Respublika xo`jalik va ijtimoiy hayotining harbiy izga solinishi
Urush butun mamlakat xo`jaligini, uning hayotini tubdan o’zgartirib yubordi. 1940-yil 30-iyunda Davlat mudofaa komitetining tuzilishi bilan mamlakatdagi butun hokimiyat uning qo’liga o’tdi. Ushbu komitetning raisi I.V. Stalin 8-avgustda SSSR qurolli kuchlari Oliy bosh qo’mondoni lavozimini egalladi. Urushning dastlabki kunlarida qabul qilingan maxsus qarorlar, ko’rsatmalarda mamlakat katta xavf ostida qolgani, uni himoya qilish uchun shoshilinch ravishda barcha iqtisodiy-ma'naviy kuchlarni mudofaa manfaatlariga bo`ysundirish, xalq xo`jaligini to`liq harbiy izga solish lozimligi qayd etildi.
Uzoq davom etgan urush qiyinchiliklari O`zbekistonni ham og'ir ahvolga solib qo’ydi. Harbiy vaziyat front orqasini mustahkamlash yuzasidan shoshilinch choralar ko’rishni talab qildi. Xalq xo`jaligini qayta ko’rib, harbiy izga tushirish eng muhim edi.
O`rta Osiyo harbiy okrugida front uchun jangovor zaxiralar va komandirlar tayyorlandi. Bir yarim yil ichida bu okrugda 109 ta harbiy qo`shilmalar tuzildi. Shulardan harakatdagi armiyaga va Bosh qo`mondonlik stavkasi rezerviga 86 diviziya va brigada jo`natildi. 1941-yil noyabridan to 1942-yil martigacha O`zbekistonda 14 ta milliy brigada, jumladan 9 ta alohida o`qchi brigada va 5 ta otliq diviziya tuzildi. Urush yillarida 1 mln 433230 O`zbekistonlik fuqaro fashizmga qarshi janglarda qatnashdi. (1940-yil respublika aholisi 6,5 mln kishidan iborat edi).
Umumiy axvolning keskin yomonlashuvi oziq-ovqat borasida qiyinchiliklar tug'dirdi. Shaharlarda oziq-ovqat kartochkalari joriy etildi. Urush yillarida aholining yangi ijtimoiy guruhlari: harbiy xizmatchilar oilalari, ko’chib kelgan kishilar, urush nogironlari, yetim bolalar paydo bo’ldi. Urush yillarida respublikaga bir milliondan ortiq kishi, shu jumladan, 200 ming yetim bola evakuatsiya qilindi, Toshkent shahrining o`zida 1941-1942-yillarda qariyib 240 ming kishi joylashtirildi va ish bilan ta`minlandi. O`zbekistonliklar ko`chirib keltirilgan bolalarga mehribonlik va g'amxorlik ko`rsatdilar, 14 nafar yetim bolani farzandlikka olgan Shomahmudovlar oilasining oliyjanobligi butun jahonga ma'lum. Urush nogironi Kattaqo`rg'onlik Hamid Samadov oilasi 12 bolani o`z panoxiga oldi, Samarqandlik kolxozchi ayol Fotima Qosimova 10 bolani qabul qildi. M.Jo`rayeva va Ashurxo`jayevlar 8 bolani o`z oilalariga oldilar. 1943-yilning oxiriga kelib shaharlarda 4,672 ming nafardan ziyodroq bola, qishloqlarda esa 870 bola o`zbek oilalari tomonidan tarbiyaga olingan. Ko`chirib keltirilgan bolalarning asosiy qismi bolalar uylariga joylashtirildi. Urush yillarida bunday uylarning soni 106 tadan 263 taga yetdi. U yerdagi bolalar soni 12mingdan 31300 taga yetdi. 1943-yilda bolalar bog`chalarida tarbiyalanayotgan 53072 boladan 15108 nafari evakuatsiya qilingan bolalar edi.
1941-yil 1-oktyabrgacha O`zbekiston sog'liqni saqlash xalq komissarligi tizimida 14950 o`ringa ega bo`lgan 47 gospital barpo etildi va zarur uskunalar bilan jihozlandi. 1942-yilning oxirlarida O`zbekiston hududida 39 140 o`ringa ega bo`lgan 113 gospital evakuatsiya gospitallari joylashtirildi. Urush yillarida 164 382 yarador qabul qilindi, ulardan 87%i davolanib chiqdi. Davolanayotgan jangchilarning to`laqonli ovqatlanishni tashkil qilish uchun 750 dan ortiq korxona, tashkilot, kolxoz va sovxozlar gospitallarni otaliqqa oldi va butun o`zbek xalqi yaradorlarga g`amxo`rlik qildi. O`zbekistonliklar orasida mudofaa fondi tashkil etilib, unga 650 mln. so`m pul, 22 mln. so`mlik qimmatbaho buyumlar va 55 kilogrammga yaqin oltin, kumush va boshqa qimmatbaho metallar to`plandi. Xullas, urush yillarida Respublikamizning barcha moddiy va ma'naviy kuchlari g'alaba uchun safarbar etildi, harbiy izga tushirildi.
Urushning dastlabki vaqtlarida iqtisodiy vaziyat keskin og'irlashdi, Ittifoq respublikalaridagi ko`pgina sanoat va qishloq xo`jalik rayonlarining bosib olingani xalq xo`jaligini og'ir ahvolga solib qo’ydi. Chunki bu xududlarda sobiq SSSR axolisining 40 foizi yashar, bu erlarda ko`mirning 63 foizi, bug'doyning 38 foizi etishtirilar, qudratli mashinasozlik bazasi va ko`plab mudofaa korxonalari mavjud edi. Ana shunday sharoitda Sharq mintaqasi rayonlari bo`yicha 1941-yilning oxiri va 1942-yilga Markaziy hukumatning harbiy xo`jalik rejasi qabul qilindi. Bu rejada umumittifoq miqyosida mamlakat Sharqining ahamiyati keskin ortganligi qayd qilindi. Nihoyatda qisqa muddatda shu mintaqada sanoat qurilishini avj oldirish, harbiy mahsulotni ishlab chiqarishni ko`paytirish, frontga umumxalq yordamini uyushtirish ko`zda tutildi. Urushning natijasi mana shu vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga ko`p jihatdan bog'liq edi.
Respublika sanoat korxonalari urush boshlanishi bilan qayta qurilib, mudofaaga zarur mahsulotlar ishlab chiqarishga o`tkazildi. 26-iyundan boshlaboq mamlakatda ishchilar va xizmatchilar uchun ishdan tashqari vaqtda majburiy ishlab berish joriy etildi.
Katta yoshdagilar uchun ish kuni olti kunlik ish xaftasida 11 soatgacha uzaytirildi. Aslida ish kuni 12-14 soatga cho`zilardi. Ta'tilga chiqish bekor qilindi. Bu hol ishchi-xizmatchilar sonini ko`paytirmasdan turib ishlab chiqarish quvvatining hajmini taxminan 1/3 ga oshirish imkonini berdi. Korxonalardan o`zboshimchalik bilan ketib qolganlar 5 yildan 8 yilgacha muddat bilan qamoqqa hukm qilinadigan bo`ldi. Biroq odamlar mamlakat ichkarisida, xususan, O`zbekistonda «yuqoridan» ortiqcha qistovsiz ham ozodlik va mustaqillik yo`lida fidokorona mehnat qildilar.
O`rta Osiyo respublikalariga evakuatsiya qilingan 308 korxonaning 104 tasi (Leningrad to`qimachilik mashinalari zavodi, “Qizil Oqsoy”, “Rosselmash”, Sumsk compressor va Dnepropetrovsk karborund zavodlari, Moskvadagi “Elektrokabel” va “Podyomnik” zavodlari, Temir yo`llar xalq komissarligining mashinasozlik zavodi, Chkalov nomidagi aviatsiya, Krasniy put zavodi, Kiyevdagi “Transsignal” zavodi, Stalingrad kimyo kombinati va boshqalar) O`zbekistonga; ulardan 55 ta korxona Toshkent va Toshkent viloyatiga, 14 ta zavod va fabrika Samarqandga, 22 tasi Farg`ona vodiysiga, 2 tasi Buxoro viloyatiga joylashtirildi. 1941-yil oxirigacha bu korxonalardan 50 tasi ishga tushirildi. 1942-yil birinchi yarmida esa barcha keltirilgan sanoat korxonalari to`liq quvvatda ishlab, mudofaa uchun mahsulot chiqara boshladi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko’paytirish maqsadida 7 ta yirik va 30 ga yaqin kichik GESlar qurildi. Ayniqsa, O`zbekistonning eng yirik gidrostantsiyasi bo`lib qolgan Farxod GES qurilishi umumxalq qurilishiga aylantirilib, 10 oy ichida Sirdaryo to`silib, GES ishga tushirildi. Elektr energiyasi 1940-yilga qaraganda 1943-yil 3.5 barobar oshdi, 1945-yilda esa 1187 mln. kilovat soatga ko`paydi.
Respublikada ko`mir, neft konlari ochilishi borasida ham samarali ishlar olib borildi. Natijada 1945-yilga kelganda 1940-yildagiga nisbatan 30 marta ko`proq ko`mir qazib olindi, ya’ni 103 mln. tonna ko`mir qazib olindi. Urush yillarida respublikada «Chuqurlangar», «Tolmazor», «Nayman», «Shahrixon-Xo`ja obod» va boshqa yangi neft konlari ishga tushirildi. Farg'ona vodiysida ishlab turgan «Andijon», «Polvontosh», «Chargartosh», «Chimyon» neft konlarida maxsulot ishlab chiqarishni ko`paytirish tadbirlari natijasida respublikada neft ishlab chiqarish 4 marta ko’paydi.
Volfram, molibden, mis va oltin zahiralarining topilishi natijasida O`zbekistonda rangli metallar sanoati yaratildi. Bekobodda metallurgiya zavodi qurish uchun 30 mingdan ko`proq kishi jalb etilib, 1944-yil 5-martda O`zbekistonning birinchi metallurgiya zavodi ishga tushirildi. 1945-yil fevralda Bekobod metallurgiya zavodining ikkinchi navbati ham mahsulot bera boshladi.
Urush yillarida qurilish materiallari, to`qimachilik va poyabzal, oziq-ovqat va maxalliy sanoat tarmoqlari ham rivojlandi. Sanoatning yangi yo`nalishlarining paydo bo`lishi, zavod va fabrika tarmoqlarining kengayishi kadrlarga bo`lgan ehtiyoj va talabni oshirdi. Ishlamayotgan mehnatga layoqatli ayollar, o`smir yoshlar, nafaqaxo`rlar hisobiga ishchilar safi to`ldirildi. Urushning dastlabki ikki yili mobaynida O`zbekistonda turli kasbdagi 105 mingdan ziyod sanoat ishchisi tayyorlandi.
Ochlik, charchoq, qiyin sharoitlarga qaramasdan ilg'or ishchilarning ko`pchiligi normani 300-400, xatto 500 foizga qadar bajargan vaqtlari ham bo’ldi.
Respublika aholisi urushning dastlabki olti mobaynida frontda 421.5 mingta turli issiq kiyimlar yubordi.
Urush yillarida O`zbekistonda vujudga kelgan harbiy sanoat kompleksi tomonidan front uchun 2100 ta samolyot , 17 342 ta aviamotor, 2 318 ming dona aviabomba, 17 100 ta minomyot, 60 mingga yaqin harbiy kimyoviy apparatura, 22 mln. dona mina va 560 ming dona snaryad, 1 mln. dona granata, 300 mingta parashyut, 3 mln radiolampa, 5 ta bronepoyezd, 18 ta sanitar poyezdi, 2200 ta ko`chma oshxona 7518,8 mingta gimnasterka, 2636,7 mingta paxtali nimcha, 2861,5 mingta armiya etigi yetkazib berdilar.
1945-yilga kelib sanoat ishlab chiqarish urush arafasiga nisbatan deyarli ikki barobar oshdi, neft qazib olish 4, metall ishlab chiqarish 4.8, mashinasozlik mahsulotlari 13.4 barobar, ko`mir qazib chiqarish 30, energiya ishlab chiqarish 2.42 barobar ko`paydi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida respublikada transport va aloqa vositalarining uzluksiz va unumli ishlashini tashkil qilishga alohida e'tibor berildi.
O`zbekiston temir yo`llari xodimlarining fidokorona mehnati natijasida 1941-1942-yillar davomida ko`chirilgan sanoat korxonalarining asbob-uskunalari ortilgan 17.5 ming vagoni tashib berildi. Front orqasi bilan front o`rtasidagi asosiy aloqa vositasi bo’lib xizmat qilgan temir yol tarmoqlari 1941-1945-yillarda 2 barobarga uzaydi.
Urush davri talablari va telegraf ishini ham qiyinlashtirib qo`ydi, ish hajmi oshdi, pochta korxonalarning soni, telefon va telegraf tarmoqlarining uzunligi ortdi. Nemis-fashistlarni tor-mor keltirish uchun olib borilgan umumxalq kurashida o`zbek dehqonlari ham munosib xissa qo`shdilar. Ular oldiga front va mamlakat ichkarisidagi aholini qishloq xo`jalik maxsuloti bilan, sanoatni xom ashyo bilan ta'minlash vazifasi qo`yildi. Buning uchun qishloq xo`jaligini ham harbiy izga o`tkazish, don, kartoshka, sabzavotlar va texnika ekinlarini ko`paytirish lozim edi. Chorvadorlar ham armiya va aholini go`sht-sut maxsulotlari bilan ta'minlashlari lozim edi. Dehqon ko`p mashaqqatlarni yengdi. Urush arafasida O`zbekistonda 27 888 mexanizator bo`lgan bo`lsa, 1942-yilda ularning soni 2 775 kishiga tushib qoldi, keyinchalik yanada kamaydi. Natijada 12 yoshdan boshlab mehnat kuni belgilanib, uni bajarmaganlarning oilasi sudga beriladigan bo`ldi.
Urush yillarida xashar yo`li bilan O’zbekistonda Shimoliy Toshkent, Yuqori Chirchiq, Shimoliy Farg'ona, Sox, Shohimardon, Uchqorg'on kanallari, Rudasoy, Kattaqorg'on suv omborlari qurilib ishga tushirilishi yangi erlarni o`zlashtirishga imkon berdi. 1942-1943-yillarda O`zbekistonda sug'orilib ekin ekiladigan erlar maydoni 546 ming gektarga ko`paydi.
Paxta yetishtirishni ko`paytirish urush yillarida O`zbekiston dehqonlarining oldidagi eng muhim vazifalardan biri edi. Ob'ektiv sabablarga ko`ra 1942-1943- yillardagi paxta topshirish rejalari bajarilmay qoldi. Lekin urush davri sharoitidagi texnika vositalari, ishchi kuchining yetishmovchiligi, mineral og'itlarning kamligi sababli ro`y bergan bu holatni Markaz tan olishni istamadi. 1944-yil yanvarda o`tkazilgan respublika paxtakorlarining birinchi qurultoyida ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida O`zbekiston yillik paxta tayyorlash rejasini 101.4 foizga bajardi. Shunday qilib, urush yillarida O`zbekiston qishloq xo`jalik axli eng murakkab va og'ir sharoitlarda mehnat qilib, 4 mln. tonnadan ziyod paxta xom-ashyosi, 82 mln. pud don, 55 ming tonna pilla, 11 mln. tonna sholi, 57.5 ming tonna meva va uzum, 36 ming tonna go`sht, 22.3 ming tonna jun va boshqa mahsulotlar etkazib berdilar. Bu fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga qo`shilgan munosib xissa edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |