69-modda. O‘rta muddatli o‘qitish
O‘rta muddatli o‘qitish tarzidagi kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasi mehnat organlari tomonidan shakllantiriladi hamda kasbga o‘qitish markazlari (kasb-hunar ta’limi muassasalari) tomonidan amalga oshiriladi.
O‘rta muddatli o‘qitish kasbga o‘qitish markazlari (kasb-hunar ta’limi muassasalari) tomonidan mehnat organlari bilan kelishilgan holda ushbu markazlar mustaqil ravishda belgilaydigan davrlarda tashkil etiladi.
Mehnat organlari o‘qitishning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlar shakllanishiga qarab tasdiqlangan kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasining hajmlari doirasida, shuningdek fuqarolar va ish beruvchilarning ehtiyojlarini tahlil qilish, kasbga o‘qitish markazlarining (kasb-hunar ta’limi muassasalarining) takliflari asosida o‘rta muddatli o‘qitishga doir to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzadi.
Mehnat organlari, ishsiz shaxs, kasbga o‘qitish markazi (kasb-hunar ta’limi muassasasi) hamda ishsiz shaxsni ishga joylashtirish (ishga qabul qilish) majburiyatini o‘z zimmasiga olgan ish beruvchi o‘rta muddatli o‘qitish uchun shartnoma taraflari sifatida ish yuritadi, bundan ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ishsiz shaxsni ishga joylashtirish (ishga qabul qilish) majburiyatini olgan va shartnomani imzolagan ish beruvchining zimmasiga mazkur ishsiz shaxsni ishga joylashtirish (ishga qabul qilish) bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiyat yuklatiladi.
Agar ishsiz shaxs o‘qish tugagach jismoniy va yuridik shaxslar uchun ish haqini (mehnat daromadini) olishga qaratilgan xizmatlarni ko‘rsatish, ishlarni bajarish bo‘yicha mehnat faoliyatini mustaqil ravishda amalga oshirish majburiyatini hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishni o‘z zimmasiga oladigan bo‘lsa, o‘rta muddatli o‘qitishga doir shartnoma tuzilayotganda ish beruvchining ishtirok etishi talab qilinmaydi.
70-modda. Qisqa muddatli o‘qitish
Qisqa muddatli o‘qitish tarzidagi kasbga o‘qitishga doir davlat buyurtmasi mehnat organlari tomonidan shakllantiriladi hamda kasbga o‘qitish markazlari (kasb-hunar ta’limi muassasalari) tomonidan amalga oshiriladi.
Mehnat organlari o‘qitishning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlar shakllanishiga qarab qisqa muddatli o‘qitishga doir to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzadi.
Mehnat organi, ish qidirayotgan shaxs yoki ishsiz shaxs hamda kasbga o‘qitish markazi (kasb-hunar ta’limi muassasasi) qisqa muddatli o‘qitishga doir shartnomaning taraflari sifatida ish yuritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |