Nikohning diniy jihatlari
Ma’lumki, oila va nikoh masalalari xalqimizning milliy qadriyatlari ko‘p asrlardan beri Islom qadriyatlari bilan chambarchas bog‘lanib, bir-biriga singib ketgan. Islom oilaning pokligi, jipsligi, osoyishtaligiga e’tibor bilan qarab kelgan. U oilaning bosh muammosi sanalmish nikohni inson munosabatlari ichida eng muqaddasi deb hisoblaydi. Shunday ekan, ota-bobolarimiz ulug‘lagan odamiylik, ma’rifat, poklik dini bo‘lgan islomning jamiyatni ruhiy-ahloqiy jihatdan sog‘lomlashtirish borasidagi ta’limoti, xususan, uning uzviy qismlaridan bo‘lgan oila tarbiyasiga oid qarashlarini chuqur o‘zlashtirish, o‘z kelajagini qurishga bel bog‘lagan har bir kishiga har tomonlama kamolga yetgan avlodni vujudga keltirishga yordam beradi. Islom shariati qoidalarida ayol kishi avvalo ayolligini – ibo-hayosini, nazokatini, odobu hulqini, o‘z salomatligini asrash zarurligi, u birinchi navbatda ona ekanligi, ya’ni, hayot manbai hisoblanishi uqtiriladi, jumladan, Niso surasida ayol beqiyos ulug‘langan. Qur’on va hadislarga tayangan holda shariat qonunlari oila va jamiyat, mol-mulkka egalik, jinoyat huquqi, xazina-soliq va moliyaviy tartib va hokazolarni boshqaradi. Shariat so‘zi aslida arabchadan olingan bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi to‘g‘ri yo‘l, ilohiy yo‘l, qonunchilik, demakdir. Shariat xukmlarini bilib olish, har bir mo‘min musulmon uchun farz hisoblanadi1. Shariat musulmonlarning huquqiy hayotidan tashqari ularning ahloqiy va diniy marosim talablarining majmuini ham o‘z ichiga oladi. Shariat jazoga nisbatan o‘z yo‘l-yo‘riq dasturlarining butun qahru g‘azabini, axloqi buzuqlarni va gunoh hisoblanadigan hatti-harakatlarni keskin bartaraf etishga qaratgan. Shariat zo‘ravonlik, zino va o‘g‘rilikka qarshi shafqatsiz jazo berish choralarini ham belgilaydi. Misol uchun, Shariat qonun-qoidasiga ko‘ra zino qilishda ayblangan ayol toshbo‘ron qilingan yoki sochidan otning dumiga bog‘lanib sahroga haydab yuborilgan. Nikoh – oila huquqiy munosabatlari Qur’oni Karim hamda shariat va odat qoidalari bilan tartibga solingan. Odat huquqida turli tushunchalar, masalan “Baranta”, ya’ni kelinning ota-onasiga tegishli bo‘lgan chorva mollarini zo‘ravonlik bilan haydab ketishdir. “Alengerlik” odat huquqiga asosan, bu beva qolgan ayol erining akaukalaridan biriga yoki uning qarindoshiga erga tegish majburiyatidir. Bevalik boshlangandan bir yil o‘tgach, mazkur bevaga uylanish huquqiga ega bo‘lgan nomzod o‘z huquqidan foydalanishga kirishish mumkin bo‘lgan. Alengerlik odatini bajarishdan bosh tortgan beva bolalaridan, chorvalaridan, mol-mulkidan mahrum etilib, shundan keyingina u o‘z xohishi bilan erga tegishi mumkin bo‘lgan. Bu qoidalar o‘troq aholi o‘rtasida keng tarqalgan. Musulmon huquqinig hamma sohalari shu bilan birga nikoh, qon-qarindoshlik, taloq masalalarini qamrab olgan manbalardan biri “Hidoya”dir1. Ushbu asarda islomning qator masalalari bilan huquqiy va axloqiy me’yorlari, nikoh va oila masalalari bilan bog‘liq bo‘lgan qoidalar hamda jinoyat va jazoga oid tadbiq etish lozim bo‘ladigan choralar yoritilgan. Fuqarolik, nikoh va oila va boshka nizoli ishlarni ko‘rib hal qilishda “Hidoya”dan unumli foydalanishgan. Shariat izohlar to‘plami “Muxtasar ul- Voqea” (Muxtasarning sharxi) ham katta e’tiborga ega bo‘lgan. Bu asar Movarounnaxrning turkiy-o‘zbek tilida so‘zlashuvchi xalqlari o‘rtasida o‘zining obro‘si va ahamiyati bilan xizmat qilib kelmoqda. Endilikda bu asar birinchi marotaba o‘zbek tiliga tarjima etildi. Mazkur diniy manbalarda ham oilaning nechog‘lik muqaddas ekanligi, erkak va ayollarning oila oldidagi burch va mas’uliyatlari, ota-onaning bola va o‘z navbatida farzandning ota-onasi oldidagi vazifalari, erning xotiniga hurmat va e’zozi muqaddas qadriyatlar sifatida qaralganligini ko‘rish mumkin. Oila madaniyatini chuqur va har tomonlama tahlil etgan olimlardan yana biri Abdurauf Fitratdir. Fitrat o‘zining “Oila” nomli asarida oilaning mohiyati va ahamiyati masalalarini chuqur tahlil etishga harakat qilgan. U ayniqsa islom dinining oila va ko‘pxotinlik haqidagi aqidalarni ijtimoiy va tabiiy asoslarni ochib berishga harakat qilgan. Tarbiya xususida islom ta’limotida bayon etilgan asosiy qoidalar huquqiy me’yorlarning ahamiyatini butun dunyo allaqachon e’tirof etgan. Hadislarda kishining uchta qizi bo‘lsa, tarbiyasini yaxshi qilsin, Alloh taolo uni qiyomat kunida jannatga kiritadi, degan purma’no fikrlar bor. Islom dinida oilaning muqaddas ekanligi, erkak va ayollarning oila oldidagi burch va mas’uliyatlari, ota-onaning bola va o‘z navbatida farzandning ota-onasi oldidagi vazifalari, erning xotiniga hurmat va e’zozi muqaddas qadriyat darajasiga ko‘tarilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |