[OKOZ:
1.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.04.00.00 Axborotlashtirish. Axborot tizimlari, texnologiyalari va ularni ta’minlash vositalari / 12.04.01.00 Axborotlashtirish;
2.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.11.00 Adabiyot. Kutubxona ishi]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Madaniyat;
2.Iqtisodiyot / Axborot va axborotlashtirish. Elektron tijorat (hujjat aylanishi)]
PDF-faylidagi rasmiy manba
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ELEKTRON KUTUBXONA TO‘G‘RISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMNI HAMDA AXBOROT-KUTUBXONA VA AXBOROT-RESURS MARKAZLARIDA VA KUTUBXONALARDA TO‘LIQ MATNLI ELEKTRON AXBOROT-KUTUBXONA RESURSLARI FONDINI YaRATISh REJA-JADVALINI TASDIQLASh HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2011 — 2015-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari negizida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmatlari ko‘rsatishni sifat jihatidan rivojlantirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2011-yil 23-fevraldagi PQ-1487-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Elektron kutubxona to‘g‘risidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq;
axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida hamda kutubxonalarda to‘liq matnli elektron axborot-kutubxona resurslari fondini yaratish reja-jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi:
bir oy muddatda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Namunaviy nizom asosida idoraviy mansub axborot-kutubxona muassasalarining kutubxona fondlari tarkibi va maqsadidan kelib chiqqan holda ular tarkibida faoliyat ko‘rsatuvchi elektron kutubxona to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarida hamda kutubxonalarda ushbu qaror bilan tasdiqlangan to‘liq matnli elektron axborot-kutubxona resurslari fondini yaratish reja-jadvalining o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘rsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |