13-bob. Ish qidirayotgan shaxslarni hamda ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
62-modda. Ish qidirayotgan shaxslarni hamda ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish
Ish qidirayotgan shaxslarni hamda ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish quyidagi hollarda mahalliy mehnat organining yo‘llanmasiga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin:
kasbi (mutaxassisligi) mavjud bo‘lmaganda;
mavjud kasbiy ko‘nikmalariga mos maqbul ish yo‘qligi sababli kasbni (mutaxassislikni) o‘zgartirish zarur bo‘lganda;
kasbiy ko‘nikmalari mavjud bo‘lmaganligi yoki yetarli bo‘lmaganligi sababli, kasbiga (mutaxassisligiga) doir talablar o‘zgartirilganligi bois malaka oshirishi zarur bo‘lganda;
avvalgi kasbi (mutaxassisligi) bo‘yicha ish bajarish qobiliyati yo‘qotilganda.
Ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kasbga o‘qitish markazlarida (kasb-hunar ta’limi muassasalarida) amalga oshiriladi.
Ish qidirayotgan shaxslar, ishsiz shaxslar, shuningdek aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga mansub shaxslar ustuvor tartibda kasbga tayyorlashdan, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan o‘tish huquqiga ega.
Kasbga o‘qitish markazlarini saqlash va moddiy-texnik jihatdan rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
63-modda. Kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malaka oshirishga doir davlat buyurtmasi
Ish qidirayotgan shaxslarni va ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga doir davlat buyurtmasi (bundan buyon matnda kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasi deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan shakllantiriladi.
Kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasi quyidagi ma’lumotlardan kelib chiqqan holda kelgusi yil uchun shakllantiriladi:
O‘zbekiston Respublikasining demografik tahlili va demografik rivojlanish prognozlaridan;
ish qidirayotgan shaxslarning va ishsiz shaxslarning prognoz sonidan;
kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malakasini oshirishga ehtiyoji bo‘lgan shaxslarning prognoz sonidan;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kasb-hunar kollejlari, texnikumlar, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari sonining prognozidan;
rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kasbga o‘qitishga nisbatan ehtiyojning asosiy yo‘nalishlari prognozidan.
Do'stlaringiz bilan baham: |