6-DARS. AТOM-MOLEKULYAR ТA’LIMOТ. AТOM VA MOLEKULALARNING MAVJUDLIGI. KIMYOVIY ELEMENТ, KIMYOVIY BELGI
Darsning maqsadi: O‘quvchilarga tabiatda sodir bo‘ladigan barcha hodisalar moddalar tarkibiga kiruvchi molekula va atomlarning o‘zgarishi natijasida vujudga kelishini tushuntirish bilan atom-molekulyar ta’limotni tabiatning asosiy qonunlaridan biri ekanligini isbotlab berish.
Dars quyidagi reja asosida tashkil etiladi:
Atom-molekulyar ta’limotning rivojlanish tarixi.
Atom-molekulyar ta’limotning asosiy holatlari.
Atom va molekulalarning realligi.
Kimyoviy element.
Kimyoviy element belgilari.
Dastavval, qadimgi grek faylasuflari atrofdagi borliq juda mayda bo‘linmas zarralar — atomlardan (grekcha atomos — bo‘linmas) tashkil topgan degan g‘oyani ilgari surganlar, lekin tajribaviy yo‘l bilan buni isbotlash imkoniga ega bo‘lmaganlar.
Ulug‘ ajdodlarimiz Jobir ibn Хayyon (Gaber), Ahmad al-Farg‘oniy (Alfraganus), Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo ar-Roziy (Razes), Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino (Avisenna) kabi mutafakkirlar o‘z dunyoqarashidan aks etgan bir qator buyuk asarlarda atrofdagi olamning murakkab tuzilgani, jismlar, atrofning uzluksiz o‘zgarishi, ko‘p voqea-hodisalar sababchisi mayda, ko‘zga ko‘rinmas unsurlar deb e’tirof etishgan, ularning tabiatini izohlab berishga harakat qilingan.
O‘rta asrlarga kelib, ushbu yo‘nalishdagi qarashlar asta-sekin Yevropa mamlakatlarida ham rivojlana boshladi.
Hozirgi vaqtda atom-molekulyar ta’limotning asosiy holatlari quyidagicha izohlanadi:
Moddalar ularning kimyoviy xossalarini o‘zida saqlovchi eng kichik zarralar bo‘lgan molekulalardan tashkil topadi;
Molekulalar atomlardan tashkil topadi;
Atomlar murakkab tuzilishga ega bo‘lib, elektron, proton, neytron va boshqa mikrozarralardan tashkil topgan;
Molekula va atomlar doimiy harakatda bo‘ladi;
Atom-molekulyar ta’limot — tabiiy fanlarning asosiy nazariyalaridan biri bo‘lib, u olamning moddiy birligini tasdiqlaydi.
Molekulalar orasida tortishish va itarilish kuchlari mavjud. Molekulalar massa, o‘lcham, kimyoviy xossalarga ega. Bir moddaning molekulalari bir xil, turli moddalarning molekulalari turlicha bo‘lib, turli xil molekulalar tarkibi, massasi, o‘lchami, xossalari bilan bir-biridan farq qiladi.
Broun harakati, diffuziya (hidning havoda tarqalishi), qandning suvda erishi va boshqa shunga o‘xshash hodisalar molekulalar mavjudligi hamda doimo harakatda ekanligini ko‘rsatadi.
Molekula — moddaning kimyoviy xossalarini namoyon qiluvchi eng kichik bo‘lagidir
Molekula — o‘zaro bog‘langan atomlar guruhidan iborat zarrachadir
Kimyoviy reaksiyalarda molekulalar atomlarga parchalanadi yoki atomlardan iborat tarkibini o‘zgartiradi.
Atomlar esa kimyoviy reaksiyalarda deyarli o‘zgarishsiz qoladi.
Atomlardan molekulalar hosil bo‘ladi.
Atommolekulamodda — materiya harakati turlaridir.
Kimyoviy reaksiya (o‘zgarish) — atomlar harakatining o‘ziga xos turidir. Bu materiya harakatining kimyoviy shaklidir.
Тabiatda turlicha massa, o‘lcham va xossalarga ega bo‘lgan atomlar mavjud.
Atomlarning muayyan turi — kimyoviy elementdir.
Hozirgi kunda atomlarning 109 ta turi — 109 ta element mavjud va jonli hamda jonsiz tabiat asosan shu kimyoviy elementlardan tashkil topgan.
Har bir kimyoviy element o‘z nomi va kimyoviy belgisiga ega.
Kimyoviy belgi — elementning lotincha nomining bitta yoki ikkita harfidan tashkil topadi.
Demak, kimyoviy belgi elementni va shu elementning bitta atomini bildiradi.
O‘quvchilarga darslik muqovasidagi jadvalda berilgan kimyoviy elementlarning belgilarini yod olish tavsiya etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |