18-modda. Xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish
Xodimlarining umumiy soni yuz kishidan ortiq bo‘lgan tashkilotlardan ro‘yxatdagi xodimlar o‘rtacha sonining o‘n va undan ortiq foizi ishdan bo‘shatilishi xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish deb hisoblanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarni ommaviy ravishda ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi qarorlarni mahalliy mehnat organlarining taqdimnomalari bo‘yicha yoki mustaqil ravishda olti oygacha muddatga to‘xtatib turishi mumkin, bunda bir vaqtning o‘zida ushbu kechiktirish tufayli ko‘rilgan zarar tashkilotlarga qisman yoki to‘liq kompensatsiya qilinadi.
Mahalliy mehnat organlari ishdan ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilayotgan xodimlarga ishga joylashish va bandlikni ta’minlashda, shu jumladan bepul kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malaka oshirishga yuborish orqali ko‘maklashadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi qarorining 17-bandi.
3-bob. Subsidiyalar, grantlar, kredit liniyalari
19-modda. Subsidiyalar
Subsidiya bandlikni rag‘batlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ko‘rsatiladigan moliyaviy ko‘makdir.
Subsidiyalar:
ish beruvchilarga mahalliy mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki ularning malakasini oshirishga doir xarajatlarning o‘rnini qoplash uchun;
tadbirkorlik faoliyatini boshlashni xohlovchi ish qidirayotgan shaxslarga va ishsiz shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, shu jumladan shtamplar va muhrlar olish, elektron raqamli imzo olish, tadbirkorlikka o‘qish xarajatlarini to‘lash va kreditni olish chog‘ida sug‘urta polisi haqini to‘lash uchun;
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalaridan bo‘lgan shaxslarni ish o‘rinlarining belgilangan eng kam sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga;
jismoniy shaxslarga yengil konstruksiyali issiqxonalar qurish, urug‘liklar, ko‘chatlar, sug‘orish vositalari olish uchun ajratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Subsidiyalarni taqdim etish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(19-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |