda turgan eng muhim masala, bu milliy g’oya konsepsiyasini ishlab chiqish va milliy g’oyani kishilarimiz ongiga singdirish ekanligini uqtirdilar. Prezidentimiz I.A.Karimov takidladilarki, Milliy g’oya xalqimizning azaliy an’analariga, udumlariga, tiliga, diliga, ruhiyatiga asoslanib, kelajakka ishonch, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat, adolat, ma’rifat tuyg’ularini ongimizga singdirishi lozim.
Shu bilan birga bu milliy g’oya xalqimizda, o’zining qudrati va irodasiga suyangan holda, umuminsoniy qadriyatlarga asoslanib, jahon hamjamiyatidagi taraqqiy etgan davlatlar orasida teng huquqli hamda munosib o’rin egallashiga doimiy intilish hissini tarbiyalamog’i kerak.
Milliy g’oya xalqimizning, vatanimizning milliy manfaatlariga xizmat qilishi zarur. U barcha kishilarimizni, turli qatlamlar, ijtimoiy guruhlar, elatlar, millatlarni birlashtiruvchi g’oya, bayroq bo’lishi kerak. U mustaqilligimizni mustahkamlashga, tinch, osoyishta, barqaror hayotimizni saqlashga xizmat qilishi, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy islohotlarni chuqurlashtirishga, ularning samaradorligini oshirishga, Ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayotni barpo qilishdan iborat bo’lgan pirovard maqsadimizni amalga oshirishga xizmat qilishi zarur.
Ijtimoiy fikrlar ilmiy dalillarga tayanadi, ilmiy dalillar bilan asoslanib boriladi.
Dalil so’zi lotincha so’zidan olingan bo’lib, o’zbek tilida «qilingan», «amalga oshirilgan» degan ma’noni anglatadi. Dalillar ob’ektiv va ilmiy dalillarga bo’linadi. Ob’ektiv dalil deganda inson faoliyati va bilish jarayonining ob’ekti bo’lgan ba’zi narsalar, hodisalar, voqealar, voqelikning biror tomoni tushuniladi. Ilmiy dalil deb ob’ektiv dalilni inson miyasidagi in’ikosi, ya’ni uning sun’iy yoki tabiiy til orqali ta’riflanishiga aytiladi.
Dalilning fandagi roli haddan tashqari kattadir. Dalil har qanday fanning asosini tashkil qiladi, chunki har qanday fan dalilni o’rganish, ta’riflash, izohlash, tahlil qilish bilan shug’ullanadi. Dalilga noto’g’ri munosabatda bo’lish voqelikni buzib, noto’g’ri tasvirlashga olib keladi. Agar dalillardan boshqa maqsadlarda foydalanilsa, hayotning tajribalariga tayanmasa, dalillar buzilsa aqliy faoliyat va uning natijalari fanga butunlay zid bo’lib qoladi. A.Eynshteyn fan dalillardan boshlanishi va dalillar bilan yakunlanishi zarur deb uqtirgan. Ammo dalilning o’zi fanni tashkil qilmaydi. Dalillar tanlab olinganda, turkumlanganda, umumlashtirilganda va izohlanganda, tushuntirilgandagina fanning to’qimalariga aylanadi. Dalil tasodifiy holni ham ifodalaydi. Fanni esa umumiylikni, qonuniyatni ifodalaydigan dalillar qiziqtiradi. Shuning uchun ilmiy tahlilning asosini alohida bir dalil emas, balki asosiy tendensiyani aks ettiradigan ko’p dalillar tashkil etadi. Binobarin, muammoning mohiyatini tushunib olish uchun juda ko’p dalillardan ayrimlarini oqilona tanlab olish hamda tahlil etilishi zarur. Shu bilan birga bir, alohida dalil ham ba’zi ishning mohiyatini ifodalashini esdan chiqarmaslik kerak.
Dalillar bir-birlari bilan uzviy aloqadorlikda, yaxlit, bir butun holda olingandagina nazariy umumlashtirishning asosini tashkil qilishi mumkin. Bir-biri bilan bog’lanmagan holda, tasodifiy tarzda olingan, hayotdan ajratib qo’yilgan dalillar biror hodisani, munosabatni, mohiyatni, qonuniyatni asoslab bera olmaydi. Umumiy mulohazalar, tasodifiy ma’lumotlar, dalillar orqali diniy ekstremizmning mohiyatini, ularning o’ta zararli ekanligini, xalqimiz, Vatanimiz, mustaqilligimiz, iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy taraqqiyotimiz uchun g’oyat katta tahdid ekanligini chinakam ilmiy hayotiy, ishonarli dalillar orqaligina ochib berish, asoslash mumkin, kishilarimizning ongiga singdirish mumkin, kishilarimizni xushyor bo’lishga chorlash va ularni oldini olishga safarbar etish mumkin.
Muammo so’zi grekcha bo’lib, o’zbek tilida «to’siq», «qiyinchilik», «vazifa» degan ma’noni bildiradi. Muammo bilishning taraqqiyot jarayonida paydo bo’ladigan va hal qilinishi muhim amaliy yoki nazariy ahamiyatga ega bo’lgan masala yoki masalalar majmuidir. Muammo yangi dalillar to’plangan va ularni mavjud bilimlar bilan ta’riflash mumkin bo’lmagan va dalillar mavjud bilimlar doirasiga sig’may, ularni yangicha, yuqoriroq darajada izohlash zarur bo’lib qolganda paydo bo’ladi. Muammoning paydo bo’lishi, qo’yilishi, hal qilinishi ilmiy bilish va uning taraqqiyotida muhim rol o’ynaydi. Muammoning kundalik hayotdagi savol va masala bilan aralashtirmaslik kerak. Savol va masala mavjud bilimlar doirasida yechilishi mumkin. Muammoni hal qilish uchun esa yangi dalillar, ma’lumotlarni to’plash, ularni yangicha izohlash, mavjud bilimlar doirasidan chiqish va ilmiy bilishning yuqoriroq darajasiga ko’tarilishi zarur. Bundan tashqari muammolarning o’zlari ham har xil bo’ladi. Ularning bir xillari ilmiy dalillar, fanlarning qonunlaridan kelib chiqqan va ular haqiqiy ilmiy muammolar hisoblanadi. Muammolarning ikkinchi xillari ilmiy dalillarga, fanning qonunlariga zid soxta (yolg’on) muammolardir.
Ilmiy bilish jarayonida bir muammo bir necha muammo kelib chiqishiga sabab bo’lishi mumkin. Chunonchi, bozor iqtisodiyotiga o’tish muammosi iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy hayotimizda ishlab chiqarilgan tovarlarni erkin narx bilan sotishga o’tish, kam ta’minlangan oilalarni, nafaqaxo’r kishilarni, talabalarni va yoshlarni ijtimoiy himoya qilish muammolarini keltirib chiqardi. Gipoteza grekcha so’zdan olingan bo’lib, «asos», «tahlil» degan ma’noni anglatadi. Gipoteza narsalar, hodisalar, aloqalar, hodisalarning sabablari, oqibatlari haqida ilgari surilgan, ilmiy dalillarga, ma’lumotlarga asoslangan, ammo haqiqatligi hali isbotlanmagan aqliy xulosadir. Gipoteza ilmiy bilish jarayonida yangi topilgan dalillar, ma’lumotlar mavjud nazariya bilan izohlab bo’lmay qolgan vaziyatda ilgari suriladi.
Gipoteza quyidagi unsurlardan iborat bo’ladi.
1. Gipotezaga asos bo’lgan boshlang’ich empirik materiallar;
2. Boshlang’ich materiallarni mantiqiy jihatdan ishlab chiqish
(taqqoslash, tahlil va sintez, mavhumlash (abstraktlash) va umumiylashtirish kabi mantiqiy usullar yordamida tushuncha hukm, xulosa chiqarishga o’tish) va bevosita bilishga o’tish;
3. Narsalarning sababiy bog’lanishi va qonuniyatini ochib beruvchi taxminga o’tish. Bunda taxmin ilgarigi bilimlarni xulosasi sifatida maydonga keladi. Yangi dalillardan ilgarigi bilimlar asosida yangi ilmiy taxmin paydo bo’ladi.
4. Taxminlarni tekshirish. Bunda taxmin isbot etiladi yoki rad qilinadi. Bu unsurlar va ular o’rtasidagi aloqa, bog’lanish gipotezaning tuzilmasini tashkil qiladi.
Gipoteza umumiy va xususiy gipotezalarga bo’linadi. Umumiy gipoteza bir guruh narsalar, hodisalarning xususiyatlari, sababiy bog’lanishlari, qonuniyatlari haqidagi taxmindir.
Xususiy gipotezalar ayrim narsa va hodisalar xususiyatining paydo bo’lish, mavjudlik sabablari, rivojlanish qonuniyatlari haqidagi taxmindir. Fizika, kimyo, biologiya, informatika, avtomatika, telemexanika va boshqa fanlardagi konkret hodisalar to’g’risidagi taxminlar xususiy gipotezaga misol bo’la oladi.
Gipotezalar ishchi va ilmiy gipotezalarga ham bo’linadi. Ishchi gipoteza bu dastlabki dalillarga tayanib qilingan taxmindir. Bu gipoteza narsalar, hodisalarning sababiy aloqalarini, qonuniy bog’lanishlarini bevosita asoslab, izohlab bermaydi. U kuzatilgan hodisalarni, jarayonlarni guruhlarga bo’lishga xizmat qiladi, ularni tekshirib ko’rishga undaydi. Ishchi gipoteza gipotezaning boshlang’ich davridir. Ilmiy gipoteza tabiat, jamiyat tafakkur qonunlarini ochishda ilgari suriladigan taxminlardir. Ilmiy gipotezalar barcha fanlarda ular o’rganadigan hodisalarning muhim, ichki umumiy xususiyatlarini, aloqalarini, munosabatlarini, qonuniyatlarini ochishda ishlatiladi.
Gipoteza paydo bo’lib, rivojlanib, ilmiy nazariyasiga ko’tarilishiga qadar quyidagi bosqichlarni o’z ichiga oladi:
Muayyan dalillar asosida gipotezaning paydo bo’lishi;
Dalillarni aks qilish va asos yuzasidan tegishli xulosaga kelish;
3. Gipotezaning to’g’riligini tekshirish, noto’g’ri taxminlarni rad etish, taxminlardan ehtimollik xulosalariga kelish, gipotezaning asosliligini qo’shimcha dalillar bilan aniqlash, qonunlarning, nazariyalarning ochilishiga olib kelish.
Gipotezani tekshirish lozim. Uni tekshirish orqali haqiqatligi, ehtimolligi ortadi yoki kamayadi, uning haqiqatligi isbotlanadi yoki rad qilinadi.
Gipotezani tekshirishda turli usullardan foydalaniladi. Gipoteza avvalo bevosita dalillar orqali tasdiqlanib boradi. Agar ilgari surilgan taxminlar dalillarga, tajribalarga mos kelsa, gipotezaning haqiqatligi tasdiqlanadi, mos kelmasa, u rad etiladi. Gipotezaning to’g’riligi uni voqelik bilan solishtirish orqali ham tekshiriladi. Agar u voqelikka mos kelsa, ilmiy nazariyalarga asos bo’ladi. Gipotezada ilgari yo’l qo’yilgan xatolar ham hisobga olinadi, ya’ni qachon, qayerda va qanday xatolarga yo’l qo’yilgan bo’lsa, shu xatolar hisobga olinib, xulosalar chiqariladi.
Gipotezalar tadqiqotchini doimo muayyan izlanishga yo’naltiradi, uning e’tiborini nimaga qaratishi, nimani izlashini aniqlab beradi, unga o’z sohasida biror bir yangilik qilish yoki yaratishga yordam beradi.
Nazariya, keng ma’noda olinganda biror hodisani tushuntirib beruvchi tasavvurlar, g’oyalar va tamoyillarning tizimidir. Torroq ma’noda olinganda, nazariya voqelikning muayyan sohasining muhim xususiyatlari, qonuniyatlari, sababiy aloqalari, mavjudlik va rivojlanish xarakterini belgilovchi asoslari to’g’risida yaxlit, to’la-to’kis qarashni ifodalovchi ilmiy bilimlarning oliy, asoslab berilgan mantiqiy ziddiyatli bo’lmagan tizimidir. Hukmlar nazariyaning prinsiplarini va mulohazalarini tashkil etadi, tushunchalar nazariyalarning terminlaridir, turlicha xulosa chiqarishlar, nazariyada xulosa yordamida bilimlar hosil qilish usullaridir. Nazariyaning tuzilishiga quyidagilar kiradi:
1. Nazariyaning empirik asoslari (tajribalar orqali aniqlangan, nazariy izohlanishi zarur bo’lgan dalillar);
2. Turli-tuman taxminlar, aksiomalar (isbotsiz qabul qilinadigan va boshqa da’volarning isboti uchun asos qilib olinadigan haqiqat), postulatlar (isbotsiz ham qabul qilinaveradigan dastlabki qoidalar);
3. Nazariyaning mantiqi, nazariya doirasida foydaniladigan mantiqiy xulosalar va isbotlarning qoidalari;
4. Nazariy bilimlarning negizini tashkil qiluvchi qarashlar, g’oyalar, fanlarning qonunlari, ilmiy bashorat.
Hozirgi zamon nazariy bilimlari turli-tuman bo’lganligi uchun nazariyaning xilma - xil turlari bor:
1. Ta’riflovchi nazariyalar. Ular ko’p va turli-tuman materiallarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Matematikalashtirilgan nazariyalar. Ular matematik uskuna va modellardan foydalanadi.
Izohlovchi nazariyalar. Ular empirik materiallarni izohlashga qaratilgan;
4. Deduktiv nazariy tizimlar. Bularda boshlang’ich asos ham tizimni ishlab chiqish va rivojlantirishning mantiqiy qoidalari ham qat’iy belgilangan bo’ladi. Bunday nazariy tizimlarning bir qator ko’rinishlari bor.
Ilmiy bashorat inson hayotida hali ro’y bermagan, fan uchun hozircha noma’lum hisoblangan, imkoniyat tariqasidagina mavjud bo’lgan biron bir hodisaning kelajakda qanday ro’y berishini, uning holati, rivojlanish qonunlarini va oqibatlarini muayyan ilmiy dalillar, ilmiy xulosalar va ma’lumotlarga asoslangan holda aytib berishdir.
Ilmiy bashorat ikki xil bo’lishi mumkin:
Nisbatan noma’lum, tajribadan o’tmagan, ammo mavjud bo’lgan hodisalarni ilmiy bashorat qilish.
Kelajakda muayyan sharoitlar paydo bo’lganda vujudga keladigan hodisalarni bashorat qilish. Ilmiy bashorat har doim tabiat va jamiyat qonunlarini noma’lum yoki paydo bo’lmagan hodisalarga tadbiq qilishga asoslanadi.
Ilmiy bashoratda ehtimollik unsurlari ham bor. Bu ayniqsa, kelajakda kerak bo’ladigan konkret hodisalarga va ularni yuzaga kelish muddatlariga tegishli bo’ladi. Bu rivojlanish jarayonida ilgari mavjud bo’lmagan va sifat jihatidan butunlay yangi sababiy bog’lanishlar imkoniyatlarning paydo bo’lishi bilan bog’langan.
Ilmiy bashorat ilmiy bilimlarni ishlab chiqishda fanning taraqqiyotida muhim rol o’ynadi. Ilmiy bashorat hozirgi O’zbekiston bozor iqtisodiyotiga o’tayotgan sharoitda davlat va xalqning hayotida sodir bo’lishi mumkin bo’lgan hodisa va voqealarni oldindan bilish, bu hodisalarning ijobiy oqibatlarini ko’paytirish, salbiy oqibatlarining oldini olish, hech bo’lmasa, ularni kamaytirish imkonini beradi.
Bugungi kunda, uchinchi to’lqin sivilizatsiyasi, postindustrial, axborot jamiyati davrida fan va ilmiy texnika taraqqiyoti jamiyat rivojlanishini, shu jumladan, uning moddiy, iqtisodiy negizi ijtimoiy ishlab chiqarishning rivojlanishini belgilovchi omillar hisoblanadi.
«Falsafa fanlari ensiklopediyasi»da Gegel fan tizimli xususiyatga ega ekanligini ko’rsatar ekan, shu jumladan: «Fan mohiyat e’tibori bilan tizimdir, chunki haqiqiylik konkretlik kabi o’z ichida avj oluvchi birlikdir, ya’ni bir butunlikdir», deb qayd etadi Gegel.
Ilmiy fakt, g’oya, gipoteza, konsepsiya, nazariya, ilmiy qonun ilmiy bilish tizimining tarkibiy elementlaridir. Ilmiy ijod fan tizimidagi barcha tarkibiy elementlarning mazmunini rivojlantiradi va boyitadi. Bu yerda ijod tizim sifatida ishtirok etadi va fan tizimi osha nur taratib turadi. Ilmiy ijod - bu olim, tadqiqotchi, yaratuvchining qobiliyatlari va mahoratining, irodasi, tirishqoqligi va qat’iyatining, yakuniy maqsad — yangi haqqoniy ilmiy bilim olishga intilishining ifodasidir. Chinakam olim borlig’ining mohiyati ijodiy intilishda, muttasil ilmiy chanqoqlikda o’z aksini topadi.
2. Fan — bu rivojlanuvchi, o’suvchi bilim tizimi, insonning atrof olamni surunkali o’zlashtirishiga, o’zini qurshagan voqelikning borligi haqida aniq va teran axborot olishi, bunday axborotni saqlash, qayta ishlash va undan foydalanishiga yo’naltirilgan ijtimoiy ongning alohida shaklidir.
Bugungi kunda fan ijtimoiy ong shakli sifatida hozirgi zamon postindustrial, axborot jamiyatining arxetipidan mustahkam o’rin olgan. Hozirgi zamon ijtimoiy borlig’idaga jadal rivojlanayotgan ijtimoiy institutlardan biri sifatida fan ko’plab ijtimoiy muhim rollar o’ynamoqda, evristik, epistemologik, axborot, amaliy, texnikaviy texnologik funksiyalarni bajarmoqda.
Bozor iqtisodi rivojlangan, ilg’or texnologiya va infratuzilmali mamlakatlarda ilmiy tadqiqot faoliyati bilan shug’ullanish juda obro’li va foydalidir: ilmiy bilishni o’stirishga intellektual va moddiy resurslarni joylashtirish juda katta dividendlar keltiradigan foydali biznesdir.
Hozirgi zamon jamiyati uchun fan ulkan ijtimoiy qimmatga ega. Gap shundaki, turmushni tashkil qilishning ijtimoiy darajasi yuksak darajada ratsionalligi bilan ajralib turadi. Butun insoniyat, tabiiy resurslari cheklanganligiga qaramay, fanga investitsiyalarni muttasil oshirib borayotganligi kishilik jamiyatining ijtimoiy ongi ilmiy bilimni uzluksiz o’stirishdan manfaatdor ekanligini ko’rsatadi. Bugungi kunda fan butun jamiyatni bilish faoliyati ijodiy faoliyatga jipslashtiruvchi baynalmilal ijtimoiy institut ekanligi hech kimga sir emas.
Inson ilmiy tadqiqotlar yordamida o’zini qurshagan olamga epistemologik jihatdan muttasil ravishda chuqur va keng kirib boradi. O’sib boruvchi ilmiy bilishning epistemologik jihatdan bunday faolligi murakkab, kompleksli hodisadir. Bu hodisaning bir ma’noli talqinini berish juda qiyin.
Fanning epistemologik sabablari orasida insoniyatning o’z hayotiy faoliyatining tashqi sharoitlariga moslashish borasidagi faoliyatini tilga olish o’rinli bo’ladi.
Insoniyat tabiat qo’ynida vujudga kelgan, u yashaydi va rivojlanadi. Atrof - muhit, bir tomondan, insoniyat mavjudligining zarur va yetarli sharti bo’lsa, ikkinchi tomondan, tabiatning o’zi eng maqbul holatda insonga befarq, eng nomaqbul holatda esa unga nisbatan dushmanona kayfiyatdadir. Yashab qolish uchun insoniyat murakkab, ba’zan o’ziga nisbatan dushmanona kayfiyatdagi tashqi sharoitlarga moslashishi zarur, shuning uchun ham u ilmiy bilimni tabiatga ijtimoiy qalqon, tabiatning so’qir va ayovsiz kuchlaridan o’ziga xos himoya vositasi sifatida qarshi qo’yadi. Fan bu yerda butun kishilik jamiyatining rivojlanish, moslashish va yashab qolish jarayonida himoya vositasi bo’lib xizmat qiladi.
Ilmiy bilish ob’ektiga epistemologik jihatdan chuqur kirib borish uchun fan ijtimoiy institut sifatida ilmiy kadrlar bilan uzluksiz to’ldirilib borishi kerak. Shuning uchun ham u jamiyatda ma’rifiy, o’qituvchilik funksiyasini bajaradi, zotan, olimlarning o’sishi, shakllanishi aynan ilmiy jamoalarda sodir bo’ladi. Bu yerda, shuningdek, ilmiy xodimlarning qobiliyati, bilimi va ko’nikmalariga qarab saralab, tanlab olish ham sodir bo’ladi. M. Polani qayd etib o’tganidek: «Fanni mahoratli odamlar yaratadi».
Jamiyatning ma’naviy madaniyati elementi sifatida fanning epistemologik funksiyasi jamiyatning ilmiy bilim bilan bog’liq bo’lgan qadriyatlari, maqsadlari, manfaatlarini jamlab borishni nazarda tutadi. Fan odamlarga o’z kuchiga, inson zakovatining bilish qudratiga ishonch tuyg’usini beradi.
Fan ijtimoiy institut sifatida hozirgi zamon jamiyati hayotida muhim rol o’ynaydi va ko’plab funksiyalarni bajaradi. Bu funksnyalar orasidan quyidagilarni qayd etish mumkin:
- fanning moslashtiruvchi funksiyasi hayotiy faoliyatning tabiiy va ijtimoiy sharoitlariga moslashish qobiliyatini shakllantiradi;
fanning faollashtiruvchi funksiyasi jamiyatda tabiatga nisbatan amaliy o’zgartiruvchi faoliyatga moyilliklarni shakllantiradi;
fanning variativ funksiyasi o’zini qurshagan muhitga nisbatan jamiyatning maqbul xulq - atvorini shakllantiradi;
fanning monitoring funksiyasi tabiatni kuzatish va nazorat qilish global tizimini, masalan, ekologik laboratoriyalar, meteorologik stansiyalar va yo’ldoshlar, astrofizik observatoriyalar, har xil qo’riqxonalar va hokazolarni barpo etishni nazarda tutadi;
fanning informativ funksiyasi odamlarga atrof olam haqida yangi ilmiy bilimlar, aniq ilmiy axborot beradi.
Insoniyat yangi - yangi ilmiy bilimlarni umuminsoniy madaniyat xazinasiga kiritib, K. Popper ta’biri bilan aytganda, «bilimdan lazzat oladi». Binobarin, fan gedonistik ijtimoiy funksiyani ham bajaradi. Buning ustiga, har bir insonda bo’lgani singari, jamiyatga ham qiziquvchanlik xosdir. Fan mana shu ijtimoiy ehtiyojni qondiradi.
Hozirgi zamon jamiyatida fan nafaqat odamlar, balki butun sayyoraning hayoti uchun ijtimoiy mas’uldir, zotan, ilmiy bilimning o’sishi qanday oqibatlarga olib kelishi hanuzgacha ko’p jihatdan mavhum va xatarlidir.
Jamiyat hayotining barcha sohalarida globalizatsiya jarayonlari sodir bo’layotgan hozirgi zamon sharoitlarida ilmiy bilimning notekis, eksponensial o’sishi ilgari kuzatilmagan yangi bir paradigmani-fanning rivojlanish paradigmasini vujudga keltiradi. Ilgari ilmiy bilish jarayoni ozmi- ko’pmi bir maromda kechgan, ya’ni adiabatik xususiyatga ega bo’lgan bo’lsa, bugungi kunda vaziyat butunlay o’zgardi. Fanning o’sishi jiddiy noadiabatik, sakrovchi, notekis xususiyatga ega bo’lib, epistemologik vaziyat keskin, qo’qqisdan, kutilmaganda o’zgaradi.
Bunday g’ayrioddiy sharoitlarda hozirgi zamon olimi nafaqat chuqur ilmiy bilim va ko’nikmalarga, balki teran va serqirra hayot tajribasiga ega o’tkir zehnli odam bo’lishi kerak. Ilm - fan taraqqiyoti bu butun ijtimoiy taraqqiyotning ajralmas qismidir.
Ijod deganda keng ma’noda shaxs yoki jamiyatning tabiiy, ijtimoiy va ma’naviy olamni insonning maqsad va vazifalariga, uning ehtiyojlari, istaklari va imkoniyatlariga muvofiq ravishda o’zgartirish borasidagi bunyodkor faolligi tushuniladi. Sub’ektning borliqda faol va izchil tarzda yangilik yaratish irodasining ta’siri ijodiy faoliyatda o’z aksini topadi.
Odamlar ongi ijod orqali bizni qurshagan olamni kuzatibgina qolmay, balki uni faol yaratadi ham.
Shaxs erkinligi, ijodiy izlanishlar va ijod natijalarining tanqid uchun ochiqligi, ijod atrofida fikrlar va g’oyalar kurashi ilmiy, badiiy, texnikaviy ijod rivojlanishining zarur shartidir. Ijod bu - shakllangan stereotiplar, odatlar, an’analar va shartliliklar doirasidan ongli ravishda chiqish demakdir, zero, sub’ekt ijod jarayonida taraqqiyot yo’lida to’g’anoq bo’lgan eski narsalarni ongli ravishda chetga uloqtiradi. Ijodiy faoliyat tufayli yangi g’oyalar, qarashlar, nazariyalar odamlarning qalbi va aqlida hukm sura boshlaydi, bu esa ijtimoiy taraqqiyotga olib keladi.
Har xil dogmatizm, stereotiplar, noxolislik, dunyoqarashning torligi ijodga mutlaqo yotdir. Erishilgan taraqqiyot darajasining dogmalashishi taraqqiqyot yo’lidagi, yangi hayotni erkin, ijodiy yaratish yo’lidagi to’siqdir. Har qanday shaxsning ichki ma’naviy salohiyati faqat sifat jihatidan yangi narsani vujudga keltiradigan ijod jarayonida o’zini to’liq namoyon etishi mumkin.
Inson ijodi xilma - xildir. U badiiy, ilmiy tadqiqot, konstruktorlik, siyosat sohalaridan namoyon bo’lishi mumkin. Bemorda o’ziga xos jarrohlik operatsiyasini amalga oshirgan vrach xam, ritsionalizatorlik taklifini kiritgan ishchi xam ijodkor shaxslardir. Shuningdek, laboratoriyada murakkab tadqiqotlar o’tkazgan olimni ham, yangi roman va she’rlar yozgan yozuvchi, shoirni xam, betakror musiqa asarlari yaratuvchi bastakorni ham ijodkor shaxslar deb atash mumkin.
Ijod bu sub’ektning tafakkuri, aqli va idrokini nazorat qiluvchi, tartibga soluvchi, yo’naltiruvchi, shu bilan birga ijtimoiy amaliyotga muvofiq ravishda muttasil o’zgarib boruvchi ob’ektiv olamning sub’ekt ongidagi faol in’ikosidir. Badiiy, texnikaviy va ilmiy ijod tafovut etiladi. Ilmiy ijod bu olimning bilimlari, qobiliyatlarining oliy ifodasi, o’rganilayotgan hodisalarning o’zagiga, mohiyatiga chuqur kirib borishga bo’lgan uning istagidir.
Ilmiy faoliyat ijod bilan chambarchas bog’liq. Ilmiy xodimning bilimi, iste’dodi, qobiliyati, ko’nikmalari, ilmiy haqiqatning tagiga yetishga bo’lgan intilishlari ilmiy ijodda o’z aksini topadi. Ilmiy kashfiyot, fanda yangi nazariya yoki yo’nalish yaratish ijodning fandagi oliy ifodasidir. Ilmiy tadqiqotlar sohasida yuksak natijalarga erishgan olimlar daho deb atalishi bejiz emas. Masalan, A. Eynshteynning ilmiy faoliyati ulkan darajada ilmiy faolligi bilan ajralib turadi. Uning ilmiy kashfiyotlari nafaqat hozirgi zamon fizikasining qiyofasini, balki dunyoning hozirgi zamon manzarasini ham o’zgartirib yubordi. Eynshteynning kashfiyotlari natijasida hozirgi zamon olimlari ilmiy faoliyatining ruhi, xususiyati ham o’zgarib ketdi.
Ilmiy ijod ilmiy muammoni qo’yishdan boshlanadi. Ilmiy tadqiqotning maqsadi yuzaga kelgan muammolarni hal qilish, olingan yechimlardan voqelikni amaliy ijodiy o’zlashtirishda, borliqning mohiyatini yanada teran bilish, tushunish va anglab yetishda foydalanishdir.
YAngini kashf etish, atrof olam haqida shu paytgacha ma’lum bulmagan axborotni olish bilan bir qatorda, ilmiy ijod mavjud ilmiy bilimni egallash, uni ijodiy o’zlashtirish, ilmiy kashfiyotlar, eksperimentlar, kuzatishlarning natijalaridan faol foydalanishni ham o’z ichiga oladi.
Olimning ijodiy fantaziyasi, olim aqlining faolligi ilmiy abstraksiyalar yaratishda namoyon bo’ladi. Ilmiy abstraksiyalar o’rganilayotgan hodisalarning shu paytgacha ma’lum bo’lmagan yashirin mohiyati haqida to’g’ri bilimlar beradi. Ilmiy abstraksiyasiz o’rganilayotgan faktlar va jarayonlarning biror bir jihatini bilish, tushunib yetish mumkin emas. Olim faqat ilmiy abstraksiya yordamida ob’ektning mohiyatiga kirib borishi mumkin va lozimdir. Shunda u ilmiy bilish jarayonida mazkur ob’ektning mohiyatini ijodiy tiklaydi va unga xos bo’lgan qonunlarni, ob’ekt borlig’ining ichki mantig’ini kashf etadi.
Abstraktlashtirish yoki mavhumlashtirish ijodiy jarayon sifatida fanda ilmiy bilishning nazariy bosqichida yorqin namoyon bo’ladi. Bunda olimning tafakkuri ilmiy bilimni to’liq egallagandan so’ng uni yangilik yaratish uchun amalda ijodiy qo’llash maqsadida jonli mushohadadan abstrakt tafakkur darajasiga ko’tariladi.
Eksperiment ilmiy ijodning o’ziga xos vositalaridan biri hisoblanadi, zotan, u ham ilmiy ijod vositasi, ham uning real ifodasidir. Eksperiment o’tkazuvchi o’ziga xos eksperimental g’oyani ilgari surishi uchun undan juda katta ilmiy quvvat, koshiflik, mehnat, sabr - toqat talab etiladi. Shundan so’ng u eksperimentni yo’lga qo’yish, kalibrlash, o’tkazish bo’yicha zahmat chekadi va nihoyat, uzoq kutilgan ilmiy natijalarni oladi, ularni qayta ishlaydi, talqin qiladi va ilmiy maqola, hisobot, preprint va hokazo ko’rinishida e’lon qiladi.
Eksperimentning ijodiy xususiyati shunda namoyon bo’ladiki, u qat’iy ishlab chiqilgan rejaga ko’ra amalga oshiriladi, ma’lum maqsadga erishishga — mavjud farazlar va nazariyalarni tekshirishga yoki mavjud nazariy qoidalarni boyitishga yo’naltiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |