Avesto qadriyatlari.
Ilm va ijod «Avesto»2 davridayoq umuminsoniy mazmun kasb etgan, insoniyat tarixida birinchi bo’lib Zardusht insonlarning bugungi dunyodagi hayotiga yarasha narigi dunyodagi taqdiri hal bo’lajagi haqidagi ta’limotni yuzaga keltirdi. Akademik S.F.Oldenburgning fikriga tayanadigan bo’lsak, «Zarostrizm insonning yer yuzidagi hayotini yengillashtirishga, uni baxtiyor qilishga qaratilgan eng oqilona din».3 Unda behuda qon to’kuvchi qurbonliklar, harbiy to’qnashuvlar, bosqinchilik hujumlari qoralanib, odamlar osoyishta hayot kechirishga, mehnatga da’vat qilingan. Umuman moddiy hayotni yaxshilashga urinish yovuzlikka qarshi kurash deb hisoblangan, xayrli ish turli diniy aqidalarga mutlaq amal qilishdan ustun qo’yilgan. Bunyodkor inson ilohiyot rahmatiga uchraydi deyilgan va insonga hayot bergan ona tabiat muqaddaslashtirilgan.
«Avesto»da axloqiy me’yorlar, qadriyatlarni ifodalashda ezgulik va yovuzlik kuchlari o’rtasida doimiy qarama-qarshi kurash mavjudligi ta’kidlanadi. Ezgulik ibtidosi, asoschisi, yaratuvchisi Ahura Mazda, yovuzlik ibtidosi va yaratuvchisi Ahriman o’rtasidagi kurash natijasi insonning ongli ravishda ezgulik tarafida turmog’iga bog’liq. “Ibtidoda bu ikki tug’ishgan – hamzodlar andisha, kalom va amalda biri – ezgulik, biri – yomonlik o’zaro suhbat qurdilar. Bu ikkidan biri, ya’ni ezgulikni undan ogohlar, yomonlikni esa noogohlar tanladilar”.1 “Avesto” mazmunini tashkil etuvchi barcha tashviqot yoki da’vatlar ezgulik yo’lini tanlashga yo’naltirilgan. Insonda ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal mushtarak, chambarchas va yaxlit bo’lmog’i lozim. Shundagina ezgulik yovuzlikdan ustun keladi, degan bunyodkorlikka asoslangan «Avesto» bosh g’oyasi ma’naviyatimizning ilk sarchashmalaridan biridir.
Abu Rayhon Beruniyning «O’tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida bu xaqda shunday deyilgan: «Doro ibn Dopo xazinasida o’n ikki ming qoramol terisiga tillo bilan bitilgan bir nusxasi bor edi, Iskandar otashxonalarni vayron qilib, ularda xizmat etuvchilarni o’ldirgan vaqtda uni kuydirib yubordi. Shuning uchun Abistoning beshdan uchi yuqolib ketdi. Abisto o’ttiz nask (qism) edi. Majusiylar qo’lida un ikki nasq chamasi qoldi.»
O’ziga xos qomusiy bilimlar majmuasi bo’lgan «Avesto» bir qancha kitoblarga bulingan bo’lib, xap qaysi ichki kitob yana bir necha boblarga bulingan. Masalan, uchinchi kitob «Yasna» deb atalgan bo’lib, u 72 bobdan iborat. Buning 28 bobidan 53 bobigacha bo’lgan qismlarida zardushtiylik dini asoschisi Zardushtning o’ziga nisbat berilgan. Uning 17-bobi gotlar gimn (qismi) lar deb atalgan. «Avesto»ning 22 bobdan iborat bo’lgan «Vendidat» degan qismi Axuramazda bilan Zardushtning savol javobi shaklida yozilgan.
«Avesto»da o’tmish ajdodlarimizning diniy tasasvurlari, koinot va sirdagi dunyoning yaratilishi bilan bog’lik afsona va rivoyatlar, O’rta Osiyo, Eron va Ozarboyjonning tarixi, ijtimoiy siyosiy, iqtisodiy hayoti, geografiyasi, tabiati, naboboti, ilm fani o’z aksini topgan. Unda kadimgi Turon o’lkasi va Eronning o’ziga xos iqlimi, suvi, xayvonot dunyosi, yer tuzilishi, saxrolari, tog’lari xakida qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Ajdodlarimiz ishlab chiqarishga o’tish sharoitida, axloqiy-falsafiy tushunchalarida ham muayyan tizim paydo bo’lganligi «Avesto»da yaqqol ko’zga tashlanadi. Yaxshilikning yomonlik ustidan g’alabasi zardushtiylarning asosiy axloqiy mezoniga aylanadi. Bu tushuncha, o’z navbatida, ezgulik va yovuzlik, or-nomus va burch, oilaparvarlik va pokdomonlik, mehnatsevarlik va vatanparvarlik, mardlik va fidoiylik, tinchlik va ozodlik kabi tushunchalar, axloqiy qadriyatning shakllanishiga olib keldi. Totemizm, fetishizm, animizm va sehr-jodular bilan bog’liq mavhum-diniy qadriyatlar o’rniga bevosita inson hayoti va faoliyatiga aloqador bo’lgan yer, suv, havo va olov-tiriklik va ezgulik, hayot va najot timsoli darajasiga ko’tarildi. Bu to’g’risida I.A.Karimov shunday deydi: «Avesto»da borliqning yaxlitligi va bir butunligi, inson hayotining tabiat bilan uyg’unligi masalasi odamning ruhiy olamiga chambarchas bog’liq holda ko’rsatilgani ko’p narsani anglatadi. Bu holat insonning ma’naviy dunyosini shakllantirishda atrof-muhit qadim zamonlardan buyon qanday kuchli ta’sir o’tkazib kelganiga yana bir bor e’tiboringizni jalb qiladi»1.
«Avesto»da axloqiy qadriyat sinkretik tarzda ko’proq umumlashma-mantiqiy ko’rinishda namoyon bo’lgan. Keyinchalik jamiyat sinf, guruh va tabaqalarga ajralishi, mehnat taqsimotining kengayishiga monand ravishda ideallar va ularga bo’lgan munosabat va talablar ham o’zgargan. F.Brentanoning ta’kidlashicha, «har bir jamiyat o’z qahramonlariga ega, ideal inson xilini yetishtiradi; har holda bu ideal namuna axloqiy tarbiyada ma’lum rol o’ynaydi va shuning uchun uning o’zi jamiyatning axloqiy ahvolini aks ettirishga xizmat qilishi mumkin»2.
«Avesto»da zikr etilgan axloqiy qadriyat – bu haqiqatgo’y, oqilona yashagan taqvodor insondir. Bu narsa butun «Avesto» uchun shior bo’lib qolgan «ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amal» iborasida mujassamdir: «Ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amalni olqishlayman. Fikr, so’z va amal olamidan ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amalni tanlayman. Men barcha yomon fikr, yomon so’z va yomon amaldan yuz buraman»2. «Avesto»da bu uchlikning ma’nosi quyidagicha talqin qilinadi:
«- Ezgu fikr nima?
- Dastlabki pok niyat.
- Ezgu so’z nima?
- Muqaddas so’z.
- Ezgu amal nima?
- Alqov qo’shig’i va pok
xilqatni e’zozlamoq»3.
Bu uchlikning birinchi qismi (ezgu fikr) shubhasiz xudoni tanish bilan bog’liq bo’lsa, ikkinchisi (ezgu so’z) odamlar bilan muloqotni nazarda tutsa, uchinchisi (ezgu amal) jamiyat bilan bog’lanish xususiyatini ifoda etadi. Shu tariqa «Avesto»da axloqiy qadriyatni individual va ijtimoiy mohiyati, ya’ni alohidalik, xususiylik va umumiylikdan tashkil topuvchi falsafiy mohiyati ifoda etiladi. Axloqiy qadriyat xudo amriga itoatgo’y, atrofiga yaxshilik urug’ini sochib, undan o’zi va boshqalar bahramand bo’lishini tushunib yetgan ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amallarni bajaruvchi inson tarzida tasavvur qilingan. Xulosa qilib aytganda:
birinchidan, Avestoda qadriyatlarning hayot bilan bog’langan o’ziga xos ijtimoiy-tarixiy va falsafiy tizimi yaratilgan;
ikkinchidan, Avestoda axloqiy qadriyatlar suv, tuproq, olov, va havoni ilohiylashtirgan holda e’zozlash va ezgu fikr, ezgu so’z va ezgu amal birligida ekologik sofligini o’zida ifodalagan;
uchinchidan, «Avestoda «yaxshilik» va «ezgulik» so’zlari bilan ifodalangan qadriyatlarning mohiyati yer yuzini saqlash va e’zozlashga da’vat etilgan poklanish tushunchasi orqali ifodalandi va ushbu poklanish tushinchasi keyingi diniy-ijtimoiy amaliyotlar uchun asos bo’ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |