Lamaizm ta'limotiga ko`ra, odam o`ldirish, o`g‘rilik, yolg‘onchilik, tuhmat, g‘iybat, bekorchi so`zlash, ochko`zlik, kek saqlash, zino qilish – o`nta «og‘ir gunoh» sanaladi. Gunoh qilishdan o`zini tiyish insonga eng yaxshi qayta tug‘ilishga imkon beradi. Lamaizm yo`nalishining oliy diniy rahnamosi Dalay-Lama sanaladi. U tug‘ilgan mavjudotlarning eng ulug‘i, bodxisatva Avalakiteshvaraning erdagi ko`rinishi, tirik xudo hisoblanadi. Dalay – tibet tilida «dengiz» ma'nosini anglatadi. Dalay-Lama «dengizdek ulug‘ lama» deganidir. Bu unvon 1391 yilda joriy qilingan. Birinchi Dalay-Lama Binduidub (1391-1475) bo`lgan. Hozirgi kunda Dalay-Lama XIV Lozondantzenjantso-Igvant hisoblanadi. U 1935 yilda tug‘ilgan. Uning o`limi bilan erda yangi Dalay-Lama paydo bo`ladi. Oliy lamalardan tashkil qilingan hay'at uning o`limidan so`ng bir yil mobaynida yangi tug‘ilgan go`daklar orasidan yangi Dalay-Lamani qidirib topadilar. Shundan so`ng go`dak monastirda tarbiyalanadi. U voyaga etgunga qadar uning vazifasini regent – muvaqqat vakil bajarib turadi. Lamaizm diniy hayotining markazini monastir tashkil qiladi. U erda Dalay-Lama, Lamalar diniy uyushmasi, rohiblar, talabalar faoliyat olib boradilar. Ijtimoiy dastur insonning ijtimoiy mavqei (jamiyatda tutgan holati) o`tmishdagi va hozirgi vaqtdagi qilmishlariga bog‘liqligi to`g‘risidagi ta'limotga asoslangan. Buddaviylikning avval davlat, so`ngra esa jahon dinlaridan biriga aylanishiga, bu ta'limotning, asosan, ikkita qoidasi yordam bergan. Birinchidan, ijtimoiy mavqe va boylik «avvalgi hayotlarida» to`plangan fazilatlar ko`pligidan dalolat beradi degan fikr davlatlar hukmdorlariga o`zlarini benuqson odamlar deb e'lon qilish imkoniyatini bergan. Bu ularning hokimiyati cheklanmagan xususiyat kasb etishiga olib borgan. Keyinchalik mazkur g‘oya buddaviylikning bekami-ko`st hukmdor – chakravartina deb ataluvchi – hukmdorning bekamu-ko`stligi xususidagi kontseptsiyada mujassamini topdi va rasmiy tus oldi. Ikkinchidan, qattiq tabaqaviy-kastaviy yakkalanish sharoitida buddaviylik ezilgan ommani ijtimoiy-axloqiy xulq-atvor me'yorlariga og‘ishmay rioya etish yoki diniy jamoaga kirish yo`li bilan kelgusi hayotda ancha yaxshiroq ahvolda tug‘ilishdan umidvor qilgan. Bu buddaviylikning aholi keng qatlamlari orasida ommalashuvi kuchayishiga yordam bergan.
Do'stlaringiz bilan baham: |