3. JAMOAT BIRLASHMALARI FUQAROLIK JAMIYATINING MUHIM SHARTI
Ma’lumki, istiqlol yillarida milliy qadriyatlar, madaniy an’analarni jahonning ilg‘or demokratik tamoyillari bilan boyitgan holda davlat-jamiyat hamkorligiga tatbiq etishning o‘zbek modeli tajribasi yaratildi. Bugun ko‘plab davlatlar davlat va jamiyat munosabatlarini tartibga solishning eng maqbul yo‘li sifatida qarayotgan bu amaliyot davlatimiz asosiy qonunlari shakllanishidayoq e’tiborga olindi. Xususan, bosh Qomusimizning 56 moddasida “O‘zbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro‘xatdan o‘tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi ” deb, uning huquqiy ob’ekti o‘z ifodasini topgan.
SHuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida “Davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi” kabi normalarning mustahkamlanganligi mamlakatimizda jamoat birlashmalarining shakllanishi va rivojlanishi davlat tomonidan to‘laqonli ta’minlanganligi hamda uning organlari bilan teng huquqda hamkorlik qilishini ko‘zda tutadi.
I.Karimov “Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyati rivojlantirish” Konsepsiyasi yuzasidan qilgan ma’ruzasida fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga erishish bir qator qonunlarni qabul qilish bilan bog‘liqligini ta’kidlab o‘tdi. Unda, jumladan, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»qonunda davlat hokimiyati va fuqarolik jamiyati institutlari munosabatlarida bir qator o‘zgarishlar vujudga keladi.
Birinchidan, «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida» Qonun bugun mamlakatda ijro etish bilan bog‘liq, asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari zimmasida bo‘lib kelayotgan bir qator vazifalar va ular bo‘yicha vakolatlarga egalikda davlat - jamiyat sherikchiligini ifodalaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlarini amalga oshirishda ularni loyihalashtirish, tashkillashtirish, tartibga solish, boshqarish, nazorat qilish bo‘yicha vazifalar va vakolatlarning bir qismi fuqarolik jamiyati institutlari zimmasiga o‘tishi bir tomondan davlat va jamiyat boshqaruvini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirsa, ikkinchi tomondan bu fuqarolik jamiyatiga o‘tish talablaridan birining hal etilishini ifodalaydi.
Ikkinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hozirgi vaqtda ijtimoiy-gumanitar muammolarni tahlil etish va ular bo‘yicha belgilangan tadbirlarni amalga oshirishda etakchilik qilib keladi.
Uchinchidan, davlat tuzilmalari ushbu munosabatlarga o‘z vakolatlarida belgilangan me’yorlardan kelib chiqib yondashadi, fuqarolik jamiyati institutlarining esa o‘rtadagi masalani hal etishda ishtirok etish vakolatlari aniq emas. Bu holat esa o‘z- o‘zidan masalaning bir tomonlama hal etilishi yoki sansolorlikning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.
To‘rtinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘z-o‘zini boshqaruv mexanizmlari va huquqiy vakolatlarining o‘zgarishi davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mexanizmi va huquqiy vakolatlarida ham tarkibiy o‘zgarishlarini vujudga keltiradi.
2010 yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining tashabbusi bilan qabul qilingan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” ko‘ptarmoqli NNTlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash yangi bosqichining boshlanish davri bo‘ldi.
Konsepsiyaning qoidalaridan kelib chiqib, bir qator qonun hujjatlari, shu jumladan 2013 yil 28 dekabrda “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, NNTlar ekologik nazoratning asosiy sub’ekti sifatida belgilandi.
2014 yilning 5 mayida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun, shu yilning 25 sentyabrda esa “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |