Ba’zan bunday hollarda mazkur gaplardan keyin masalan, misol, dalil, chunonchikabi so‘zlar qo‘llanishi mumkin, bunda ikki nuqta ayni so‘zlardan keyin qo‘yiladi: U (gap) ega va kesimdan yoki ega-kesim va ikkinchi darajali bo‘laklardan iborat bo‘ladi. Masalan: Saida kuldi. Qalandarovning ko‘zlari olayib ketdi.(A.Q.) Tong.Havo salqin. Yumshoq shamol mayingina esib turibdi. (A.G„ulomov).
2.Tasniflash qoliplari aks etgan gaplarda tasnif asosini ifodalovchi gapdan keyin tasniflangan birliklarni ta’kidlash uchun ikki nuqta qo‘yiladi: So‘zlar tuzilishi jihatidan quyidagi turlarga bo‘linadi: 1) sodda so‘zlar; 2) qo‘shma so‘zlar; 3) juft so‘zlar; 4) takroriy so‘zlar; 5) qisqartma so‘zlar.(Q.Sapayev)
3.Uyushiq bo‘lakli gaplarda umumlashtiruvchi so‘z bu bo‘laklardan oldin
kelsa, umumlashtiruvchi so‘zdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi: Bu sirni faqat uch kishi: Abdulla, o‘zi va Samad bilardi.(O‘.Umarbekov) Ichkaridagilar:
chaqaloqning ota-onasi, opa-akalari, Shavkatning ikkita sherigi ham qulab tushgan tom tagida qolib ketdi...(Sh.Boshbekov) Qish bo‘yi allaqaysi go‘r ostlarida junjib chiqg‘an qush zotlari: chumchuqlar, chittaklar, to‘rg‘aylar, sa’valar va boshqa allaqancha qush turkumlari o‘z toplari bilan vijir-vijir, chugur-chugur sayrab kuladirlar.(A.Qodiriy).
3.Ba’zan uyushiq bo‘laklarni alohida ta’kidlash maqsadi bilan ular gapdan tashqariga chiqariladi, bunday hollarda bevosita umumlashtiruvchi so‘zdan keyin emas, balki asosiy gapdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi: Lekinundanqimmatlinarsalarhambor: obru, vijdon, aql, madaniyat. (O‘.Umarbekov) Bu doston hali kuylanmadi. Dostonni uch odam bildi: Momoqiz, Nasim, o‘zi bildi.(T.Murod) To‘ylovchi ayollar sochqilar sochdi: yong‘oq, pista, mayiz...(T.Murod) Muxbir so‘ramish, kotib aytmish o‘sha bandayi mo‘minlar ko‘z o‘ngidan bir-bir o‘tdi: Xolliyev, Saidov, To‘rayeva...(T.Murod)
Gapda umumlashtiruvchi so‘z bo‘lmagan hollarda ham asosiy gapdan keyin uyushiq bo‘laklarni ta’kidlash uchun ikki nuqta qo‘yiladi: Mana shu qizil “Jiguli”damiz: xotinim, o‘g‘lim, qizim. (Sh.Xolmirzayev) Manavi barmoqlarim bilan sanab aytaman: ovozlarning ichida cholnikiyam bor - bir! Yoshnikiyam bor - ikki! Momonikiyam bor - uch! Qiznikiyam bor - to‘rt! Chaqaloqnikiyam bor -besh! (T.Murod)
4.Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda keyingi qism oldingi qismdagi olmosh (yoki olmoshga vazifadosh so‘z, gap, odat, narsa, tomon, fikr kabi mazmuni tavsiflanishi lozim bo‘lgan so‘zlar) bilan ifodalangan yoki ifodalanmagan eganing mazmunini izohlab, aniqlab kelsa, oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi: Yarq etib yorishgan xayolimga yana shular keldi: insonda bu narsalarning hammasi - musiqa, tarona, munojot, qo‘shiq qaerdan, ularning odam bolasiga qanday zaruriyati bor va bo‘ladi? (Ch.Aytmatov) Militsiyaga bir narsa qorong‘i edi: u tasodifan tushib ketganmi yo o‘zini tashlaganmi?! (O‘.Umarbekov) Pishmagan yong‘oqning bitta yaxshi tomoni bor: og‘ir bo‘ladi. (O‘.Hoshimov). O‘shanda uning xayoliga yomon fikr keldi: mashina xotinini yoki o‘zini bosib ketganda nima bo‘lardi? (O‘.Umarbekov).
5.Bog‘lovchisiz qo‘shma gapda keyingi qism oldingi qismdagi olmosh (yoki olmoshga vazifadosh so‘z) bilan ifodalangan kesimning mazmunini izohlab, aniqlab kelsa, oldingi qismdan keyin ikki nuqta qo‘yiladi: Mening senga javobim shu: birinchidan, haqiqat haqi aytilgan so‘zdan qaytish yo‘q, zero, Sen o‘zing shuni istayapsan. Ikkinchidan - qilmagan ishingning jurmini gardanga olmoq joiz emas va qorakuya kabi bo‘htonlardan ko‘krakka urmoq bilan qutulib bo‘lmas. (Ch.Aytmatov) Va’zxonning vazifasi ham shu: chin dildan samimiy so‘z yuritish, hech qanday xavf-xatarga qaramay so‘z bilan fidokorlarcha tushuntirish. (Ch.Aytmatov) ...Uning maqsadi bitta: sayg‘oqlarni pistirma yotgan tomonga haydab borish, ana o‘sha yerda u o‘g‘lonlariga ov qanday bo‘lishini ko‘rsatadi. (Ch.Aytmatov) Erkak kishi o‘zi shunaqa: bir kun uyda bo‘lsa, o‘n kun ko‘chada. (O‘.Umarbekov).
XULOSA
So‘zimiz yakunida shuni aytishimiz mumkinki, o‘zbek tili so‘z boyligiga ega, uning turli ma’no qirralari, juda ko‘p imkoniyatlari mavjud. Barcha imkoniyatlar esa nutq jarayonida voqelashadi. O‘zbek tilidagi birliklarning nutq jarayonida hosil qiladigan ma’nolari, ularning qo‘llanilishidagi umumiylik va chegaralanganlik, adabiy asarlardagi ishtiroki kabi qator masalalar funksional stilistika, xususan uning alohida ko‘rinishi — badiiy adabiyot tili muammolari bilan har qachongidan ham jiddiy shug‘ullanishni taqozo qiladi.
Til faktlari tahlili ularning uslublararo taqsimlanishining birqadar shartli ekanligini ko‘rsatadi. Ana shu shartlilik tufayli bu uslublarning umumiy va xususiy tomonlarini ham aniqlash mumkin bo‘ladi. Tilning grammatik qurilishi va umumiste’moldagi so‘zlar barcha uslublar uchun umumiy bo‘lsa, ular xizmat qilayotgan ijtimoiy sohalarning talablariga muvofiq keladigan til birliklaridan tanlab foydalanish va buning oqibatida paydo bo‘lgan chegaralanish farq qiluvchi tomonlardir.
O‘zbek tili badiiy uslubiga ham ana shu shart-sharoitlardan kelib chiqib yondoshishdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, uning paydo bo‘lishi uzoq, adabiy-tarixiy davrni o‘z ichiga oladi va ildizlari xalq og‘zaki ijodi hamda XI—XII asrlarda yaratilgan adabiy-badiiy asarlarga borib taqaladi. «Qutadg‘u bilig», «Hibbat ul-haqoyiq», «Guliston bit-turki», «Xusravu Shirin» asarlarining leksikasi badiiylikka xizmat qiluvchi birliklar tilimizda o‘sha davrlardan boshlab guruhlana boshlaganligini ko‘rsatadi.
Badiiy uslubning alohida lisoniy alomatlarga ega ekanligi badiiy adabiyot tili doirasida boshqa «noadabiy» uslublarga xos til elementlarining ishtirok etishiga qarshilik ko‘rsatmaydi. Adabiy til normasiga muvofiq kelmaydigan elementlarning badiiy matnda ishlatilishi ham asar muallifi tomonidan ongli ravishda «buzilishi» deb qaraladi. Ularning ishtiroki tasodifiy emas, balki ko‘pchilik holatlarda hayotiy bir hol sifatida qabul qilinadi.
Ko‘p uslublilik badiiy adabiyot tilida funksional uslublar ishtiroki va ularning badiiy-estetik vazifaga xizmat qilishidan kelib chiqadigan xarakterli xususiyat sanaladi. Turli uslublarga xos bo‘lgan vositalarning ishtirok etishi badiiy matnning ichki mohiyatiga mos keladi. Bu o‘rinda matn til birliklaridagi nozik ma’nolarning ham reallashuvida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Garchi badiiy nutqda tildagi barcha funksional uslublarga xos elementlar turli nolisoniy sabablarga ko‘ra ishtirok etsa-da, ular bilan badiiy uslub o‘rtasiga tenglik alomatini qo‘yib bo‘lmaydi. Aniqlik, ta’sir-chanlik va mantiqiylik kabi nutqiy talablar har bir funksional uslubda, jumladan badiiy uslubda ham o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Badiiy uslub ifodadagi obrazlilik nuqtayi nazaridan publitsistikaning badiiy adabiyotga yaqin janrlarida yozilgan asarlar uslubigagina muvofiq kelishi mumkin. Personaj nutqining strukturasi esa uni so‘zlashuv uslubiga ham yaqinlashtiradi. Har ikki holatda ham markaziy figura inson va uning faoliyati ekanligi bu yaqinlikka sabab bo‘ladi.
Badiiy uslubning keng qamrovliligi alohida olingan adabiy asar, ma’lum shoir yoki yozuvchi, adabiy oqimlar hamda maktablar uslubidagi lingvistik alomatlarni ham o‘zida mujassam etishni taqozo qiladi.
Badiiy uslubning xarakterli belgilari unda morfologik, sintaktik, leksik, frazeologik birliklarning ishtirok etishida ko‘rinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |