34-modda. Ishga joylashtirishga doir yo‘llanmalar va ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnomalar asosida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish tartibi
Ish qidirayotgan shaxs ishga joylashishga doir yo‘llanmani yoki ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnomani olgan kundan e’tiboran uch kunlik muddatdan kechiktirmay ishga joylashishga doir yo‘llanmada yoki ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnomada ko‘rsatilgan manzilga murojaat etishi shart.
Tashkilot ish qidirayotgan shaxsni ishga joylashtirishga doir yo‘llanma bo‘yicha ishga qabul qilgan va u bilan mehnat shartnomasini tuzgan taqdirda, ishga joylashtirishga doir yo‘llanma taqdim etilgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay yo‘llanma bergan mahalliy mehnat organiga ushbu shaxs ishga joylashtirilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma bilan birga yo‘llanmaning yirtib olinadigan talonini yuborishi shart.
Agar ishga joylashtirishga doir yo‘llanma ish beruvchiga elektron tarzda yuborilgan bo‘lsa, ish beruvchi mahalliy mehnat organiga yirtib olinadigan talon o‘rniga ishga joylashtirilganlik to‘g‘risidagi xabarnomani elektron shaklda yuboradi.
Ishga joylashtirish rad etilgan taqdirda, yirtib olinadigan talonda rad etish sabablarining asosi ko‘rsatiladi va yirtib olinadigan talon ishga joylashtirishga doir yo‘llanmani bergan mahalliy mehnat organiga taqdim etish uchun ish qidirayotgan shaxsga qaytarib beriladi.
Yirtib olinadigan talon ish beruvchi yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan imzolanadi.
Ish beruvchi mahalliy mehnat organi tomonidan berilgan ishga joylashtirishga doir yo‘llanma bo‘yicha ishga joylashtirishni rad etgan taqdirda, ish qidirayotgan shaxs yirtib olinadigan talonni ushbu yo‘llanmani bergan mahalliy mehnat organiga yoki kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga biriktirilgan xodimga uch kunlik muddatda qaytarib berishi shart.
Qaytarib berilgan yirtib olinadigan talon (talonning ko‘chirma nusxasi) to‘g‘risidagi ma’lumotlar va ishga joylashtirishni rad etish sabablari mahalliy mehnat organi xodimi tomonidan “Bandlik xizmati” axborot tizimiga kiritiladi.
Mulkchilikning nodavlat shaklidagi tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari ish qidirayotgan shaxsni ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnoma bo‘yicha ishga qabul qilgan va u bilan mehnat shartnomasini tuzgan taqdirda, mazkur shaxsning ishga joylashishiga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnoma bergan mahalliy mehnat organini xabardor qiladi.
Ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnoma elektron tarzda yuborilgan taqdirda, mulkchilikning nodavlat shakliga ega tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari mahalliy mehnat organiga mazkur shaxs ishga joylashtirilganligi to‘g‘risidagi axborotni elektron shaklda yuboradi.
Mahalliy mehnat organi tomonidan berilgan ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnoma bo‘yicha ishga joylashtirish rad etilgan taqdirda, mulkchilikning nodavlat shakliga ega tashkilotlar, tadbirkorlik subyektlari ishga joylashtirishni rad etish sabablari haqida mahalliy mehnat organini xabardor qiladi.
Maqbul keladigan ishga doir takliflar mavjud bo‘lmagan va ishga joylashtirish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ish qidirayotgan shaxs ishsiz deb e’tirof etiladi hamda unga ishsizlik nafaqasi tayinlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |