1.2. Fizika o‘qitish metodikasining vazifalari va maqsadi
O‘quv-tarbiyaviy jarayonni tahlil qilish natijasida fizika o‘qitish metodikasining asosiy vazifalari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
o‘quv muassasalarida fizika o‘qitishning maqsadlarini asoslash, tarbiyaviy ahamiyatini ko‘rsatib berish;
fizika kursi mazmuni va tuzilishini aniqlash hamda uni takomillashtirib borish;
o‘qitishning eng samarali metodlari va usullarini ishlab chiqish, tekshirish va amaliyotda qo‘llash, o‘quvchilarni tarbiyalash va rivojlantirish hamda fizikadan o‘quv jihozlari va qurollarini qo‘llash.
Boshqacha qilib aytganda, fizika o‘qitish metodikasi nima uchun o‘qitish, nimani o‘qitish va qanday o‘qitish kerak, degan masalalarni hal etishidan iboratdir.
Fizika o‘qitishning asosiy vazifasi bu fizika o‘qitish nazariyasini takomillashtirish, o‘qitish jarayonining hamda fizikani o‘zlashtirishning eng muhim qonuniyatlarini o‘rganish, fizika o‘qitish jarayonida maktab, litsey va kollej o‘quvchilarini tarbiyalash va rivojlantirishdir.
Fizika o‘qitish metodikasi fani boshqa fanlar metodikalari singari ham barcha o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni to‘liq hal etib bo‘lgan deb ayta olmaymiz, bu borada izlanishlar davom etmoqda va davr talablaridan, jamiyat rivojlanishining tendensiyasidan kelib chiqqan holda fizika o‘qitish jarayoniga ham yangi pedagogik va axborot texnologiyalari kirib kelmoqda va bu jarayon uzluksiz davom etadi.
Boshqa fanlar kabi fizikani o‘qitish ham umumiy didaktik maqsadlarni, ya’ni o‘quvchilarning bilim, tarbiya olishlarini va rivojlanishlarini ko‘zlaydi. Bu maqsadlar orasida mazmuni bo‘yicha ham, amalga oshirish metodlari bo‘yicha ham hech qanday aniq chegara bo‘lishi mumkin emas. O‘qitish jarayonida o‘quvchilar nazariy bilim, amaliy ko‘nikma va malaka oladilar va shu bilan birga ularni tarbiyalash va rivojlantirish jarayonlari ham kiradi.
Fizika o‘qitishning bilim berish maqsadlarini quyidagicha ifodalash mumkin.
Fizika fanining asoslari-asosiy tushunchalari, qonunlari va nazariyalari bilan o‘quvchilar ongida bizni o‘rab olgan olamning tabiiy-ilmiy manzarasini to‘g‘ri shakllantirish, tabiiy-ilmiy tekshirish metodlarining asoslarini egallash.
Politexnik ta’lim, amaliy ko‘nikma va malakalarni shakllantirish, ijtimoiy foydali mehnatga tayyorlash.
O‘qitish maqsadlaridan kelib chiqib u yoki bu masalani ahamiyatiga ko‘ra uni asosiy dasturga kiritish yoki fakultativ kursga qoldirish aniqlab olinadi. Asosiy dasturga kiritilgan bo‘lsa, u masalani qay darajada o‘rganish kerakligi belgilab olinishi va shunga mos ravishda rejalashtirishi kerak.
Fizika kursining mazmuni, hajmi, tuzilishi o‘qitishning maqsadlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi. uning ilmiy darajasi fizika fanining hozirgi zamon taraqqiyot darajasiga mos kelishi va shu bilan birga bu kurs xajmi va bayon etilishining chuqurligi jihatdan sodda va tushunarli bo‘lishi kerak.
Respublikamiz mustaqillikka erishgach barcha sohalardagi kabi ta’lim sohasida ham tub islohotlarni amalga oshirish masalasi qo‘yildi. Bu borada amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar “kadrlar tayyorlash milliy dasturi” va “ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda to‘liq o‘z ifodasini topdi.
Ta’lim tizimida o‘quv-tarbiya jarayonini takomillashtirish yuqoridagi xujjatlarga asosalanadi. Ta’lim tizimini isloh qilish, takomillashtirish fanning metodologiyasi asosida hal etiladi.
Fizika o‘qitish metodikasining metodologiyasi-darsning tuzilishi shakllari va tashkil etish usullari, fizika o‘qitish nazariyasining rivojlanish qonunlari va uning natijalarini o‘quv jarayoniga tatbiq etish tamoyillari haqidagi ta’limot bo‘lib, uning o‘zining maxsus tadqiqot metodlari mavjud. Tadqiqot metodlariga quyidagilar kiradi:
Do'stlaringiz bilan baham: |