Mulkni tasarruf etish huquqi – mulkning yuridik taqdirini belgilash, ya'ni mulk yuzasidan boshqa shaxslar bilan bo`ladigan huquqiy munosabatni belgilash, o`zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan huquqdir.
Mulk egasi tasarruf etish huquqiga binoan mulk yuzasidan xilma-xil bitimlar, shartnomalar, chunonchi, ashyoni sotish, hadya qilish, ijaraga qo`yish to`g`risida shartnomalar tuza oladi. Agar ashyo butunlay keraksiz bo`lib qolsa, mulk egasi bunday ashyoni tashlab yuborishi, o`zidan biron-bir usul bilan soqit qilishi mumkin. Bu huquq mulkdorga o`z mol-mulkiga nisbatan qonunga zid bo`lmagan har qanday harakatlarni amalga oshirish, shu jumladan mol-mulkdan garov narsasi sifatida foydalanishi yoki unga boshqacha yo`llar bilan vazifa yuklash, uni begonalashtirish yoki mol-mulkni boshqacha usul bilan tasarruf etishga imkon beradi.
Bu huquqning qo`ldan ketishi bilan mulkka nisbatan bo`lgan egalik huquqi ham qo`ldan ketadi. Masalan, mulkni omonatga qo`yishda ashyoni egallash huquqi, ijaraga berishda ashyoni egallash va undan foydalanish huquqi birovga o`tsa, ashyoning sotilishi yoki hadya qilinishida esa subyektiv mulk huquqining har uch elementi: egallash, foydalanish va tasarruf etish huquqlari ham butunlay boshqa shaxsga (ya'ni mulkdorga) o`tadi.
Ayrim hollarda, chunonchi, mulkni yo`qotish, o`g`irlatish hollarida mulk egasi o`z mulkni egallash, foydalanish va uni tasarruf etish imkoniyatidan mahrum bo`lsa ham, egalik huquqini qonunda belgilangan hollarda va muddatlarda o`zi saqlab turadi. Fuqaroga tegishli mulk o`g`irlatilganida uning kimning qo`lida bo`lishligi aniqlanganidan so`ng qonun bilan belgilangan uch yillik da'vo muddati davomida talab qilib olinishi mumkin. Aks holda mulkka nisbatan bo`lgan egalik huquqi yo`qoladi. Umuman olganda mulkni tasarruf etish elementi kimda bo`lsa, shu shaxs (garchi mulkning qo`lida, ya'ni egaligida yoki foydalanishida bo`lmasa ham) mulkdor hisoblanadi. Zero, tasarruf etish elementi mulkning shakli va huquqiy maqomiga qarab muayyan hujjatlar (order, tilxat va h.k.) bilan tasdiqlanadi.
Mulk egalari o`zlariga tegishli mulk huquqidan g`ayriqonuniy maqsadlarda, birovning zarariga foydalanishga yo`l qo`yilmaydi.
Mulkdor huquqlari va vakolatlarining chegarasi O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 54-moddasida bayon qilingan bo`lib, unga asosan mulkdor o`z huquqlarini amalga oshirishda ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.
Bu konstitutsiyaviy norma FKning 172-moddasida batafsil talqin qilingan. Ushbu moddaga asosan mulkdor o`z mulkiy huquqlarini amalga oshirishdan quyidagi shartlariga amal qilishi lozim:
1. Mulkdorning o`z huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart;
2. Qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, shartlarda va doirada mulkdor boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yo`l qo`yishga majbur (masalan, ko`chmas mulk – yer uchastkasi egasi qo`shni yer uchastkasi egasi qo`shni yer uchastkasining egasidan zarur hollarda, boshqa yer uchastkalarining egalaridan ham o`zganing yer uchastkasidan cheklangan holda foydalanish (servitut) huquqini berishni talab qilishga haqli. Odatda, servitut piyodalar va transport yo`li, elektr, aloqa, gaz yoki suv quvurlari o`tkazish uchun zarur bo`lishi mumkin. Yer uchastkasida servitut belgilanishi yer egasini mulk huquqidan aslo mahrum qilmaydi. Servitutdan foydalanuvchi bilan yer uchastkasi egasi o`rtasida servitut haqida bitim tuzilib, u ko`chmas mulkka oid bitimlar kabi ro`yxatdan o`tkaziladi. Servitut belgilangan uchastkaning egasi agar qonunda boshqa tartib nazarda tutilmagan bo`lsa, servitut kimning foydasini ko`zlab belgilangan bo`lsa, o`sha shaxsdan uchastkadan foydalanganlik uchun mutanosib haq talab qilishga haqlidir (FKning 173-moddasi);
3. Mulkdor o`zining ustunlik mavqeini suiiste'mol qilishga, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini kamsitadigan o`zga harakatlarni qilishga haqli emas;
4. Mulkdor o`z huquqini amalga oshirganda fuqarolarning sog`lig`iga va atrofmuhitga zarar yetkazishning oldini olish choralarini ko`rishga majbur.
Mulk huquqining mazmunida nafaqat mulkdorning huquqlari, balki mol-mulkni saqlab turish burchi ham yotadi. FKning 174-moddasiga asosan, o`ziga qarashli mol-mulkni saqlash, agar qonun hujjatlarida yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo`lmasa, mulk egasining zimmasida bo`ladi. Agar mulkdor bu majburiyatni bajarmasa, ba'zi hollarda uning mulkiy huquqlari chegaralab qo`yilishi yoki mol-mulk undan olib qo`yilishi haqida da'vo oldindan ogohlantirmasdan ham qo`zg`atilishi mumkin (Masalan, FKning 190-moddasida ko`zda tutilgan asoslar bo`yicha).
Do'stlaringiz bilan baham: |