II BOB. Maktabgacha TA’LIMI TIZIMIDA bolaLARNI Ma’naviy-axloqiy RUHDA TARBIYaLAShNING UMUMDIDAKTIK TAMOYILLARI
2.1. Badiiy adabiyot mashg’ulotlarida bolalarni ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalashning didaktik tamoyillari
Maktabgacha ta’lim tizimida bolalarni ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalashning umumdidaktik tamoyillari ta’lim sohasidagi davlat siyosatining printsiplariga mos keladi va shular asosida belgilangan. Mamlakatimizda tug’ilgan bolalarning millati, madaniyati, tili, ijtimoiy-iqtisodiy holati va qobiliyatidan qat’i nazar o’quv jarayonida faol ishtirok etish imkoniga egaligi Qonunlarda ta’kidlangan. Ta’lim jarayonidagi ishtiroki mobaynida shaxsining rivojlanishiga qulay ijtimoiy-psixologik sharoit yaratish, tengdoshlari va pedagoglar bilan o’zaro do’stona munosabatni yo’lga qo’yish belgilangan pedagogik tamoyillar orqali amalga oshirilishi kerak. Shuningdek, tarbiyalanuvchi va tarbiyachining pedagogik jarayondagi do’stona munosabati; pedagogik munosabatlar insoniylik va demokratiyaga asoslanishi; tarbiyalanuvchi shaxsi intensiv rivojlanishini ta’minlovchi shart-sharoit yaratilgani; har bir tarbiyalanuvchiga individual yondashilgani; o’zlashtirilayotgan bilimlarning shaxs ehtiyoji va qiziqishlariga mosligi; ta’limiy vaziyatlar tarbiyalanuvchi shaxsining hayotiy tajribalariga muvofiqligi; o’quv axborotlari hayotiy ko’nikma sifatida shaxs taraqqiyotiga xizmat qilishi; tarbiyalanuvchilarni mustaqil fikrlash, o’z nuqtai nazarini asoslash va dalillashga undash kabi holatlar ham e’tiborda tutilishi kerak.
Bunday pedagogik tamoyillar asosida shakllantirilgan bilim, ko’nikma va malakalar shaxsni umumiy, MTTlarida ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalashning umumdidaktik printsiplarini tatbiq qilish imkonini beradi.
Bolalar badiiy adabiyoti keng tarbiyaviy vazifalarni amalga oshirishga va bola shaxsini har jihatdan kamol toptirishga yordam beradi. U bolaning kishilar hayoti haqidagi bilimlarini kengaytiradi, emotsional taassurotlarini boyitadi.
Kichik hajmdagi she’rlarni intonatsiyalarga rioya qilib yodlab olish va ta’sirchan qilib aytib berish va h.k. Bola hikoya, she’r, ertak tinglayotganida quvonadi, huzurlanadi. Bu emotsional ta’sirlanish bolada badiiy adabiyotni estetik idrok etish, ya’ni uni san’at asari sifatida his etish qobiliyatining paydo bo’lishiga, unda axloqiy sifatlarning shakllanishiga yordam beradi. Tarbiyachi bolalarni badiiy asar bilan tanishtirar ekan, har bir bolada kitobga nisbatan qiziqish va muhabbatni tarbiyalashi kerak.
Tarbiyachi bolalarni badiiy asarlar bilan tanishtirar ekan, u bolalarda quyidagi malakalarni shakllantiradi:
Tarbiyalanuvchilar adabiy ta’lim orqali o’z bilimlarini hayot bilan bog’lash, uning tarbiyaviy ta’siri orqali atrof-muhitda sodir bo’layotgan voqea-hodisalar mohiyatini anglash, badiiy didi, mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyati, kitobxonlik madaniyati, Vatan taqdiri uchun javobgarlik mas’uliyati, ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalash orqali ma’naviy kamolotga erishadilar. Ayniqsa, shaxsning aqliy, emotsional va ijodiy faollik tuyg’usini qo’zg’atish badiiy adabiyot darsi va shu dars sabog’ini beruvchi pedagogning didaktik qobiliyatiga bog’liq.
Didaktika – ta’lim nazariyasi tushunchasini anglatib, o’qitish jarayonida amal qilinishi lozim bo’lgan tamoyillarni, ta’lim usullari, shakllarini va pedagogika faniga taalluqli asosiy tushunchalarni o’z ichiga qamrab oladi. U yosh avlodni «nimaga o’qitish?», «nimani o’qitish?» va «qanday o’qitish?» kabi savollarga javob beradi, har bir o’quv fanining o’qitish usullari uchun asos bo’lib xizmat qiladi.
Didaktikaning asosiy vazifasi ta’lim-tarbiya jarayonida ushbu xususiyatni amalga oshirish qonun-qoidalari va tamoyillar bilan ta’minlashdir. Didaktik tamoyillarga bo’ysunish, amal qilish ta’lim-tarbiya qonuniyatlariga rioya qilish demakdir. Bu borada «Ta’lim to’g’risida»gi Qonunda quyidagilar belgilab qo’yilgan:
- davlat siyosatining asosiy tamoyillaridan biri Davlat ta’lim standarti doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;
- tarbiyalanuvchilarning hissiy, psixologik va jismoniy rivojlanishi uchun xavfsiz, himoyalangan muhitni yaratish orqali maktabgacha ta’lim tizimining barqarorligi;
- ta’lim va tarbiyaning insonparvarligi;
- demokratik xaraktyerdaligi;
- ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvining uyg’unligi.
O’zbekiston ta’lim tizimini belgilovchi mazkur tamoyillar amaliyotga tatbiq etish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Ular asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlari davlat tashkiloti sifatida ish yuritadi, o’quv jarayonini tashkillashtiradi, boshqarish printsiplari, yo’llari, usullarini belgilaydi, hamkorlik va do’stona munosabatdagi o’quv muhitini tashkil qilishadi, faoliyatlarini nazorat qilish, tahlillash va baholash imkoniga ega bo’ladi, ta’lim tizimiga mo’ljallangan ish yuritish va ta’limni tashkil etishning o’zlariga munosib tamoyillarini tanlaydi. Ta’limning barcha bosqich va muassasalariga mos keluvchi mazkur didaktik tamoyillar quyidagilardan iboratdir:
- bir butunlik, yaxlitlik tamoyili.
- asoslilik (fundamentallik) tamoyili.
- madaniyatni anglash (madaniy hayotning rivojlanishiga muvofiqlik) tamoyili.
- ta’lim mazmunini insonparvarlashtirish va insoniylashtirish tamoyili.
- o’qitib tadqiq etish, tadqiq etib o’qitish tamoyili.
- ta’limning uzluksizligi tamoyili.
- faoliyatli yondashuv tamoyili [276, 43-49].
Ushbu tamoyillar xususiy fanlarni o’qitish jarayonida ham mazkur fanlarning maqsad va vazifalariga monand tushaveradi. Masalan, badiiy adabiyot darslarida bolalarning ma’naviy-axloqiy ruhda shakllantirish va rivojlantirishda bir butunlik, yaxlitlik tamoyili tarbiyalanuvchilarni shaxs kamolotini ta’minlash sohasida olib borilayotgan sa’y-harakatlarga, madaniyatni anglash tamoyili madaniy hayotdagi o’zgarishlar, erishilgan muvaffaqiyatlar, zamonaviy fan-texnika imkoniyatlari bilan tarbiyalanuvchini oshno qilishga mos keladi. Ta’lim mazmunini insonparvarlashtirish va insoniylashtirish tamoyili esa badiiy adabiyot darslarida shaxs va uning faoliyatiga ijobiy ta’sir qiluvchi omil sifatida baholanadi. Adabiy ta’limdagi faoliyatli yondashuv tamoyili tarbiyalanuvchilar o’zlashtirishi lozim bo’lgan bilimlar va amalda qo’llash sohasiga ko’ra, shaxsiy tajribaga aylantirish, shaxs iqtidorini tarbiyalash barobarida amalda sinalmagan bilim juda tez unutilishini tasdiqlaydi. Aslini olganda, sanab o’tilgan tamoyillar barcha fanlar tarkibiga bemalol singishi mumkin. Ayniqsa, badiiy adabiyot fanlarini o’qitishda yuqorida nomlari zikr qilingan tamoyillarning yetakchiigi yaqqol ko’zga tashlanadi.
Tadqiqot davomida o’rganilgan manbalar va ta’lim muassasalari holati tahlili milliy ta’lim tizimida yangicha yo’nalish shakllanib kelayotganligini ko’rsatmoqda. Bu ta’lim yoki turli xil fanlar o’z strategiyasini insoniy ehtiyojlar, his-tuyg’ular, hayotiy munosabatlari, takomillashayotgan madaniyati, bunyodkor g’oyalari, axloqiy qarashlari, keng ko’lamli ijodkorligi bilan uzviy muvofiqlashtirayotganlarida namoyon bo’lmoqda. Chunonchi, yuqorida zikr etilgan insoniy fazilatlar yuksak darajada shakllanmas ekan, jamiyatdagi, ijtimoiy hayotdagi to’siqlar, ziddiyatlar, ichki ruhiy ziddiyatlar uni halokatga olib borishi muqarrar. Mana shunday jismoniy bo’lmagan tahdidlardan qutulish aynan to’g’ri tashkil etilgan adabiy ta’lim yordamida jamiyatning har bir a’zosi uchun imkonli holatga aylanadi. Bunday badiiy adabiyot darslarini qanday isloh qilish yoki amalga oshirish mumkin? Pedagogika tarixidan dars maqsadiga to’la erishishning turli yo’llarini ta’lim jarayoni boshlanmasdan ishlab chiqish an’anasi mavjudligi ma’lum.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachilari tarbiyalanuvchilarni ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalash, ta’limiy maqsadiga etish uchun ko’p yillar mobaynida ishlab chiqilgan dars mashg’uloti o’tishning quyidagi umumiy tamoyillariga murojaat qilish mumkin: onglilik va faollik (o’zlashtiruvchilarning bilimni faol ishtirok etib, ongli ravishda egallashi); ko’rgazmalilik («yuz bor eshitgandan bir ko’rgan yaxshi» tamoyiliga binoan o’qitishda ko’rgazmali qurollardan foydalanish); tizimlilik va muntazamlilik (bilimni muayyan tizimda uzluksiz ravishda berib borish); mustahkamlilik (qayta takrorlash bilan bilimni mustahkamlash); tushunarlilik (tushunarli, so’zlashuv uslubiga yaqin tilda, ommabop yo’sinda bilim berish); ilmiylik (bolalarda mavjud bilimlarga asoslangan, ulardan kelib chiqqan holda bilim berish); nazariya va amaliyot birligi (egallanayotgan bilimning amaliyot bilan bog’liqligini ko’rsatib berish) [130, 91-100].
Bu tamoyillarni pedagoglar umumiy mezon sifatida qabul qilishgan bo’lib, ularni amalga oshirish, har bir mashg’ulot mazmun-mohiyatiga to’liq singdirish o’qitish metodikasi oldidagi dolzarb masalalardan bo’lib qolmoqda. Buning boisini aniqlash maqsadida milliy tarbiya metodlari xususida so’z yuritamiz.
Ko’rgazmalilik tamoyili. Zamonaviy o’qitish usullari tarbiyachining tarbiyalanuvchilar bilan hamkorlikda, bevosita mashg’ulot jarayonida, ehtiyoj tug’ilgan vaziyatda turli xil ko’rgazmalar tayyorlashini ham taqozo etadi. Shunga ko’ra, tarbiyachi mashg’ulotga tayyorgarlik jarayonida o’ziniki bilan birga tarbiyalanuvchilar imkoniyatlarini ham chamalashi maqsadga muvofiqdir. Buning uchun:
1-qadam. Tarbiyachi ishtirokchilarga o’zi tayyorlab kelgan A-4 qog’ozi va rangli markerlar tarqatadi. O’tilgan matn asosida o’z xayolot dunyosida kashf etgan g’oyalarni tasvirlash topshirig’i beriladi.
2-qadam. Ajratilgan vaqt tugagach, barcha tarbiyalanuvchilar chizgan rasmlarini yonidagi do’stlariga ko’rsatadilar va o’xshash g’oyalar tasvirlangan surat egalari alohida guruhda jamlanadilar.
3-qadam. G’oyaviy aloqaga ega tasvirlar egalari suratlaridagi bog’liqlikni umumiy bayon etish uchun ketma-ket bir-birini mantiqan davom ettirgan qisqa hikoyalar tayyorlashadi. Hozirlikka 3 daqiqa, taqdimotga 2 daqiqa berilishi mumkin.
4-qadam. Butunlay boshqacha, hech kimnikiga o’xshamagan g’oyalar tasvirlangan surat egalaridan alohida turishlari so’raladi. Kichik guruhlar taqdimotidan so’ng ana shu tarbiyalanuvchilarning fikrlarini eshitish maqsadga muvofiq bo’ladi. Agarda tasvirlagan rasmlari o’rtasidagi bog’liqlikni boshqa tarbiyalanuvchilar topa olsalar, ularning fikrlari tinglanadi.
5-qadam. Shu o’rinda mazkur rasmlar qanday yangi axborot berganligini aniqlash, tasavvur qilish va idrok etish orqali faollikni oshirish, turli vaziyatlarga tushib qolish va bu vaziyatlardan chiqib ketish yo’llarini topish.
6-qadam. Ushbu mavzuni o’zlashtirishda tarbiyalanuvchilarni turli ko’rgazmali qurollar yordamida ma’naviy-axloqiy ruhda tarbiyalash tizimiga alohida e’tibor berish.
7-qadam. 3-5-daqiqa ichida ikkita mantiqiy tugal birlikni juftlab, umumlashtirish, so’ng 3 ta umumlashtirilgan mantiqiy birliklarni ketma-ketlik asosida kichik matnga aylantirish topshirig’i beriladi.
8-qadam. Tuzilgan matn taqdimot etiladi, o’zi yoki boshqa guruh tomonidan to’ldiriladi, savol-javob yordamida mustahkamlanadi.
Tarbiyachi shu faoliyatni amalga oshirish jarayonida tarbiyalanuvchi egallagan bilim, ko’nikma va malakalarni tahlil qilib, rag’batlantirish imkoniga ega bo’ladi. Ta’limiy maqsadga erishish uchun o’tilgan badiiy asar o’qildi, tahlil etildi, matndan kelib chiqib, tuzilgan savollar yordamida uning g’oyasi, badiiy tasvir vositalari, tashigan badiiy yuki ochildi. Endi navbat, mantiqan, mustahkamlash tamoyiliga yetib keldi.
Bu tamoyilda eslab qolishdan ko’ra fikr yuritish ustunlik qiladi. Zotan, egallangan yangi ma’lumot yoki bilim har tomonlama chuqur tahlil qilinib, yaxshi tushunib yetilgandan va to’g’riligiga qat’iy amin bo’lingandan so’nggina xotirada saqlanishi lozim. Chunonchi:
- tarbiyalanuvchi yangi bilimni xotirada saqlab qolishning eng qulay, qisqa, oson yo’llari yordamida egallashi kerak.
- o’tilgan asarning bosh g’oyasini assotsiatsiyalash (biror narsaga o’xshatish) orqali yodda saqlash ko’nikmasini shakllantirish.
-tarbiyalanuvchini tayyorlamay, qiziqish va ijobiy munosabatini shakllantirmay turib, yangi mavzuni boshlamaslik.
- o’tilgan yangi mavzuni mustahkamlash maqsadida «Rebus», «O’yla, izla, top!» kabi mustaqil ishlardan foydalanish.
- amalga oshirilgan individual ishlarni mustahkamlash mashg’ulotida taqdimot qilish.
- tarbiyalanuvchilar bajargan ishlarni ularning o’zi va tarbiyachi rag’batlashi.
Tushunarlilik tamoyili. Ushbu tamoyil zaminida tezaurus qonuni yotadi [116, 98]. Tavsiya qilinayotgan bilimlar ilm oluvchining tezaurusiga mos tushsagina, egallanadi.
«Tezaurus» – lotincha so’z bo’lib «xazina» degan ma’noni bildiradi. Inson to’plagan bilim, ko’nikma va fikrlash uslubi uning tezaurusini tashkil qiladi. Tushunarlilik tamoyiliga ko’ra ta’lim oluvchi o’z bilim, ko’nikma va malakalari asosida tavsiya qilinayotgan bilimlarni tushunishi lozim. Tarbiyachi dars jarayonida tushuntirishni oddiydan murakkabga, ma’lum narsalar orqali noma’lum narsalarga qarab rivojlantirib boradi.
1-qadam. Tarbiyalanuvchilarga matndagi izohtalab so’zlarni ajratish vazifasi beriladi.
2-qadam. Yangi so’z va atamalar ustida ishlash.
3-qadam. Tarbiyalanuvchilarning individual qobiliyatidan kelib chiqib, bilim sur’atini belgilash.
4-qadam. Bilimni tushuntirish jarayonida tarbiyalanuvchi o’zlashtirishiga yordam bergan omillarni va bu jarayonga to’siq bo’lgan jihatlarni tahlil qilish.
5-qadam. Tarbiyachi sodda, ravon tilda tushuntirishi, bilim egallash yo’llarini ko’rsatishi lozim.
6-qadam. Tarbiyachi tarbiyalanuvchiga bor axborotni berib qo’ymay, uni ma’lumotni topishga yo’naltirishi lozim. Bu yerda «Hamma bir-biriga o’rgatadi» usuli qo’llanilib, tarbiyalanuvchilar yangi mavzuni bir-birlariga tushuntirishsa, maqsadga muvofiq bo’ladi. «Ochga baliq bermay, baliq tutishni o’rgatsang, bir umr to’q yashaydi» degan xitoy xalq maqolidagi kabi adabiy ta’lim jarayonida ham tarbiyalanuvchiga tayyor bilimni emas, uni egallash yo’llarini o’rgatish kerak.
Ilmiylik tamoyili. Bu tamoyil asosida tarbiyalanuvchi ixtiro qilish, mushohada yuritish, qonuniyatlar asosida o’z fikrini asoslashga o’rgatiladi.
1-qadam. Tarbiyachi tarbiyalanuvchilarga «Axloq» mavzusiga ta’rif topish topshirig’ini beradi.
2-qadam. Yaratilgan ta’rif manbalardagisi bilan solishtirilishi mumkinligi aytiladi.
3-qadam. Juftlik yoki kichik guruhda yaratilgan ta’rifning ilmiy asoslarini tahlil qilish. Shu jarayonda tanqid yordamida sharhlash ko’nikmalari shakllantiriladi.
4-qadam. Tarbiyalanuvchilarda yaratuvchanlik faoliyatini rag’batlantirish va baholash.
Shu o’rinda tarbiyachining vazifalarini amaliy faoliyat orqali to’liq ko’rsatish maqsadida ma’naviy-axloqiy tarbiya tizimini dars jarayoniga tatbiq qilish metodikasini havola etamiz.
“Dehqon bilan jin” ertagi mashg’ulot ishlanmasi
Do'stlaringiz bilan baham: |