1 40-rasm. Buqoq bezi.
1 – kapsula; 2- bo’lakchalararo trabekulalar;
3 – qon tomir; 4 – bo’lakchalar; 5 – po’stloq; 6 – mag’iz modda; 7 – ayrisimon bezning ta-nachasi (Gassal tanachasi); 8 – limfotsitlar;
9 – stromaning epiteliy hujayralari; 10 – kon-tsentrik joylashgan epiteliy hujayralari; 11- de-generatsiyaga uchragan epiteliy hujayralari
(I.E.Almazov; L.S.Sutulovlardan).
Retikuloepitelial hujayralarning timotsitlar bilan zich aloqada bo’lishi ular ishlab chiqaradigan gormonlarning shakllanuvchi T-limfotsitlarga bevosita ta’sir etishini ta’minlaydi. Shu tufayli po’stloq zonaning retikuloepitelial hujayralariga differensiallashuvchi T-limfotsitlar yoki timotsitlar uchun maxsus «enaga hujayralar» deb qaraladi. Retikuloepitelial hujayralar po’stloq zonada o’ziga xos tuzilishga ega. Ularning sitoplazmasida ko’p miqdorda har xil kattalikka ega bo’lgan oqishroq secretor pufakchalar joylashgan. Pufakchalar o’zida timusning asosiy gormonlari bo’lgan timozin, timopoetin, timulinlarni saqlovchi secretor tuzilmalardir. Bu gormonlar hujayradan tashqariga chiqib, timotsitlarning yetuk T-limfotsitlarga differensiallanishiga bevosita ta’sir ko’rsatishi mumkin. Retikuloepitelial hujayralarning sitoplazmasida yaxshi rivojlangan Goldji kompleksi, donador endoplazmatik to’r va mitoxondriyalarning bo’lishi ularning aktiv sintez qilish qobiliyatiga egaligini ko’rsatadi.
Hozirgi vaqtda T-limfotsitlarning takomili po’stloq va magiz zonalarda bir-biriga bog’liq bo’lmagan holda alohida kechadi, degan fikr ko’proq tasdiqlanmoqda. Po’stloq zonada shakl-langan T-limfotsitlar mag’iz zonaga o’tmasdan, chegara yoki kortikomedullyar zonada postkapillyar venulalar orqali qonga tushadi. Qon orqali ular periferik immun-himoya organlariga kelib, maxsus timusga tobe T-zonalarda joylashadi. Bu zonalarda ularning takomili oxirigacha yetadi va natijada T-limfotsitlarning har xil turlari hosil bo’ladi. Shuni aytish kerakki, po’stloq zonadagi barcha timotsitlar ham yetuk T-limfotsitlargacha shakllana olmaydi. T-limfotsitlarning differensiallanishi davomida ularning orasida organizmning xususiy hujayralari va to’qimalariga qarshi retseptorlar tutuvchi T-limfotsitlar ham paydo bo’lishi mumkin. Bu xildagi «noshud» timotsitlar po’stloq zonaning o’zidayoq nobud bo’ladi va makrofaglar tomonidan fagotsitoz qilinadi. Timus faoliyati buzilganda esa organizmning xususiy to’qimalariga va hujayralariga salbiy ta’sir ko`rsatuvchi T-limfotsitlar timusda nobud bo’lmay, qonga chiqishi mumkin. Bu hol turli autoimmun kasalliklarga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |