Eksperimentni o’tkazish - bu jiddiy javobgarlikni talab etadi. Kuzatuvchi ko’nikma va malakalarga ega bo’lishi zarur. Eng zo’r g’oyani ham kuzatuvchi malakasizligi tufayli buzib yuborishi mumkin. Eksperiment jarayonida kuzatuvchi sinaluvchiga ta’sir jarayonini tashkillashtiradi. Qonun-qoidalar bilan tanishtiradi, kerak bo’lsa o’rgatish, tayyorlash ishlarini olib boradi va nihoyat kuzatuvchi eksperimentdan so’ng sinaluvchi bilan so’rovnoma o’tkazadi (posteksperimental intervyu):
17-rasm
Statistik metodlarni qayta ishlash, ular bilan ishlash va natijalarning tahlili – keyingi bosqichdir. Odatda metodlarni qayta ishlash eksperimentni rejalashtirish bosqichida yoki undan oldin bo’lib o’tadi.
Mulohaza va natijalar interpretatsiyasi kuzatuv tsiklini yakunlaydi. Eksperimental kuzatuvlarda faraz tasdiqlanadi yoki rad etiladi. Kuzatuvchi o’z mulohazalarini bildiradi va nihoyat u o’z xulosasini tahlil qiladi.
Bu kuzatuvning oxirgi bosqichi hisoblanadi; qo’lyozma, risola, monografiya, ilmiy jurnal redaktsiyasiga xat tayyorlanadi. Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, eksperimental kuzatuv aniq sxema orqali o’tkaziladi. Uni o’tkazishning asosiy bosqichi; muammoning tuzilishi va farazni ko’tarib chiqarish, metodikaning tuzilishi, apparatura tanlash, sinaluvchilarni tanlash, o’zgarishlarni nazorat qilish rejasi, eksperiment o’tkazish, natijalarni qayta ishlash va tahlil qilish, ilmiy hisobotga tayyorgarlik. Shundan so’ng kuzatuv yakun topgan hisoblanadi. Ilmiy faraz tasdiqlandimi yoki rad etildimi, natija jamoa fikriga tashlanadi. Kuzatish metodining asosiy afzalligi shundan iboratki, kuzatish tabiiy sharoitda o’tkaziladi, kuzatish kuzatilayotgan shaxslarning odatdagi xulq-atvorlarini o’zgartirmaydi.
Kuzatishni bitta odam ustida ham va bir guruh shaxslar ustida ham olib borish mumkin. Bu metod bolalar bog’chasi guruhlaridagi yoki maktab sinfidagi bolalarni o’rganish uchun qulaydir. Kuzatish metodining kamchiligi uning anchagina mehnat talab qilishidir. Tadqiqotchi psixologni xulq-atvorning istalgan qiyofada emas, balki konkret tadqiqot vazifalari bilan bog’liq holda namoyon bo’lishigina qiziqtiradi. Shuning uchun kuzatiluvchi shaxs xususiyatlari va psixik holatlarining o’ziga kerakli tarzda namoyon bo’lishini kutib turishi kerak. Bundan tashqari, psixik xususiyatlarning yakka holda namoyon bo’lishini kuzatish va qayd qilish etarli emas. Tadqikotchi u yoki bu xususiyatlarning xarakterligiga, tipikligiga ishonch hosil qilishi kerak. Bundan tashqari eksperimental psixologiyada quyidagi metodlardan foydalanish mumkin.
Eksperiment metodining asosiy farqi va afzalligi shundan iboratki, bunda tadqiqotchi o’z hoxishi bilan qandaydir psixik jarayon yoki xususiyatni yuzaga keltirib psixik hodisaning tashqi sharoitga bog’liqligini tekshirib ko’rishi mumkin. Eksperiment metodining ana shu afzalligi uning psixologiyada keng qo’llanilishi bilan tushuntiriladi. Empirik, ya’ni tajriba yo’li bilan qo’lga kiritilgan faktlarning asosiy ko’pchiligi psixologiyada eksperimental yo’l bilan olingandir. Biroq har qanday tadqiqot qilinadigan vazifalarga eksperimentni qo’llab bo’lmaydi. Masalan, agarda psixik jarayonlar va funksiyalar ko’proq eksperiment yo’li bilan o’rganilsa, shaxsning birmuncha sodda xususiyatlari (temperament, qobiliyatlar) ham shu metodda o’rganiladi. Lekin xarakterning va qobiliyatlarning murakkab turlarini hali eksperiment metodi bilan o’rganib bo’lmaydi.
Suhbat metodi. Bu metod tadqiqotning turli bosqichlarida qo’llaniladi: masalan, dastlabki tanishish bosqichida ham boshqa metodlar, ayniqsa, kuzatish metodi orqali qo’lga kiritilgan xulosalarni aniqlashda qo’llaniladi. Suhbat metodidan mohirlik bilan foydalanish juda qimmatli natijalarga erishishga yordam berishi mumkin.
Sukut saqlab butun e’tibor bilan tinglash ogohlik hamda ziyraklikni oshiruvchi va jalb qiluvchi faol bir jarayondir. Ijobiy tinglashning boshqa bir tomoni albatta shuki, turli maqsadlar yo‘lida turli usullarni qo‘llashdir. Bizning tinglashimiz qanchalik jadal bo‘lsa, qanday,qachon va qay tarzda javob berishni shunchalik yaxshi bilamiz.
Aniq biror usulda javob berishning turli yo‘llari va sabablari mavjud. Odatda o‘qituvchi nafaqat ilmiy maqsadlarni balki guruhning boshqa muhtojliklari jumladan har bir o‘rganuvchining o‘z-o‘ziga ishonch va bilim darajasini ham hisobga olsa kerakli javob yuzaga keladi. Turli javoblar yakka talaba va guruhning umumiy kayfiyati uchun turli oqibatlarga olib keladi. Shuning uchun ham, tegishli kontekstli kichik guruh darslaridagina tegishli javob to‘g‘ri sanaladi.5
Intervyu metodi. Psixologiya fanidagi bu metod sotsiologiyada keng qo’llaniladigan anketa metodidan farq qiladi. Xuddi suhbat metodi kabi intervyu metodi ham so’roq-javob metodiga tegishlidir. Ko’pincha intervyu uchun savollarni sotsiologik anketalar tipiga o’xshatib, ya’ni ko’p masalalar yuzasidan ko’plab javoblar olishni ko’zlab tuziladi. Intervyu metodiga bunday tarzda yondashish tadqiqotning faqat birinchi bosqichiga, muammo bilan dastlabki tanishish bosqichiga to’g’ri keladi. Biroq bilimlarni va o’rganilayotgan psixik xususiyatlarni strukturasini hisobga olib tuzilgan savollar o’rganilayotgan xususiyatlar strukturalari hamda darajalarini bundan keyin aniqlash uchun juda qimmatli natijalar berishi mumkin.
Ekspert baholash metodi. Bu metod shaxs psixologiyasida keng qo’llaniladi. Ekspertlar sifatida tekshirilayotgan kishilarni yaxshi biladigan shaxslar – bolalar bog’chasi va maktab-internatlarning tarbiyachilarini, sinf rahbarlari, ishlab chiqarish-texnika bilim yurtlarining masterlari, ishlab chiqarishdagi masterlar, ilmiy jamoa rahbarlari, harbiy komandirlar, administratorlar, sport trenerlari qatnashishlari mumkin. Ekspert baholarni ko’proq xususiyatlarning sifat jihatidan namoyon bo’lishlarini tasvirlash emas (buni ekspertlar bilan qilinadigan keyingi suhbatlarda o’tkazilsa ancha foydaliroq bo’ladi), balki o’rganilayotgan xususiyatlarning ifodalanishini miqdoriy baholash tarzida, ya’ni u yoki bu xususiyat yoki xulq-atvor elementlari darajalarini baholash tarzida o’tkazilsa maqsadga muvofiq bo’ladi. Ekspertlar umumlashtirish bilan bog’liq bo’lmagan xulq-atvor elementlarining ancha-muncha mayda qismlari ifodalanganligini qayd qilishi lozim. Umumlashtirish – ekspertning emas, balki tadqiqotchining ishidir.
O’z-o’zini kuzatish metodi. XVIII-XIX asrlar empirik psixologiyasi tomonidan kamsitilgan bu metod so’nggi yillarda yana ma’lum ahamiyatga ega bo’lib bormoqda.
Chunonchi, suhbat va so’roq-javob metodlarini o’z-o’zini kuzatish metodi orqali olingan ma’lumotlarsiz qo’llab bo’lmaydi. Buni suhbat va shaxsiy savol-javob o’tkazish uchun savollar tuzishda hisobga olish zarur. Lekin o’z-o’zini kuzatish, garchi psixologik tadqiqotlarning asosiy metodi bo’lmasa-da, mustaqil ahamiyatga ega bo’lishi mumkin. O’z-o’zini kuzatish metodi psixik holatlarni, ya’ni tetik kayfiyatni, achchiqlanishni, ishchanlikni, kasb bilan bog’liq bo’lgan sermahsul ishlarni o’rganishda ayniqsa foydali bo’lishi mumkin.
Testlar metodi. Testlar, ya’ni ozmi yoki ko’pmi standartlashtirilgan (bir xillashtirilgan) shaxs xususiyatlarini qisqa muddatli sinash metodlari yaxshi yoki yomon asoslangan bo’lishi mumkin. Yaxshi asoslangan test – bu oldindan o’tkazilgan katta eksperimentlar natijasidir. Nazariy jihatdan asoslangan va eksperimental jihatdan muhokama qilingan testlar tadqiqotchi uchun ilmiy va amaliy ahamiyat kasb etishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |