I.3. Ibrat – lirik shoir.
Ibrat - iste`dodli shoir. U uch - o`zbek, fors va arab tillarida erkin ijod qilgan. O`z she`rlarini to`plab, devon tuzgan. Zamondoshi shoir Muhsiniy uning etuk shoirligini “Sohibi devon” deb ta`riflaydi. Ammo Ishoqxon Ibratning devoni bizgacha etib kelmagan. Shunga qaramay, shoirning katta hajmdagi she`rlari XX asr boshlarida matbot sahifalarida bosilib chiqqan. O’sha davrlarda yaratilgan bayozlarga kiritilgan. Ibrat o`z she`rlarining kichik qismini 1909 yili o`z matbaasida “Ilmi Ibrat” nomi bilan bosmadan chiqargan. Bulardan tashqari, shoirning katta o`g’li Abbosxon tomonidan 1910 yilda bayoz tuzilgan va otasining 17 she`rini kiritgan.
Shoirning asl nomi Ishoqxon, otasining ismi Junaydullaxo’ja bo’lgan. “Ibrat” esa uning adabiy taxallusi bo’lib, bu haqda o’zi quyidagilarni yozib qoldirgan:
Ishoqxon taxallusimdur, ahfodi Hazrati Sulton,
Shuhratda – Hoji to’ra, ma’vosi – To’raqo’rg’on (18,7).
U yoshlik yillaridanoq Alisher Navoiy asarlarini chuqur o`rganadi, uning g’azallariga naziralar bog’laydi. Ayniqsa, Navoiyning mashhur “Bo`lubtur” radifli g’azaliga yozgan nazirasi e`tiborga loyiq:
Ishqning dilu jona jo bo`lubtur,
Jonu dil anga fido bo`lubtur.
San aylamasang agar davsi,
Dardim mani bedavo bo`lubtur.
Shoir Navoiy g’azalining radif, qofiya, vazn va baytlar miqdorini saqlagan holda nazira yozgan.
Ishoqxon to`ra ijtimoiy –siyosiy mavzuda xalq hayotini haqqoniy ifodalovchi bir qancha asarlar yaratdi. Shoirning “Qalaysizlar?”, “Bo`lubtur”, “O`lursan”, “Shikoyat”, “Siymu zardur” kabi satirik asarlari shular jumlasidandir.
Markaziy Osiyoning bosib olinishi natijdasida o`lka Rusiya to`qimachildik sanoatini paxta bilan ta`minlaydigan asosiy xom-ashyo bazasiga aylandi. Shoir Ibratning “Qarz” radifli musaddasiga chuqurroq e`tibor berilsa, shoirning she`rdagi zaharxandasi ostida achchiq haqiqat yotganini payqash qiyin emas. Chorakor dehqon yil boshida bo`lajak paxta hosili ustidan qarz oladi. Hosil kutilganidan kam bo`lgani tufayli qarzga botadi, uy-joyi “xatga” tushadi va bir parcha eridan ham ajraladi.
Rusiya hukumati mustamlaka o`lka xalqlari ma`naviyatini, diniy e`tiqodini buzish uchun fohisha ayollarining oqib kelishiga katta imkoniyatlar yaratgan edi.Ishoqxon to`ra “Bo`lubtur” radifli hajviyasida mana shunday hayotiy lavhalarni berar ekan. Unga o`zining nafratini ifodalash bilan cheklanmaydi, balki bunday hayotni vujudga keltirgan sabab sifatida Markaziy Osiyoning, jumladan, Qo`qon xonligining bosib olinishini ko`rsatadi:
Alhol muhtasib yo`q, bir-ikki qilsa ul do`q,
Ichkugsha xalq rog’ib, doim fiyon bo`lubtur.
Mahbubul naqshxonlar, ko`zi qaro juvonlar
Gastinsalarda yurub, sarfi ziyon bo`lubtur.
Ishoqxon Ibrat ijodidagi etakchi g’oya ilm-ma`rifat, madaniyat va texnika yangiliklarini targ’ib qilish g’oyasidir. U xalqning iqtisodiy-madaniy hayotiga xizmat qiluvchi, uning mushkulini yengillashtiruvchi, uzog’ini yaqin qiluvchi ilm-fanni, texnikani targ’ib etdi. Shu nuqtai nazardan, uning “Tarixi chopxona”, “Madaniyat haqida masnaviy”, “Gazeta xususida”, “Turkiston ahlig’a xitob”, “Tabrik Namangondin”, “Qalam”, “Tarixi manzumai vagon Ibratdin yodgor”, “Muxammasi Ibrat” kabi she`rlari diqqatga sazovor. Shoir bu she`riyatida mehnatkashlar boshidagi og’ir hayot, qashshoqlik mamlakatni qoloqlikda, xalqning nodonlikda qolganining sabablarini aniqlashga, undan qutqarish yo`llarini topishga harakat qiladi.
1910 yili Qo`qon va Namangan shaharlarini bog’lovchi temir yo`l qurila boshlandi. Mazkur qurilishga Ishoqxon Ibrat o`z xalqi manfaatlari nuqtai nazaridan munosabatda bo`ldi va “Ta`rixi manzumai vagon Ibratdin yodgor” nomli katta muxammas bilan “Turkiston viloyatining gazeta”siga chiqdi. She`r 15 – band, 75 misradan iborat bo`lib, gazetada bosilgan variantida ikki bandi tushirib qoldirilgan. Ibratning dastxati bilan yozilgan varianti uning o`g’li Retibxon Ishoqov qo`lida saqlanadi. Shoir temir yo`lni – vagonni “jonu jahon”, “don”, “non”dan yuqori qo`yadi, uni “arzoqi insoniy vagon”, ya`ni inson rizqi ro`zi deb baholaydi. Shoir temir yo`l qurilishini ko`klarga ko`tarib maqtar ekan, Qo`qon va Namangan shaharlari orasi uncha uzoq bo`lmasa ham juda mashaqqatli yo`l ekanligini detallarda bayon qiladi.
Namangan ahlig’a bormoq edi Qo`qonga ko`p mehnat,
O`tursa sart aroba uzra mehnat ustig’a kulfat.
Bu daryoyu aroba mehnatidin aylabon uzlat,
Ajib bir foyizi arzoqi insoniy vagon keldi.
Ibrat o`z nazmiy ijodida an`anaviy usuldan bormadi, o`z fikru qarashlarini, orzu-umidlarini sodda va jo`n, lekin ta`sirli qilib ifoda etdi. Yaratilgan she`rlar o`zining mazmuni va ilgari surgan g’oyalariga ko`ra juda xalqchil, insonparvarona xarakterga ega:
Ko`b foydalar qo`yub necha do`konlar,
Qildi fuqaroni ko`b dilozor.
Etmay kuchi necha kambag’allar,
Yig’lar edi vaqti bemahallar.
Ibrat o`zining 1916 yilda yaratgan "Tarixi madaniyat" asarida keyingi 20 yil ichida 14 ta ilmiy-tarixiy, lingvistik asarlar va 30 yillik nazmiy ijodining majmui bo`lmish "Devoni Ibrat" she`rlar to`plamini yaratdi.
Madaniyat va ma`rifatni tarqatuvchi vositalardan biri gazeta ekanligiga Ibrat katta e`tibor va ishonch bilan qaraydi. Bir o`rinda shunday yozadi: "Gazetalar xo`b yaxshi ekan. Olamning xabarini hammaga bildirub turar ekan. Gazeta qaerda bo`lsa, ul elni madaniyatli qilar ekan. Gazetalarning roli va ahamiyati haqida Ibrat "Gazetadur jahon ahliga bir lison”, "Tabrik Namangandin", "Manzuma Ibratdin" kabi she`rlar yaratdi. Jumladan, shoir bunday yozadi:
Ko`rdim, Ibrat, jahon mashaqqatini,
Kutamiz emdi ani rohatini
Madaniyatni ko`rmay odamdin,
Ketmasak erdi ushbu olamdin…"
Ibrat ijodiyoti mavzu jihatidan yakrang emas. Uning:
Muyassar bo`lsa ul jonon, ato qilsa o`shal Subhon,
Yo`lida jon qilay qurbon, sahar vaqti chaman ichra
baytli g’azallari ishq mavzusiga yangicha ruh bag’ishlasa, "Qalaysizlar?", "Bo`lubtur", "O`lursan", "Shikoyat", "Siymu zardur" kabi ijtimoiy-siyosiy mavzudagi she`rlari o`zbek satirasini boyitdi.
U xalqning iqtisodiy-madaniy hayotiga xizmat qiluvchi, uning mushkulini yengillashtiruvchi, uzog’ini yaqin qiluvchi ilm-fanni, texnikani targ’ib etdi. Shu nuqtai nazardan, uning “Tarixi chopxona”, “Madaniyat haqida masnaviy”, “Gazeta xususida”, “Turkiston ahlig’a xitob”,“Tabrik Namangandin”, “Qalam”, “Tarixi manzumai vagon Ibratdin yodgor”, “Muxammasi Ibrat” kabi she`rlari diqqatga sazovor. Shoir bu she`riyatida mehnatkash xalq boshidagi og’ir hayot, qashshoqlik mamlakatning qoloqlikda, xalqning nodonlikda qolganining sabablarini aniqlashga, undan qutqarish yo`llarini topishga harakat qildi.
Xulosa qilib aytadigan bo`lsak, Ibrat o`z she’riyatida ilg`or ilm – fan, madaniyat yangiliklarini o`z xalqiga targ`ib qildi, chirkin urf – odatlarga qarshi kurashni qurolga aylantirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |