97-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi (bundan buyon matnda Jamoat ishlari jamg‘armasi deb yuritiladi) yuridik shaxs huquqi asosida tuzilgan.
Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish bo‘yicha xarajatlarni moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Jamoat ishlari jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar;
xalqaro moliya institutlari grantlari, jismoniy va yuridik shaxslarning, xayriya jamg‘armalarining ixtiyoriy xayriyalari, boshqa xorijiy donorlarning mablag‘lari;
asosiy vositalar, mini-uskunalar va ashyo-anjomlar ijarasidan olinadigan daromadlar;
Jamoat ishlari jamg‘armasining vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(97-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan jamoat ishlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan budjet ajratmalarining hajmlari har yili aniqlanadi va “O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlanadi.
Jamoat ishlari jamg‘armasi daromadlari soliq solish obyekti bo‘lmaydi va moliya yili davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas.
Vasiylik kengashi Jamoat ishlari jamg‘armasining yuqori boshqaruv organidir.
Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘larini boshqarish Ijro etuvchi direksiya tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘larining shakllanishi va kelib tushishini prognoz qilish bo‘yicha hisobni yuritish hamda hisobotni tuzish qonunchilikda belgilangan tartibda Ijro etuvchi direksiya tomonidan amalga oshiriladi.
(97-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Vasiylik kengashining tarkibi, shuningdek Ijro etuvchi direksiyaning tuzilmasi va xodimlari soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘laridan foydalanilishi ustidan nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining hamda boshqa vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |