Mavzuning o‘rganilish darajasi. Til elementlarining badiiy adabiyotda amalda bo‘lish qonuniyatlarini, ularning tanlanish imkoniyatlari va struktural o‘zgarishlarini ko‘rsatib berish, binobarin badiiy uslubning lingvistik alomatlarini birma-bir tahlil qilish orqali uning o‘zbek tilida alohida uslub ekanligini ham nazariy, ham amaliy jihatdan isbotlab berish ishning asosiy maqsadi sanaladi.
Bu ishlarni amalga oshirish bilan bir qatorda, tadqiqot davomida o‘zbek tili stilistikasi, uning funksional uslublar to‘g‘risidagi ayrim o‘z yechimini topishi kerak bo‘lgan masalalariga ham o‘rni bilan munosabat bildirishga to‘g‘ri keldi.
Tadqiqot davomida, eng avvalo, rus va chex tilshunosligida hamda turkologiyada, xususan, o‘zbek tilshunosligida badiiy uslub masalalarini yoritishga bag‘ishlangan ilmiy kuzatishlarga tayaniladi. Bunda V.V.Vinogradov. L.V.SHerba, A.I.Yefimov, R.A.Budagov, G.O.Vinokur, T.G. Vinokur, M.N.Kojina, B.Gavranik, V.Matezius, L.Dolejel, N.A.Baskakov, A.N.Kononov, M.Balaqayev, E.Demirchizoda, X.R. Kurbatov, A.G‘ulomov, Sh.Shoabdurahmonov, A.Hojiyev, R.Qo‘ng‘urov. M.Mukarramov, X.Doniyorov. A. Shomaqsudov, I.Qo‘chqortoyev, G‘.Abdurahmonov, E.Begmatov, B.Bafoyev kabi tilshunos olimlar badiiy uslubning lingvistik xususiyatlarini o‘rganishda o‘z hissalarini qo‘shishgan. Ularning qarashlariga suyangan holda ish olib borildi.
Kurs ishining maqsad va vazifalari. Badiiy adabiyotdagi til birliklarini semantik-stilistik usul asosida kuzatish davomida ularning emotsional, ekspressiv ma’nolariga va hatto, baholash tomonlariga ham alohida e’tibor berildi. Adabiy asar tilida foydalangan barcha lisoniy birliklar – morfologik, sintaktik, leksik, eng avvalo, ular bajarayotgan badiiy-estetik pozitsiyadan turib tahlil qilindi va bunda badiiy uslub alomatlari mumkin qadar boshqa funksional uslublarga qiyoslab borildi.
Ushbu tadqiqot o‘zbek tili stilistikasi, uning funksional uslublari, xususan badiiy uslubning o‘ziga xos jihatlari to‘g‘risidagi qarashlarni ma’lum darajada sistemalashtiradi, badiiy tilning uslubiy imkoniyatlari to‘g‘risidagi tasavvurimizni yanada boyitadi degan umiddamiz. Ammo kuzatishlar mantiqi bu vazifa nihoyatda keng va murakkab bo‘lib, uni amalga oshirish uchun katta ko‘lamdagi tadqiqotlar olib borish lozimligini, buning uchun esa qator dissertatsion ishlar, monografik kuzatishlar yuzaga kelishi kerakligini ko‘rsatib turibdi.
Shundan kelib chiqib, ishda badiiy uslubning ba’zi tomonlari umumiy tarzdagina yoritildi, xolos. Buning esa o‘z navbatida unga xos bo‘lgan ma’lum jihatlarning e’tibordan chetda qolishi va ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi tabiiydir.
Do'stlaringiz bilan baham: |