Determinizm nima Determinizm so'zi sabab va oqibatning o'zaro birligini ifodalaydi. Bu prinsipga ko'ra sababsiz oqibat bo'lmaydi. Determinizm prinsipiga ko'ra psixika taraqqiyoti individning yashash muhiti bilan belgilanadi, ya'ni muhit o'zgarishi bilan psixika ham o'zgaradi. Masalan: qishloqda yaxshi dars o'ta olmaydigan qoloq bir maktabning o'quvchisi bilan shaharda maxsus chuqur ta'lim beriladigan lisey o'quvchisi tafakkuri o'rtasida farq bo'lishi tabiiy. Farqning sababi mavjud. Sababi muhit, shart-sharoitdir.
Agar muhit o'rtasidagi farq qanchalik kam bo'lsa, psixik xususiyatlarning rivojlanishi va shakllanishida ham farq kam bo'ladi. Aksincha esa farq katta bo'ladi.
Determinizm prinsipi nima uchun prinsip sifatida qabul qilinganq Psixologik voqeliklarni tadqiq etishda, ularni baholashda va rivojlantirishda determinizm prinsipiga amal qilinadi.
Ong va faoliyat birligi prinsipi. Bu prinsipga ko'ra ong va faoliyat o'zaro uzviy bog'liq hodisa hisoblanadi. Ya'ni biri ikkinchisini taqozo etadi. Mashhur rus psixologi Sergey Leonidovich Rubenshteyn psixologiyada ong va faoliyat birligi prinsipining asoschisi hisoblanadi. Dastlab bolada ongning shakllanishi uchun tug'ma imokniyatlar mavjud bo'ladi. Ammo uning shakllanishi bevosita faoliyatning shakllanishi bilan tarkib topadi. Ayni vaqtda faoliyat ongning shakllanishi va rivojlanishining negizi, o'z mohiyati manbai bo'lib xizmat qiladi. Ongsiz faoliyat bo'lmaydi, faoliyatsiz ong bo'lmaydi.
Psixikani faoliyatda taraqqiy etish prinsipi. Bu prinsipga ko'ra inson shaxsi va uning psixologik xususiyatlari faoliyatda taraqqiy etadi. Bu prisipning asoschisi psixologiyada faolyait nazariyasining asoschisi hisoblangan A.N.Leontyevdir. Leontyev o'zining «Psixika taraqqiyoti muammolari» nomli asarida quyidagi fikrni keltirgan: «Inson shaxsi va ongi faoliyatda shakllanadi, faoliyatd taraqqiy etadi va aynan shu faoliyatda namoyon bo'ladi».
Shu prinsiplarga asoslanib psixologik qonuniyatlar amalga oshiriladi va tegishli xulosalar chiqariladi.
Tarixiylik prinsipi. Psixologiyada biror voqelikni tadqiq etishni uning ayni paytgacha o'rganilish tarixi, jarayoni, ijobiy va salbiy jihatlari inobatga olinadi hamda tadqiqotchi tomonidan avval o'rganilmagan jihatlari yangilik sifatida kashf etiladi. Bu prinsipga asosan ilmiy tadqiqiy ishlarni amalga oshirishda foydalaniladi.
Nazariya va amaliyot birligi prinsipi. Nazariyada yaratilgan kashfiyotlar, tadqiqotlar amaliyotda joriy etilishi va aksincha amaliyotda tekshirilgan, kuzatilgan hodisalarni nazariy jihatdan asoslashni taqozo etadi.
Monizm prinsipi. Biror bir voqelikni tadqiq etishda alohida shaxsga taalluqli jihatlarni asos qilib olish va shu asosda xulosalar chiqarishni nazarda tutadi.
Monizm so'zi bitta alohida ma'nosini anglatadi.
Psixologiyaning sohalari.Psixologiya fani ijtimoiy hayotning barcha sohalarida amal qiladi. Chunki qayerda inson faoliyat ko'rsatar ekan, o'sha yerda inson ruhiyati bilan bog'liq muammolar yuzaga chiqadi. Hozirgi kunda psixologiyaning 70 dan ziyod sohalari faoliyat ko'rsatmoqda. Masalan: umumiy psixologiya, medisina psixologiyasi, sport, muhandislik, oila, harbiy, yuridik, aviasiya, kosmik, yosh davrlar psixologiyasi, pedagogik, etnopsixologiya, differensial psixologiya va hokazolar.
Umumiy psixologiya-psixik faoliyatning umumiy qonuniyatlari va ularning
o'ziga xos jihatlarini o'rganadigan maxsus soha; pedagogik psixologiya-kishiga ta'lim va tarbiya berishning psixologik qonuniyatlarini o'rganishni o'z predmeti deb biladi; yosh davrlar psixologiyasi-turli yoshdagi odamlarning tug'ilgandan to umrining oxirigacha psixik rivojlanish jarayonini, shaxsning shakllanishi va o'zaro munosbatlari qonuniyatlarini individning yoshiga mos tarzda o'zgarishi tamoyillarini o'rganadi; ijtimoiy psixologiya-odamlarning jamiyatdagi birgalikdagi ish faoliyatlari natijasida ularda hosil bo'ladigan tasavvurlar, fikrlar, e'tiqodlar, hissiy kechinmalar va xulq-atvorlarini o'rganadi; mehnat psixologiyasi-kishi mehnat faoliyatining psixologik xususiyatlarini, mehnatni ilmiy asosda tashkil etishning psixologik jihatlarini, qonuniyatlarini o'rganadi; muhandislik psixologiyasi-avtomatlashtirilgan boshqaruv sistemalari operatorining faoliyatini, odam-texnika o'rtasida funksiyalarni taqsimlash va muvofiqlashtirishning xususiyat-larini o'rganadi; yuridik psixologiya-xuquq sistemasining amal qilishi bilan bog'liq masalalarning psixologik asoslarini o'rganadi; harbiy psixologiya - kishining harbiy harakatlar sharoitida namoyon bo'ladigan xulq-atvorini, zobitlar bilanoddiy askarlar o'rtasidagi munosabatlarning psixologik jihatlarini o'rganadi; savdo psixologiyasi-jamiyatda tijoratning psixologik shart-sharoitlari, extiyojning individual, yoshga, jinsga oid xususiyatlarini, xaridorga xizmat ko'rsatishning psixologik omillarini aniqlaydi. Bu sohadan ajrab chiqqan, modalar psixologiyasi inson didi va uning xulqda aks etishi kabi qator masalalarni o'rganadi; tibbiyot psixologiyasi-shifokor faoliyati psixologiyasini, bemor xulq-atvorining psixologik jihatlarini o'rganadi.
Har bir soha o'zining o'rganish predmetiga, vazifalariga, maqsadiga va metodlariga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |